Dolzarb oylik doirasida hududlardagi chiqindilar olib chiqilmoqda, noqonuniy chiqindixonalar bartaraf etilmoqda, daraxt va butalar parvarishlanmoqda.
Prezident farmoniga muvofiq, 1 oktabrdan boshlangan tadbirlar davomida nafaqat mahallalar va ko‘chalar, balki yo‘llar, ariq va kanallar, suv havzalari hamda boshqa jamoat joylarini tozalashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Hududlarda chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish uchun maxsus texnikalar safarbar etilmoqda. Shuningdek, sanitariya holatini yaxshilash, ko‘kalamzorlashtirish va aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni oshirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Ayrim hududlarda bugunga qadar amalga oshirilgan ishlar ko‘lami:
— Qoraqalpog‘iston Respublikasida 229 dan ortiq texnika jalb qilinib, 139 ta mahalla chiqindilardan tozalandi. Jami 9090 tonna chiqindi olib chiqildi.
— Andijon viloyatida 330 dan ortiq texnika ishga jalb qilinib, 230 dan ortiq mahallada 23 671 tonna chiqindi olib chiqildi.
— Samarqand viloyatida 440 dan ortiq texnika yordamida 319 ta mahalla tozalandi. Hududlardan 23 125 tonna chiqindi olib chiqib ketildi.
— Toshkent shahrida 261 ta texnika jalb qilinib, 228 ta mahallada 47 942 tonna chiqindi tozalandi.
Ikki oylik davomida hududlarni yashilllashtirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumi uchun ko‘chat ekiladigan joylar aniqlanib, yer maydonlari tayyorlanmoqda.
Masalan, Namangan viloyatida kuzgi mavsum uchun 10 mln 597 ming tup ko‘chat va buta zahirasi yaratildi. Yashil hududlarda umumiy uzunligi 191 500 metr bo‘lgan sug‘orish tizimlari mavjud.
Buxoro viloyatida ham ko‘chat ekish ishlariga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Vobkent tumanidagi Panob mahallasi hamda Jondor tumanida ko‘chat ekiladigan maydonlarda yer tayyorlanmoqda. Jondor tumanida ko‘chathona faoliyati o‘rganilib, ko‘chatlarni sug‘orish uchun quduq qazildi. Ko‘chatlarni parvarishlash uchun mulchlash va kompostlash ishlari ham amalga oshirildi.
“Tozalik va ozodalik” dolzarb ikki oyligi doirasidagi obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari respublika hududlarida davom ettirilmoqda.