Bugun institut nafaqat taʼlim maskani, balki pedagog kadrlar tayyorlash boʻyicha ilgʻor xorijiy tajriba va zamonaviy taʼlim dasturlarini amaliyotga tatbiq etayotgan, oʻz kasbining yetuk mutaxassislarini tarbiyalashga xizmat qilayotgan nufuzli oliy taʼlim muassasasiga aylandi. Eng muhimi, bu yerda jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qoʻsha oladigan, bilimli va tashabbuskor yoshlar kamol topmoqda.
Oʻtgan 4 yilda institutda ilmiy, oʻquv-uslubiy, maʼnaviy-maʼrifiy hamda
moliyaviy-xoʻjalik yoʻnalishlarida qator yirik loyihalar amalga oshirildi.
Pedagogika sohasida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, taʼlim sifatini
oshirish va yangi avlod pedagoglarini tayyorlash borasida muhim natijalarga
erishildi.
Ayni paytda institutda pedagogika, aniq va tabiiy fanlar, filologiya,
ijtimoiy va amaliy fanlar hamda boshlangʻich taʼlim fakultetlari mavjud. Ularda
9000 ga yaqin talaba tahsil olmoqda. Shuningdek, 15 kafedrada 205 nafar
professor-oʻqituvchi faoliyat koʻrsatmoqda. Ulardan 86 nafari ilmiy darajali,
45 nafari professor va dotsent ilmiy unvoniga ega. Institutda 19 taʼlim
yoʻnalishi va 16 magistratura mutaxassisligi boʻyicha kadrlar tayyorlanmoqda.
Bugun oliy taʼlim muassasasida 7 ixtisoslik boʻyicha 160 ga yaqin tayanch
doktorant va mustaqil izlanuvchilar tadqiqot ishlarini olib bormoqda. Taʼlim
muassasasida “Urganch davlat pedagogika instituti axborotnomasi” hamda
“Oʻzbekiston olimlarining ilmiy-amaliy tadqiqotlari” ilmiy-nazariy, metodik
jurnallari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Urganch davlat pedagogika institutini
rivojlantirishdagi maqsadli koʻrsatkichlarga muvofiq, 2023-yilda ilmiy
salohiyatni 15, 2024-yilda 18, 2025-yilda 25 foizga koʻtarish belgilangan edi.
Amalda ilmiy salohiyat mos ravishda 17, 21 va 27 foizga yetkazildi. 2026-yil
iyun holatiga koʻra, ilmiy salohiyat 42 foizni tashkil etmoqda.
Institut qisqa muddatda xalqaro maydonda ham mustahkam oʻrin egallamoqda.
Jumladan, 2022-2025-yillarda 20 ta xorijiy davlatdagi oliy taʼlim muassasalari
va tashkilotlari bilan jami 70 ta hamkorlik bitimi imzolandi. Bugunga kelib OTM
UI GreenMetric xalqaro universitetlar reytingi, Times Higher Education
tashkiloti reytingi hamda Yevroosiyo pedagogika universitetlari
assotsiatsiyasiga aʼzo taʼlim muassasasi sifatida kiritildi. Hozir institut
hududida 5 ta oʻquv binosi faoliyat yuritmoqda. Har bir auditoriya zamonaviy
oʻquv jihozlari bilan taʼminlangan. Yangi oʻquv yilidan 7 qavatli zamonaviy
oʻquv binosi kelgusida yangi tashkil etilayotgan oliy maktab va yangi taʼlim
yoʻnalishlari uchun muhim infratuzilmaviy asos boʻlib xizmat qiladi.
2026/2027 oʻquv yilida Urganch davlat pedagogika institutida 21 ta
yoʻnalish boʻyicha kunduzgi taʼlim shakliga 1000 nafar hamda 9 ta yoʻnalish
boʻyicha kechki taʼlim shakliga 300 nafar abituriyentni qabul qilish koʻzda
tutilgan. Jumladan, yangi oʻquv yilidan institutning Aniq fanlar pedagogika
oliy maktabi negizida ochilishi kutilayotgan sunʼiy intellekt hamda axborot
tizimlari va texnologiyalari taʼlim yoʻnalishlarining har biriga 50 nafardan
abituriyent qabul qilinishi kutilmoqda.
Aniq fanlar pedagogika oliy maktabining yangi taʼlim yoʻnalishlarini
ochish bilan birga, ushbu tizim orqali oʻquv dasturlarini yangilash, amaliy va
laboratoriya mashgʻulotlarini kuchaytirish, professor-oʻqituvchilar
salohiyatini oshirish, LMC va HEMIS tizimlari asosida oʻquv jarayonini
raqamlashtirish, talabalar faoliyatini monitoring qilish hamda sifat nazoratini
kuchaytirish koʻzda tutilgan.
Ayni paytda institutda LMC tizimini joriy etish boʻyicha ham amaliy ishlar
bajarilmoqda. Transformatsiya boʻlimi tomonidan LMC platformasining oʻquv
boʻlimi, dekanat, HEMIS integratsiya, dars jadvali, talabalar va oʻqituvchilar
profili, fanlar, davomat, baholash, statistika, yakuniy nazorat, qayta oʻqish,
magistratura va tuzilma modullari bosqichma-bosqich oʻrganilmoqda. Shuningdek,
magistratura mutaxassisligining 16 ixtisosligi boʻyicha 105 nomzod qabul qilish
koʻzda tutilgan.
Prezidentimizning 2026-yil 5-fevraldagi tegishli farmoniga asosan
2026/2027 oʻquv yilidan boshlab pedagogika oliy taʼlim tashkilotlarining maktabgacha
taʼlim yoʻnalishida bakalavrlarni dual taʼlim shakli boʻyicha tayyorlash
belgilangan. Xususan, Urganch davlat pedagogika institutida ham dual taʼlim
shakli boʻyicha 700 abituriyentni talabalikka qabul qilish rejalashtirilgan.
Mazkur taʼlim shakliga qabul qilishda maktabgacha taʼlim tashkilotida 3 yillik
pedagogik ish staji talab qilinadi. Abituriyentlar hamda ularning ota-onalariga
qabul jarayoni boʻyicha tezkor va sifatli axborot berish maqsadida institutda
ishonch telefoni ishga tushirilgan. U orqali qabul jarayoni, hujjat topshirish,
kasbiy (ijodiy) imtihonlar hamda taʼlim yoʻnalishlariga oid murojaatlarga
muntazam javob berib borilmoqda.