Davlatimiz rahbari Turkiyaning milliy bayrami – Respublika kuni munosabati bilan butun turk xalqini qizgʻin muborakbod etib, tinchlik-osoyishtalik, bardavom taraqqiyot va farovonlik tiladi.

Muloqot chogʻida ikki mamlakat oʻrtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini, xususan, siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda yanada mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Soʻnggi yillarda barcha darajalarda faol muloqotlar olib borilayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻzaro tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi, qoʻshma korxonalar va aviaqatnovlar soni izchil oʻsib bormoqda. Hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha muntazam ravishda qoʻshma tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda.

Tomonlar biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yuqori darajadagi kengashni taʼsis etish, Hukumatlararo qoʻshma komissiyaning navbatdagi yigʻilishiga puxta tayyorgarlik koʻrish, istiqbolli loyihalar portfelini kengaytirish hamda yangi yoʻnalishlar boʻyicha amaliy hamkorlikni izchil davom ettirish muhimligiga alohida eʼtibor qaratdilar.

Yetakchilar boʻlajak tadbirlar rejasi, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.