Bu haqida Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi maʼlum qildi.

Taʼkidlanishicha, mamlakatda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan energetika sohasini diversifikatsiya qilish, barqaror va ekologik toza energiya manbalarini rivojlantirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Shu doirada atom energetikasini rivojlantirish uchun zarur huquqiy, tashkiliy va texnik asoslar bosqichma-bosqich joriy qilinmoqda.

AES qurilishi jarayonida yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash ustidan nazorat Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi zimmasiga yuklatilgan.

Qoʻmita maʼlumotiga koʻra, «Atom elektr stansiyasi qurilishi direksiyasi» davlat muassasasi taqdim etgan loyiha hujjatlari Radiatsiya va yadro xavfsizligi ilmiy-texnik markazi tomonidan har tomonlama oʻrganilgan. Ushbu tahlillar natijasida joriy yilning 23 martida AES qurilishi uchun ajratilgan maydonchadan foydalanishga ruxsatnoma berilgan edi.

Shuningdek, RITM-200N reaktorlu energobloklarni qurishga oid hujjatlar, loyiha yechimlari va xavfsizlik asosnomalari milliy qonunchilik, xalqaro amaliyot hamda Xalqaro atom energiyasi agentligi tavsiyalari asosida koʻrib chiqilgan.

Loyihani baholash jarayoniga xorijiy ekspertlar va xalqaro tashkilotlar mutaxassislari, jumladan Rossiyaning radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasidagi ilmiy-texnik markazi yetakchi ekspertlari ham jalb qilingan.

Qoʻmita huzuridagi kengashning navbatdagi yigʻilishida RITM-200N yadroviy qurilmali AES energoblokini barpo etish boʻyicha litsenziya berish haqida qaror qabul qilindi.

Maʼlum qilinishicha, qurilish ishlari davomida litsenziya shartlariga rioya etilishi, xavfsizlik talablarining bajarilishi hamda aholi va atrof-muhit muhofazasi ustidan doimiy davlat nazorati amalga oshiriladi.