Agar siz bolaligingizda ota-onangizga muzlagan joyda maktabgacha uch yuz metr yo‘l yurish qanchalik og‘irligidan shikoyat qilgan bo‘lsangiz, demak, Xitoyning Yunnan provinsiyasidagi Nichjuxe qishlog‘idagi holatni ko‘rmagansiz. Guanchjay boshlang‘ich maktab-internati tog‘ cho‘qqisida, dengiz sathidan 1650 metr balandlikda joylashgan.

2022-yilgacha bu geografik boshi berk ko‘cha mahalliy aholini tashqi dunyodan butunlay ajratib qo‘ygan. Maktab o‘quvchilari haqiqiy tog‘ yo‘lini bosib o‘tishlari kerak edi. Bunda tik qoyalar bo‘ylab xavfli so‘qmoqlardan bir tomonga uch soatcha ko‘tarilib internatga yetib olishgan va keyin xuddi shu yo‘l bilan qaytib kelishgan.

Viloyatni turistik hududga aylantirishga qaror qilinganda vaziyat o‘zgardi. 2022-yilda bu yerda dor yo‘li va “Sin’yun zinapoyasi” deb nomlangan birinchi ekskursiya lifti ishga tushirildi. Qoyalar bo‘ylab xavfli uch soatlik ko‘tarilish 30 daqiqaga qisqardi, tizimning o‘zini esa Xitoy ommaviy axborot vositalari qurilish bosqichida “osmon avtobusi” deb atashdi.

Sayyohlar oqimi tufayli 2024-yil oktyabr oyida bu yerda qurilish boshlandi. Asosiy konstruksiya 2025-yil sentyabr oyida yakunlandi va bir yarim yillik keng ko‘lamli ishlardan so‘ng Katta kanyondagi ikkinchi lift rasman foydalanishga topshirildi, deb xabar beradi Xitoyning “Jenmin jibao” gazetasining ingliz tilidagi nashri.

Loyihaga taxminan 68 million yuan sarmoya kiritildi. Endi qoyada ikkita ulkan ko‘targich moslama yonma-yon turibdi va bu Xitoyda yagona shunday me’moriy landshaftdir. Yangi lift o‘zidan oldingisidan 20 metr balandroq, uning balandligi 288 metrni tashkil etadi. Yo‘lovchi kabinasi to‘liq shaffof, 360 daraja ko‘rinishga ega va sekundiga besh metr tezlikda harakatlanadi, deb xabar berdi vokrugsveta.ru.

Investorlar uchun bu loyiha sof biznes. Ikki liftning umumiy o‘tkazish qobiliyati endi soatiga 1200 kishiga yetdi, bu esa sayyohlik zonasining kunlik sig‘imini 4000 dan 15 000 gacha oshirish imkonini berdi.

Mahalliy aholi va Nichjuxe va Guanchjay qishloqlaridagi o‘quvchilar uchun esa bu barcha yuqori texnologiyalar bepul ishlaydi. Internat maktabga boradigan yo‘lning har daqiqasi tegishli manzilga mo‘ljallangan: bolalar avval Puli qishlog‘ida yo‘nalishli avtobusga chiqishadi, avtobus ularni pastki stansiyagacha olib boradi. So‘ngra shishali kabinada tog‘ cho‘qqisi yonidagi maydonchaga ko‘tariladi. Chiqish joyida ularni dor yo‘li kutadi — jarlik ustidan maxsus kabinada yana besh daqiqa o‘tib, maktab eshigiga yetib olishadi. Ushbu “yashil yo‘lak” bo‘ylab politsiya va ko‘ngillilar bolalarni kuzatib borishadi.

Bolalar uchun katta imkoniyatdan tashqari, liftlar tog‘ ichkarisiga yo‘l ochdi, mahalliy aholiga ish o‘rinlari yaratdi. Shuningdek fermerlik mahsulotlarini sotishni yo‘lga qo‘yishga yordam berdi. Bu esa butun okrugning qayta tiklanishiga turtki bo‘ldi.