Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasiga tuman aholisi tomonidan «Ch.T.» korxonasi atrof-muhitni ifloslantirayotgani haqida murojaat kelib tushgan.
Murojaat asosida Ekologiya qoʻmitasi, Andijon viloyati Ekologiya boshqarmasi hamda Ekopolitsiya xodimlari korxona hududida ekologik nazorat tadbirini oʻtkazdi.
Tekshiruvda korxonada atmosfera havosini muhofaza qilish boʻyicha zarur chora-tadbirlar ishlab chiqilmagani, toshni qayta ishlash jarayonida chang-gaz tozalash uskunalari mavjud emasligi aniqlangan.
Laboratoriya tahlillari natijasida atmosfera havosiga meʼyordan ortiq miqdorda zararli moddalar chiqarilayotgani ham maʼlum boʻlgan.
Bundan tashqari, ishlab chiqarishdan hosil boʻlgan chiqindilar korxona hududida tartibsiz joylashtirilgani va korxona tegishli davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasini olmasdan faoliyat yuritayotgani aniqlangan.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida korxona faoliyati 10 kun muddatga toʻxtatildi.
Korxonaga kamchiliklarni bartaraf etish, chiqindilarni belgilangan tartibda saqlash va olib chiqish hamda ekologik ekspertizaning ijobiy xulosasini olish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Shuningdek, atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun qoʻshimcha kompensatsiya toʻlovini undirish belgilandi.