Bugungi jahon texnologiyasi darajasida olinadigan bo‘lsa, Marsga uchiriladigan ekspeditsiya parvoz davomida kuchli radiatsiya, siyrak atmosfera va hayot uchun sharoitlarning yo‘qligi kabi jiddiy xavf-xatarlarga duch kelishi mumkin, deb ta’kidlaydi V. Smislov. Bu to‘g‘rida “Argumenti i fakti” gazetasi yozadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, amalga oshiriladigan missiya uchun mos keladigan kosmik kemada “Qizil sayyora”, ya’ni Mars sayyorasiga parvoz taxminan sakkiz-to‘qqiz oy davom etadi. Ekspertning ta’kidlashicha, ekipaj parvoz paytida katta dozadagi kosmik nurlanishni oladi.

“Marsning o‘zida ham inson jiddiy himoyaga muhtoj bo‘ladi. Sayyora atmosferasi Yer atmosferasidan yuzlab marta siyrak va taxminan 95% karbonat angidriddan iborat bo‘lib, kosmik radiatsiyadan himoya qiluvchi global magnit maydoni yo‘q. O‘rtacha harorat –60° atrofida”,– deya eslatib o‘tadi ekspert.

Uning fikricha, hozirda sayyorani avtomatik apparatlar yordamida o‘rganishni davom ettirish maqsadga muvofiq, chunki bunday sharoitda amalga oshiriladigan parvoz amalda “bir tomonlama chipta”ga aylanishi mumkin.

Avvalroq SpaceX rahbari Ilon Mask besh-yetti yildan so‘ng inson ilk bor Marsga qadam qo‘yishini ma’lum qilgandi. Uning aniqlik kiritishicha, bu, ehtimol, 2030–2032-yillarda Yer–Mars o‘rtasidagi ikkinchi va uchinchi parvoz oralig‘ida sodir bo‘ladi.

Keyinchalik texnomagnat Marsni ommaviy mustamlaka qilish bo‘yicha o‘z prognozini o‘zgartirdi va muddatni 30 yilga, ya’ni 2055 yilgacha uzaytirdi.

Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, Marsni ommaviy egallash uchun kamida bir million kishi va bir necha million tonna yuk kerak bo‘ladi. Mutaxassis qo‘shimcha qilishicha, mo‘ljaldagi odamlar va yuklarni Marsga yetkazish uchun 20 yil talab etiladi, deb xabar berdi rambler.ru.