Muloqotda milliy kinoda erishilgan natijalar, sohada yechimini kutayotgan masalalar va uni rivojlantirishning yangi yoʻnalishlari haqida soʻz bordi.
Davlatimiz rahbari “Oʻzbekfilm” bir necha avlod ijodkorlarining mehnati bilan bogʻliq qadrdon maskan ekanini taʼkidladi. “Mahallada duv-duv gap”, “Oʻtgan kunlar”, “Shum bola”, “Chinor ostidagi duel”, “Suyunchi” kabi filmlar va ularning qahramonlari xalqimiz xotirasida saqlanib qolgan. Bu anʼana mustaqillik yillarida “Abdullajon”, “Otamdan qolgan dalalar”, “Dilxiroj”, “Vatan”, “Oʻtov” singari asarlar bilan davom ettirildi.
– Mazkur dargohda milliy kino tariximiz, bir necha avlod ijodkorlarining mehnati, xalqimizning ekranga koʻchgan orzulari, intilishlari va armonlari mujassam, – dedi Prezidentimiz.
Soʻnggi yillarda kinostudiya toʻliq rekonstruksiya qilindi. Sohani qoʻllab-quvvatlashga doir ikkita farmon va sakkizta qaror qabul qilindi. Filmlar olish uchun davlat budjetidan 2016-yilda 10 milliard soʻm ajratilgan boʻlsa, bu yil 218 milliard soʻm berildi. Oʻn yilda ajratilgan mablagʻ jami 1 trillion 200 milliard soʻmni tashkil etdi.
Sohaga oʻnlab xususiy kinostudiyalar kirib keldi, milliy kadrlarning yangi avlodi yetishib chiqdi. “Islomxoʻja”, “Ibrat”, “Avloniy”, “Abdulla Qodiriy”, “Qoʻqon shamoli”, “Muqimiy”, “Ilhaq”, “Oʻzbek qizi”, “Bahodir Yalangtoʻsh” kabi tarixiy filmlar yaratildi. Yaqinda “Oltin globus” xalqaro kino mukofoti doirasida Markaziy Osiyo va Kavkaz kinoijodkorlarini taqdirlash marosimi ilk bor Toshkentda oʻtkazildi. Unda sanʼatkor Gulchehra Jamilova “Meridian” mukofotiga sazovor boʻldi.
Prezidentimiz erishilgan natijalar bilan birga mavjud muammolarni ham ochiq koʻrsatib oʻtdi. Ijtimoiy tarmoqlar rivojlangani uchun odamlar kinoteatrga bormay qoʻygani haqidagi fikrlarga qaramay, xorijiy filmlar namoyishida kinozallar toʻlmoqda.
– Demak, tomoshabin kinodan, kinoteatrlarga borishdan voz kechgani yoʻq, faqat uning didi va talabi oʻzgardi, – dedi davlatimiz rahbari.
Milliy filmlarning ayni talabga javob berishiga film ishlab chiqarishdan uni tomoshabinga yetkazishgacha boʻlgan yaxlit zanjir – distributsiya shakllanmagani toʻsqinlik qilmoqda. Shuningdek, professional kinotanqidchilar fikri bilan yetarlicha hisoblashilmayapti. Mamlakatimiz yetakchisi xolis tahlil ijodkorga oʻz kamchiliklarini koʻrish va oʻsish imkonini berishini taʼkidladi.
Amaldagi davlat buyurtmasi va xaridi tizimi ham zamonaviy kinoindustriya talablariga javob bermayapti. Bir vaqtning oʻzida bitta rejissorga oltitagacha, bir muallifga yettitagacha loyiha biriktirilgan. Buyurtmalarning deyarli yarmi davlat studiyalariga berilgani xususiy ijodkorlarning teng raqobat qilish imkonini cheklagan. Ssenariy suratga olish jarayonida boyishi, ijodiy yechimlar oʻzgarishi mumkinligi bois, filmni oddiy tovar yoki qurilish obyekti kabi texnik topshiriq asosida xarid qilish toʻgʻri emasligi qayd etildi.
– Aslida, ijodkor mehnatining natijasi tomoshabinni chuqur oʻyga solib, qalbida iz qoldirgan film bilan oʻlchanishi kerak, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari kino xalqlar bir-birini tanishiga xizmat qilishini, oʻz tarixi, madaniyati va milliy qahramonlarini jahon ekranlarida munosib koʻrsata olgan mamlakatning ovozi va taʼsiri kengayishini taʼkidladi. Kino bugun mamlakatning xalqaro nufuzini oshiradigan “yumshoq kuch”ga aylangan. U farzandlarimiz ongi va dunyoqarashini shakllantirishda ham katta ahamiyatga ega.
Mamlakatimiz yetakchisi “Oʻz” gʻoyasining kino sanʼatidagi ifodasini “Oʻzligimizni anglab, oʻz hikoyamizni oʻz ovozimiz bilan dunyoga aytish” deb taʼrifladi. Ekranda ulugʻ ajdodlarimiz bilan birga bugun yonimizda yashayotgan insonlarning ham haqqoniy qiyofasi aks etishi kerakligini aytdi. Oʻqituvchilar, shifokorlar, sportchilar, Vatan himoyachilari, tadbirkorlar, quruvchilar va yoshlarning hayoti taʼsirli filmlar uchun katta mavzu ekani qayd etildi.
– Farzandlarimiz shunday qahramonlarda oʻzini koʻrsin, oʻz kuchiga ishonsin, oʻz yurtining kelajagiga daxldorligini his etsin! – dedi davlatimiz rahbari.
Milliy kinoni rivojlantirish uchun sohani boshqarish, moliyalashtirish va film yaratish vazifalari aniq ajratiladi. Kinematografiya agentligi tugatilib, davlat siyosatini yuritish vakolati Madaniyat vazirligiga oʻtkaziladi. Vazirlikda Kino sanʼati departamenti tashkil etilib, uning rahbari maqomi vazir oʻrinbosariga tenglashtiriladi. Masʼullarga bir oyda yangi departament ishini yoʻlga qoʻyish va agentlik tizimini tugatish ishlarini yakunlash topshirildi.
Davlat muassasasi boʻlgan “Oʻzbekfilm” oʻrnida zamonaviy biznes modeli asosida ishlaydigan “Oʻzbekfilm” milliy kinokompaniyasi tashkil etiladi. Kompaniyaning oʻzi film ishlab chiqarmaydi – ularni yaratish toʻliq xususiy sektorga oʻtadi. Milliy kinokompaniya loyihalarni tanlash va moliyalashtirish, filmlarni targʻib qilish, tarqatish hamda xalqaro bozorlar va festivallarga olib chiqish bilan shugʻullanadi. Uning faoliyatini bir haftada yoʻlga qoʻyish vazifasi belgilandi.
Kinolarni moliyalashtirishda davlat buyurtmasi oʻrniga subsidiya asosida qoʻllab-quvvatlash tizimi joriy etiladi.
– Bundan buyon davlat filmning buyurtmachisi emas, ijodkorlar va xususiy sektorning ishonchli hamkori boʻladi, – dedi Prezidentimiz.
Yangi tizimda texnik topshiriqlarga emas, ijodiy jarayon va uning talablariga ustuvorlik beriladi. Moliyalashtirish mexanizmini bir oyda joriy etish, kelgusi yildan boshlab milliy kinokompaniya soʻroviga koʻra har yili budjetdan tegishli mablagʻ ajratib borish topshirildi.
“Oʻzbekfilm”ning 10 gektarlik hududida kino xizmatlari jamlangan yagona industrial klaster – “Oʻzbekfilm kino shaharchasi” tashkil etiladi. Bu maqsadga 400 milliard soʻm yoʻnaltiriladi. “Kino shaharchasi”da quriladigan zamonaviy Dublyaj va ovozlashtirish markazi uchun 80 milliard soʻm ajratiladi. Ikki oyda shaharchaning master-rejasi va loyiha-smetasini ishlab chiqish, qurilishni keyingi yil mart oyidan boshlash vazifasi qoʻyildi.
Kinoijodkorlar uchun yana bir tashabbus maʼlum qilindi. Quyi Chirchiq tumanida zamonaviy talablar asosida taʼmirlangan “Koʻhinur” sihatgohi toʻligʻicha ular ixtiyoriga beriladi. Shuningdek, har yili sohaning kamida 300 nafar xodimiga respublika sihatgohlarida dam olish va davolanish uchun bepul yoʻllanma beriladi.
Sohada ilm, tahlil va professional tanqidchilikni rivojlantirish uchun “Kinoshunoslar klubi” tashkil etiladi. Milliy kinokompaniya uning faoliyatini qoʻllab-quvvatlab, Xalqaro kinotanqidchilar federatsiyasi – FIPRESCIga aʼzo boʻlishiga koʻmaklashadi.
Oʻzbekiston Kino arboblari va Oʻzbekiston kino sanoati vakillari uyushmalari birlashtirilib, Oʻzbekiston kino sohasi vakillari palatasi tuziladi. Palata ijodkorlarning mualliflik huquqlari va kasbiy manfaatlarini himoya qilish, yoshlarning professional oʻsishiga koʻmaklashish bilan shugʻullanadi. Yosh kinoijodkorlarning xorijda malaka oshirishi qoʻllab-quvvatlanadi.
Prezidentimiz “Oʻzbekfilm” nomini milliy kinomizning yagona brendi sifatida mustahkamlashni taklif qildi. Hozirgi Chilonzor koʻchasining ushbu qismiga “Oʻzbekfilm” nomini berish, Kino sanʼati muzeyi, Kino sanʼati saroyi va Milliy kinofondni ham shu nom ostida birlashtirish tashabbusi bildirildi.
Shundan soʻng davlatimiz rahbari tajribali kinoijodkorlar va yoshlarning fikrlarini tingladi. Ijodkorlarga zarur sharoit yaratilishi va ularning tashabbuslari qoʻllab-quvvatlanishi taʼkidlandi. Yaxshi kino yaratish uchun halol mehnat, vatanparvarlik va xalqimizni sevib ijod qilish ham zarurligi aytildi.
– Sizlarga ishonaman. oʻzligimizdan kuch olib, bugungi hayotimizni teran anglab, milliy kinomizning yangi sahifasini birgalikda yarata olamiz, – dedi Prezidentimiz.