Bu haqida Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov maʼlum qildi.
Yigʻilishda AQSh Davlat kotibi Marko Rubio bilan ikki mamlakat rahbarlari oʻrtasida erishilgan kelishuvlarni toʻliq va oʻz vaqtida amalga oshirish, savdo va investitsiyalarni kengaytirish, energetika, muhim minerallar hamda ilgʻor texnologiyalar sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, taʼlim, madaniy-gumanitar aloqalar va xavfsizlik sohasidagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi.
Baxtiyor Saidovning taʼkidlashicha, yangi muloqot mexanizmining ishga tushirilishi ikki tomonlama munosabatlarni izchil rivojlantirish, oʻzaro ishonchni mustahkamlash va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun muhim asos yaratadi.
Ikki tomonlama muzokaralar yakunida Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va AQSh Davlat kotibi Marko Rubio «Artemida kelishuvlari»ni imzoladi.
Mazkur hujjat Oy, Mars, kometalar va asteroidlardan tinchlik maqsadlarida foydalanish hamda ularni tadqiq etish boʻyicha xalqaro hamkorlik tamoyillarini belgilaydi.
Kelishuv Oʻzbekistonning NASA va unda ishtirok etuvchi boshqa davlatlarning kosmik agentliklari bilan hamkorligini kengaytirish, milliy kadrlarni tayyorlash hamda kosmik texnologiyalar transferi uchun yangi imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda.
Oʻzbekiston «Artemida kelishuvlari»ni imzolagan 77-davlat boʻldi.