Qarorga koʻra, Koreya Respublikasining “Green Hammer Co., Ltd” kompaniyasi tomonidan mazkur investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida xorijiy korxona — loyiha kompaniyasi tashkil etilgan.
Hujjatga muvofiq, elektr energiyasini sotib olish va qattiq maishiy chiqindilarni yetkazib berish toʻgʻrisidagi bitimlar doirasida bir qator choralar amalga oshiriladi.
Jumladan, loyiha kompaniyasi ishlab chiqarilgan elektr energiyasini 30 yil davomida “Oʻzenergosotish” AJga kafolatlangan tarzda sotadi.
Shuningdek, loyiha kompaniyasi elektr stansiyasini yagona elektr energiyasi tarmogʻiga ulash uchun zarur boʻlgan havo elektr uzatish tarmoqlari va tegishli elektr infratuzilmasi qurilmalarini “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan beriladigan texnik shartlar asosida quradi. Ular ishga tushirilgandan soʻng “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga topshiriladi.
Elektr stansiyasini ishga tushirishdan oldin loyiha kompaniyasi “Milliy dispetcherlik markazi” DUK va “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ bilan birgalikda stansiyaning elektr energetika tizimiga taʼsirini baholash boʻyicha texnik xulosa tayyorlaydi. Mazkur xulosa asosida tarmoqga ulanishning yakuniy shartlari kelishiladi.
“Oʻzenergosotish” AJ esa 30 yil davomida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini milliy valyutada kafolatlangan tarzda xarid qiladi.
Bundan tashqari, Agentlik loyiha kompaniyasiga 30 yil davomida qattiq maishiy chiqindilarni kafolatlangan hajmda yetkazib beradi.
Loyiha kompaniyasi qurilish davridagi majburiyatlarini lozim darajada bajarishini taʼminlash maqsadida 7 mln AQSh dollari miqdorida birinchi darajali bank kafolatini taqdim etadi.