Prezidentimiz ishtirokidagi yigʻilish, uchrashuv, qabul, tashrif, taqdimot hamda boshqa tadbirlar mazmun-mohiyatini bir urinishda ochib berish, maqsadini toʻliq ifoda eta bilish oson ish emas.

Xalq manfaatiga xizmat qilayotgan loyihalar

Prezidentimiz 3-4-may kunlari Samarqandda boʻlib oʻtgan Osiyo taraq­qiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yigʻilishida ishtirok etdi. Forumning bosh mavzusi “Taraqqiyot chorrahalari: mintaqaning oʻzaro bogʻliq kelajagini ilgari surish” ekanini inobatga olsak, u global va mintaqaviy iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini muhokama qilish uchun muhim xalqaro platforma vazifasini oʻtadi, deyishga asoslar yetarli.

Ishtirokchilar birlamchi eʼtiborni “yashil” transformatsiya, energetik oʻtish, raqamlashtirish, investitsiyalarni jalb qilish, oziq-ovqat xavfsizligi, sanoatda yetkazib berish zanjirlarining barqarorligi kabi masalalarga qaratdi.

Sammitda 100 dan ortiq mamlakat delegatsiyalari, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki va boshqa institutlar rahbarlari va xorijiy hukumatlarning 2000 ga yaqin vakili, yetakchi kompaniya va banklar, transmilliy korporatsiyalar top-menejerlari hamda nufuzli ekspertlar ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Prezidenti Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi 59-yillik yigʻilishining ochilish marosimida nutq soʻzlab, bunday nufuzli anjumanning yurtimizda oʻtkazilayotgani Oʻzbekistonga gʻurur va iftixor bagʻishlashini taʼkidladi. Buyuk tarix va yorqin kelajakni oʻzida mujassam etgan yangi Oʻzbekiston xalqaro miqyosdagi dolzarb masalalar muhokama etiladigan yirik maskanga aylanib borayotganini qayd etdi.

Davlatimiz rahbari keng koʻlamli islohotlar natijalariga batafsil toʻxtalib, mamlakatimiz oxirgi oʻn yilda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda eng katta ijobiy oʻzgarish qilgan besh davlatdan biri boʻlganiga alohida toʻxtaldi. Soʻnggi yillarda iqtisodiyotimizga 150 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritilib, minglab zamonaviy korxonalar ishga tushirildi. Bu davrda tovar va xizmatlar eksporti 3 karra oʻsdi, milliy iqtisodiyot hajmi esa 50 mil­liarddan 147 milliard dollarga yetdi.

— Eng muhimi, islohotlarimizda har bir oila, har bir insonning kundalik hayotini yaxshilashga asosiy eʼtiborni qaratdik. Biz oʻtgan davrda 8,5 million ehtiyojmand aholi daromadini oshirib, kambagʻallik darajasini qariyb 35 foizdan bugungi kunda 5,8 foizga tushirishga erishdik, — dedi Prezidentimiz.

Mamlakatimiz yetakchisi nufuzli anjuman doirasida xorijiy delegatsiyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi. Jumladan, Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masato Kanda, Koreya Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Ku Yun Chxol, Yaponiya moliya vaziri Satsuki Katayama, “ACWA Power” kompaniyasi rahbari Muhammad Abunayyan boshchiligidagi delegatsiyalarni qabul qildi. Uchrashuvlarda sheriklik aloqalarini kengaytirish va qoʻshma lo­yihalarni jadallashtirish masalalari koʻrib chiqildi.

Eng katta kuch, eng katta boylik

Keling, oyning asosiy bayramlaridan biri 9-may — Xotira va qadrlash kuni mavzusini lirik chekinish bilan boshlasak. 1-may kuni Prezidentimiz “Buyuk Britaniya fuqarolari — marhum Jon va Fillis Emili Le Bretonlarni Oʻzbekiston Respublikasining “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlash toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi. Matni uncha katta boʻlmagan hujjatda, jumladan, bunday deyiladi:

“Ikkinchi jahon urushi davrida, gʻoyat tahlikali vaziyatda, oʻz hayotlarini jiddiy xavf-xatarga qoʻyib boʻlsa-da, Jersi orolidagi fashistlar konslageridan qochib chiqishga muvaffaq boʻlgan oʻzbekistonlik askar Boqijon Akramovga oʻz uylaridan joy berib, uning jonini asrab qolganlari hamda ulkan jasorat va insonparvarlik fazilatlarini namoyon etganlari, dunyo xalqlari oʻrtasida tinchlik, doʻstlik va birodarlik gʻoyalarini targʻib etishda alohida oʻrnak koʻrsatganlari uchun...”.

Ikkinchi jahon urushi yillarida bosh­langan ushbu voqea bugun Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik va insoniy qadriyatlar ramziga aylangan. U BBC va Britaniyaning boshqa yetakchi ommaviy axborot vositalarida ham keng yoritildi.

Oddiy oʻqituvchi Boqijon Akramov urushga safarbar etilgach, janglardan birida asir olingan va konslagerga joʻnatilgan. 1942-yil iyulda u 2000 asir bilan birga Jersi oroliga olib kelinib, yer osti tunnellar qurilishiga jalb etilgan. Uzoq davom etgan ochlik va ogʻir sinovlarga qaramay, asirlikdan qochishga muvaffaq boʻlgan.

Le Bretonlar oilasi esa qochqin askarga oʻz uyidan boshpana berib, uni deyarli uch yil fashistlardan yashirib kelgan. 1945-yil mayda Boqijon Akramov oʻz Vatani — Oʻzbekis­tonga qaytib kelgan. Ikkinchi jahon urushi davrida sodir boʻlgan ushbu voqea oradan 80 yildan ortiq vaqt oʻtgan boʻlsa-da, xalqlar oʻrtasidagi insoniylik va oʻzaro mehr timsoli sifatida qadrlanmoqda. Mamlakatimizning yuksak davlat mukofoti marhum oila­ning Jersi orolida istiqomat qilayotgan farzandlari — Dalsi va Alan Le Bretonlarga tantanali ravishda topshirildi.

* * *

Ikkinchi jahon urushining achchiq tarixi, u olib kelgan mislsiz kulfat va musibatlar insoniyat xotirasidan oʻchgani yoʻq. Aksincha, bu mudhish xotiralar bizga tinchlik va oso­yishtalik naqadar bebaho neʼmat ekanini doimo eslatib turadi.

Oʻzbekiston Prezidenti 8-may kuni poytaxtimizdagi Gʻalaba bogʻiga tashrif buyurib, sana munosabati bilan tashkil etilgan xotira marosimida ishtirok etdi. Davlatimiz rahbari bogʻdagi “Millat fidoyilari” xiyobonida ham boʻlib, mustaqillik yillarida mamlakatimiz himoyasi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchi va huquq-tartibot idoralari xodimlari xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

— Bir yil oldin mana shu hududda “Millat fidoyilari” majmuasini barpo etganimiz, albatta, bejiz emas. U Vatan himoyasi har bir avlodning muqaddas ishi ekani, vatanparvarlik anʼanalari davomiyligini eslatib turadi, — dedi Prezidentimiz.

Shu kuni Prezidentimiz Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini ziyorat qilib, bayram bilan tabrikladi. Qurolli Kuchlar Bosh harbiy klinik gospitalida Akmal ota Akramov, Vera Juravskaya, Hasanboy ota Xalmatov va Vladimir Alekseykov bilan dildan suhbatlashdi. Nuroniylarning hol-ahvoli va salomatligi bilan qiziqdi. Ularning mashaqqatli hayot yoʻli hamda koʻrsatgan jasoratlarini alohida eʼtirof etdi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari Oʻzbekiston xalqiga bayram tabrigi yoʻlladi. Unda yangi Oʻzbekistonda inson qadrini ulugʻlash, xususan, urush va mehnat faxriylari, keksa avlod vakillarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning sogʻlom va mazmunli hayot kechirishi uchun zarur sharoit yaratishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilishi belgilandi.

Oʻzbekiston yetakchisi 9-may kuni Moskva shahrida Ikkinchi jahon urushidagi gʻalabaning 81 yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etdi.

Savdo, iqtisodiyot, investitsiya va ekologiya

Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan mamlakatimiz yetakchisi 15-may kuni amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda boʻldi. Turkiston shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining “Sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanish” mavzusidagi norasmiy sammitida ishtirok etdi. Yigʻilishda savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport-kommunikatsiya va ekologiya sohalarida mintaqaviy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Prezidentimiz sammitdagi nutqida koʻp qirrali munosabatlarga tizimli tus berish boʻyicha oldinda dolzarb vazifalar turganini qayd etdi. Qolaversa, sammitning sunʼiy intellekt va raqamli rivojlanish mavzusiga bagʻishlangani ham bejiz emas.

— Oʻlkalarimizda yashab ijod qilgan ulugʻ bobolarimiz — Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulugʻbek algoritm, matematika, astronomiya va fizika fanlari ravnaqiga beqiyos hissa qoʻshib, shu tariqa hozirgi sunʼiy intellekt rivoji uchun asos yaratganlar. Biz ajdodlarimizning ana shunday bebaho merosiga tayanib, bugun Turkiy dunyoning yangi raqamli taraqqiyot davrini barpo etyapmiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz ushbu yoʻnalishda hamkorlikni rivojlantirish uchun qator aniq tashabbuslarni ilgari surdi. Tadbir yakunida Turkiston deklaratsiyasi qabul qilindi.

Amaliy tashrif doirasida mamlakatimiz yetakchisi Qozogʻiston rahbari bilan birga Turkiston shahridagi yangi masjid bilan tanishdi. Oʻzbekiston tomonidan ­bunyod etilgan majmuaning umumiy maydoni 7 gektardan ziyod. Unda 5000 dan ortiq kishi namoz oʻqishi mumkin. Muhtasham ansambl toʻrtta 70 metrli minora hamda asosiy zal va anʼanaviy ayvonlarni qamrab olgan uch qavatli bosh binodan iborat.

Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammiti doirasida davlatimiz rahbari Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir ­Japarov va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan bilan uchrashuv oʻtkazdi. Samimiy muloqotlar davomida oliy darajada erishilgan muhim kelishuvlar ijrosi yuzasidan faol muloqot va almashinuvlar davom etayotgani, vazirlik va idoralar oʻrtasida yangicha tizim yaratilgani natijasida koʻp qirrali hamkorlik aloqalari samarali rivojlanayotgani qayd etildi.

* * *

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston Prezidenti Qosim-­Jomart Toqayevning taklifiga binoan 29-may kuni ushbu mamlakatga ikkinchi bor tashrif buyurdi. Mamlakatimiz yetakchisi Ostona shahrida Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yigʻilishi tadbirlarida kuzatuvchi davlat rahbari maqomida ishtirok etdi va nutq soʻzladi.

Prezidentimiz nutqining avvalida YEOII mamlakatlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni izchil ravishda kengaytirish va chuqurlashtirish mamlakatimiz tashqi iqtisodiy siyosatining eng muhim yoʻnalishlaridan biri boʻlib qolayotganini taʼkidladi. YEOII davlatlari bilan oʻzaro hamkorlik kompleks iqtisodiy sheriklik tusini olganini bildirdi.

Joriy yilda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan uch yillik Hamkorlik rejasini amalga oshirish yakuniga yetayotgani bildirildi. Shu munosabat bilan kuz faslida Toshkent shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan qoʻshma ishchi guruhning navbatdagi yigʻilishi doirasida yangi rejani qabul qilish taklif etildi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston kooperatsiya boʻyicha “yagona darcha” formatida Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan hamkorlikda sheriklarni tanlaydigan, erkin sanoat zonalar negizida tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlaydigan, moliyalashtirishni jalb etishga koʻmaklashadigan qoʻshma loyiha ofisini ochishga tayyorligini bildirdi.

— YEOII davlatlaridan keladigan yuqori texnologiyali rezidentlar uchun qoʻshimcha ragʻbatlantiruvchi sharoitlarni ishlab chiqishga tayyormiz, — dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Energiya samaradorligini oshirish, toza texnologiyalarni joriy etish va mahsulotlarning uglerod sigʻimini kamaytirishga qaratilgan Sanoatni “yashil” ­transformatsiya qilish qoʻshma dasturini qabul qilish boʻyicha taklif ham ilgari surildi. Qoʻshma “yashil” loyihalar portfelini shakllantirish, moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini rivojlantirish, sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllash orqali sanoatning ustuvor tarmoqlarini modernizatsiya qilish amaliy chora-tadbirlar sifatida dasturdan oʻrin olishi mumkin.

— Bu endilikda mamlakatlarimiz uchun nafaqat ekologik kun tartibidagi masala, balki sanoatning uzoq muddatli raqobatdoshligini taʼminlaydigan muhim omilga aylanmoqda, — dedi Oʻzbekiston yetakchisi.

Turizm sohasida yurtimiz tomonidan “Markaziy Osiyo turistik halqasi” tashab­busi ilgari surilgani qayd etildi. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari YEOII davlatlarini mazkur turizm yoʻnalishini ommabop raqamli platformalarda birgalikda ilgari surishga qoʻshilishga taklif qildi.

Har qachongidan ham dolzarb masala

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 17-18-may kunlari amaliy tashrif bilan Boku shahrida boʻldi. BMTning Aholi punktlari boʻyicha dasturi shafeligida oʻtkazilgan Butunjahon urbanizatsiya forumi 13-sessiyasining Yetakchilar sammitida ishtirok etdi va nutq soʻzladi.

Forumda shaharlarni barqaror rivoj­lantirish, aholini arzon uy-joy bilan taʼminlash, shahar muhiti sifatini oshirish, iqlim barqarorligi va uy-joyni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston yetakchisi forumning “Barcha uchun uy-joy: xavfsiz va barqaror shaharlar hamda hamjamiyatlar” mavzusi jadal urbanizatsiya sharoitida bugun har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladi. Tahlillarga koʻra, XXI asr oʻrtalariga borib, sayyoramiz aholisining qariyb 70 foizi shaharlarda istiqomat qiladi. Davlatimiz rahbari urbanizatsiya jarayonining jadallashuvi ijtimoiy muammolarni ham kuchaytirayotganini qayd etdi.

— Oddiy qilib aytganda, urbanizatsiya jarayonlari global barqarorlik va xavfsizlikka toʻgʻridan toʻgʻri taʼsir koʻrsatuvchi jiddiy omilga aylanmoqda, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz hududlarni obodonlashtirish va aholi turmushi sifatini oshirishda mahalla instituti muhim oʻrni tutishini taʼkidladi. “Yangi Toshkent” megaloyihasiga alohida toʻxtaldi. Keltirilishicha, unda “yashil”, “aqlli”, “xavfsiz”, “15 daqiqali” shahar tamoyillari toʻliq hisobga olingan. Birinchi bosqichning oʻzida qiymati 25 milliard dollardan ortiq investitsiya loyihalarini amalga oshirish boshlangan.

— Eng muhimi, bu kabi loyihalar nafaqat poytaxtda, balki “Yangi Oʻzbekiston” massivlari nomi ostida mamlakatimizning barcha hududida amalga oshirilmoqda. Hozirgacha 61 ta ana shunday massiv bunyod etildi, 2030-yilga borib esa ularning soni
100 taga yetadi, — dedi davlatimiz rahbari.

Oʻzbekiston Prezidenti qator xalqaro tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, kichik va oʻrta shaharlarni uygʻun rivojlantirish maqsadida “mutanosib urbanizatsiya” tamoyillarini keng joriy etishga chaqirdi. Xalqaro “Aqlli va xavfsiz shaharlar alyansi”ni tashkil etish tashabbusini bildirdi. Tuzilma shahar boshqaruvini raqamli transformatsiya qilish sohasida texnologiyalar, standartlar va eng yaxshi tajribalar bilan almashish uchun platforma vazifasini bajaradi.

Yoshlar va aholining ehtiyojmand qatlamlarini sifatli hamda arzon uy-joylar bilan taʼminlash maqsadida 2027-yilda Samarqand shahrida uy-joy qurilishiga moliya va investitsiyalarni jalb etishdagi yangicha yondashuvlar yuzasidan xalqaro forum oʻtkazish taklif qilindi. Ekologik barqaror shaharlarni rivojlantirishni ragʻbatlantirish maqsadida BMT-Habitatning “Yashil shahar” xalqaro mukofotini taʼsis etish ham yana bir muhim tashabbus boʻldi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Prezidenti Butunjahon urbanizatsiya forumining 15-sessiyasini 2030-yilda Yangi Toshkent shahrida oʻtkazishni va uning bosh mavzusini “Shaharlarning barqaror rivojlanishida mahalla institutining oʻrni” deb nomlashni taklif qildi.

Boku shahriga amaliy tashrif doirasida davlatimiz rahbari Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich, BMT Bosh kotibining oʻrinbosari, BMTning Aholi punktlari boʻyicha dasturi (BMT-Habitat) ijrochi direktori Anaklaudiya Rossbax bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Gʻamxoʻrlik va insonparvarlik ifodasi

27-may kuni dunyo musulmon olami muborak Qurbon hayiti bayramini nishonladi. Shu munosabat bilan 20-mayda Prezidentimiz “Muborak Qurbon hayitini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi hamda sana arafasida Oʻzbekiston xalqiga bayram tabrigi yoʻlladi.

Qarorda mamlakatimizda ijtimoiy davlat barpo etish, yurtdoshlarimiz oʻrtasida mehr-oqibatni kuchaytirish, yordamga muhtoj insonlarni qoʻllab-quvvatlash, hech kimni mehr va eʼtibordan chetda qoldirmaslik borasida bu bayramning bezavol anʼanalari biz uchun kuch-gʻayrat va ilhom manbai boʻlib xizmat qilishi qayd etilib, xalqimizning bayramni mazmunli oʻtkazishi uchun qoʻshimcha dam olish kunlari belgilandi.

Tabrikda esa tinchlik, mehr-oqibat va saxovat bayrami — Iyd al-Adha muqaddas dinimiz mohiyatida mujassam boʻlgan ezgu gʻoya va amallarni yaqqol ifoda etgan holda, hozir mamlakatimizda insonparvarlik ruhidagi keng koʻlamli islohotlarimizning maʼno-mazmuniga uygʻun va hamohang ekani bilan barchamiz uchun yanada aziz va qadrli boʻlib borayotgani taʼkidlandi.

“Koʻp millatli yurtimizda osoyishtalik, doʻstlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yordamga muhtoj insonlar, muhtaram nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, mahalla va xonadonlarni obod qilishga qaratilgan ishlarimizda Qurbon hayitining ezgu anʼanalari kuch-gʻayrat va ilhom manbai boʻlib xizmat qilayotganini taʼkidlash lozim”, deyiladi tabrikda.

Shuningdek, yana bir hujjat — “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorda esa xalqimizga xos mehr-oqibat, insonparvarlik, shuk­ronalik, saxovat va bagʻrikenglik kabi ezgu fazilatlarni mujassam etgan muborak Qurbon hayiti kunlari aholini davlat tomonidan qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash maqsadlari mujassam.

Jumladan, ayrim toifadagi bemorlarning tibbiy tekshiruvdan oʻtish, jarrohlik amaliyoti va davolanish xarajatlarini qop­lash, ogʻir va nogironlikni keltirib chiqaruvchi kasalliklarga chalingan 10 ming bola, onkologik, gematologik va onkogematologik tashxis qoʻyilgan 2300 bemorni jarrohlik amaliyoti orqali davolash va boshqa koʻplab yoʻnalishlar nazarda tutildi.

Bundan tashqari, Prezidentimiz 21-may kuni Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbat muborak Qurbon hayiti arafasida, yurtdoshlarimiz haj amallarini ado etayotgan qutlugʻ kunlarda boʻlib oʻtdi.

Davlatimiz rahbari muftiy hazratlari orqali muqaddas Makka shahrida boʻlib turgan barcha hojilarimizni Qurbon hayiti bilan samimiy tabriklab, ularning elu yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, yoshlarimizning baxtu saodati yoʻlida qilayotgan ezgu duo va iltijolari qabul boʻlishini tiladi. Ziyoratchilarimizning salomatligi va kayfiyati haqida soʻradi, ibodatlarni bajarishi uchun tashkiliy ishlarning borishi bilan qiziqdi.

Muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar Makka va Madina shaharlarida ziyoratchilarimiz uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilayotgani, tashkiliy ishlar uyushqoqlik bilan oʻtayotganini taʼkidladi. Bundan qalbida shukronalik hissi joʻshgan yurtdosh­larimiz muqaddas joylarda turib, Yaratgandan mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini soʻrab duolar qilayotganini maʼlum qildi.

* * *

Davlatimiz rahbari tomonidan may oyi­da aholi salomatligini muhofaza qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish, tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ularning sifati hamda samaradorligini oshirish, sogʻliqni saqlash sohasidagi davlat boshqaruvi va nazorat tizimini zamonaviy talablar asosida tashkil etish maqsadida qator hujjatlar ham imzolandi.

Mamlakat tarixida yorqin sahifa ochgan qahramonlar

Yana bir necha kundan keyin millionlab sport muxlislari kutgan futbol boʻyicha nav­batdagi jahon chempionatiga start beriladi. 11-iyundan 19-iyulga qadar davom etadigan toʻrt yillikning asosiy bahslarida ilk bor Oʻzbekiston milliy terma jamoasi ham ishtirok etadi. Bugun oʻzbek futboli dunyo arenalarida har qanday raqibga munosib qarshilik koʻrsata oladigan darajaga yetdi.

Mamlakatimiz yetakchisi 22-may kuni futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzolari, murabbiylar shtabi, soha faxriylari va sport jamoatchiligi vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

— Futbolchilarimizni Oʻzbekiston tarixida yangi sahifa ochgan zamonamiz qahramonlari deb aytsak arziydi. Ular xalqimizga olam-olam quvonch bagʻishladi, — dedi davlatimiz rahbari terma jamoaning AQSH, Meksika hamda Kanada maydonlarida oʻtadigan jahon chempionatiga yoʻllanma olgani xalqimiz uchun tarixiy voqea boʻlganini taʼkidlab.

Uchrashuvda milliy terma jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro boshchiligidagi murabbiylar shtabi faoliyati ham alohida qayd etildi. Prezidentimiz jahon chempio­natida oson oʻyin boʻlmasligini, milliy terma jamoa Portugaliya, Kolumbiya va Kongo kabi kuchli jamoalarga qarshi maydonga tushishini taʼkidladi.

— El-yurtimiz sizlarga ishonadi, Prezident sizlarga ishonadi. Boringlar, mardonavor oʻynanglar, Vatan sharafini munosib himoya qilinglar, — dedi davlatimiz rahbari.

Shuningdek, mamlakatimiz yetakchisi Oʻzbekiston milliy terma jamoasini jahon chempionatiga kuzatish marosimida ishtirok etdi. Yurtimizda futbol allaqachon har bir oilaning doʻstiga aylanganini taʼkidlab, sportchilarimiz erishayotgan yutuqlardan ruhlangan farzandlarimiz orasidan ham kelajakda yangi chempionlar yetishib chiqishiga ishonch bildirdi.

* * *

Davlatimiz rahbari huzurida may oyida yigirmadan ortiq taqdimot va joriy kun tartibidagi dolzarb mavzularga bagʻishlangan yigʻilishlar boʻlib oʻtdi. Prezidentimiz oʻnga yaqin xorijiy nufuzli delegatsiyalarni qabul qildi va bir qator xorijiy yetakchilar bilan telefon orqali muloqot oʻtkazdi.

Bundan tashqari, 29-Yevroosiyo iqtisodiy sammiti, Osiyo xotin-qizlarining ikkinchi forumi, Turkiy davlatlar tashkiloti ­Sudyalar kengashlari rahbarlarining IV yigʻilishi ishtirokchilariga, Axaltaka otlari boʻyicha “Sharq marvaridi — 2026” jahon chempionati gʻoliblariga va mamlakatimiz maktablarini bitiruvchi oʻgʻil-qizlarimizga tabrik yoʻlladi.

28-mayda Oʻzbekiston Prezidenti “Madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi. Unga koʻra, oʻzining koʻp yillik samarali ilmiy-ijodiy faoliyati, yorqin va betakror isteʼdodi bilan xalqimizning madaniy, badiiy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, milliy maʼnaviyatimizni boyitish, mamlakatimizda madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalarini rivojlantirish, asriy anʼanalarimiz, boy merosimizni asrab-avaylash va yangi Oʻzbekistonni jahon miqyosida targʻib etishga qoʻshgan munosib hissasi hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun bir guruh yurtdoshlarimiz faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlandi.

Shuningdek, “Mamlakatimizda madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalarini rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshgan bir guruh marhum ijodkorlarni mukofotlash toʻgʻrisida”gi farmon ham eʼlon qilindi. Hujjat bilan inson qadrini ulugʻlash, ajdodlar xotirasiga munosib ehtirom koʻrsatish maqsadida bir guruh marhum ijodkorlar “Buyuk xizmatlari uchun”, “El-yurt hurmati”, “Fidokorona xizmatlari uchun”, “Mehnat shuhrati”, “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlandi.

P.S. Odatda oy sarhisobiga bagʻishlangan maqolalarimizda davlatimiz rahbarining muayyan muddat — bor-yoʻgʻi 30 kunlik faoliyatidagi ayrim qirralarga toʻxtalib oʻtamiz. Qadrli mushtariylar uchun yana shuni aytishni istadikki, may oyida gazetamiz sahifalari Prezidentimiz oʻn yil mobaynida yuritayotgan xalqchil siyosatning tub mohiyatini ochib berishga qaratilgan zuvalasi pishiq maqolalarga boy boʻldi.

Shulardan ikkitasini alohida tilga olish joiz. Bu Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azimning “RIYOSIZ SOʻZLAR” (12-may, 95-son) va siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning “MILLAT SHAVKATI” (21-may, 102-son) maqolasi. Mustaqillik bayrami tobora yaqinlashayotgan, uni koʻtarinki ruhda oʻtkazish ishtiyoqi har bir vatanparvar yurtdoshimiz qalbiga gʻurur baxsh etayotgan ayni kezlarda millatimiz oydinlari tomonidan bitilgan yuqoridagi ikki va boshqa qator maqolalarda bayon qilingan chuqur mushohadalar tafakkurimizni boyitishga xizmat qilishi shubhasiz.

Bundan tashqari, 18-may kuni Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida tarixiy va olamshumul islohotlarni koʻz oldimizda namoyon qiladigan, bir yillik yutuqlarimizni jamlagan, aniqroq aytganda, Prezidentimizning 2025-yildagi sermahsul faoliyati, 24/7 rejimida tinimsiz mehnati, uyqusiz tunlar mashaqqati, xalq dardi bilan kuyib-yonish saodati xronologiyasi oʻrin olgan asar — “YURT QAYGʻUSIDA 365 KUN” kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Kitob yurtimizdagi islohotlarning tarixiy miqyosi, davlat boshqaruvidagi yangi yondashuvlar hamda inson qadri ustuvor boʻlgan taraqqiyot modelini aks ettiruvchi muhim siyosiy-hujjatli manba sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Uni oʻqish va uqish, mohiyatini anglash va anglatish esa barchamiz uchun muqaddas masʼuliyatdir!

Nodir MAHMUDOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri