Qadimiy Buxorodan 12 kilometr uzoqlikda joylashgan majmua mintaqadagi eng muhim ziyoratgohlardan biri hisoblanadi. Bu yerda XIV asrning yirik ulamosi – naqshbandiya tariqatining asoschisi Bahouddin Naqshband dafn etilgan.

Oʻzbek va qozoq xalqlarining dini, maʼnaviy qadriyatlari bir. Yurtimizda yashagan avliyo va allomalar Qozogʻistonda ham eʼzozlanadi. Buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband ana shunday siymolardan biridir.

Ansambl asrlar davomida shakllangan boʻlib, bugungi kunda uning tarkibida maqbara, Abdulazizxon tomonidan ziyoratchilar uchun qurilgan xonaqoh, ikkita masjid, shayboniylar, ashtarxoniylar va mangʻitlar sulolalari amirlari dafn etilgan daxma, shuningdek, soʻfiylik tarixiga bagʻishlangan muzey oʻrin olgan.

Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan majmua yanada obod qilinib, tarixiy qiyofasi tiklandi. Avvalo, Toqi miyona darvozasidan boruvchi tarixiy yoʻlak qayta taʼmirlandi. Toqi miyona darvozasining ikki yoni bog‘ga aylantirilgan. Muzey va tahoratxona barpo etilgan. Mangʻitlar sulolasiga mansub boʻlgan Buxoro otaligʻi Doniyolbiy qurdirgan madrasa taʼmirlanmoqda.

Tashrif davomida Qurʼon oyatlari tilovat qilinib, qardosh xalqlarimizga tinchlik va farovonlik tilab, duo oʻqildi.