Zamonaviy dunyoda mamlakatlarning investitsiya jozibadorligi, tadbirkorlik muhitining sifati, fuqarolar huquq va erkinliklarining himoyalanganlik darajasi, oxir-oqibat, o‘sha mamlakat sud tizimining ishonchliligiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi sud-huquq tizimining mustaqillik yillaridagi rivojlanish tajribasini ilmiy-nazariy va amaliy jihatdan chuqur o‘rganish, uning yutuq va muammolarini xolisona tahlil qilish nihoyatda dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Darhaqiqat, so‘nggi o‘n yillikda O‘zbekistonda amalga oshirilgan keng qamrovli sud-huquq islohotlari, ularning institutsional, protsessual va texnologik jihatlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 14-avgustdagi “Odil sudlov — 2030”: Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ishonchli himoya qiluvchi xalqchil va adolatli sud tizimini barpo etish strategiyasi to‘g‘risida”gi PF–160-son Farmoni bilan tasdiqlangan“Odil sudlov – 2030” strategiyasi kabi istiqbolli hujjatlarning mazmun-mohiyatini o‘rganish yosh huquqshunoslar, amaliyotchi yuristlar, davlat xizmatchilari va keng jamoatchilik uchun katta ahamiyatga ega. Bu bilimlar faqatgina nazariy ahamiyatga ega bo‘lmay, balki amaliy faoliyatda ham, ya’ni fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish, davlat organlari faoliyatini takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlar olib borishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Xususan, Farmonning Yagona sud amaliyotini shakllantirish hamda sudlar va sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining ochiqligini oshirishga bag‘ishlangan bobining 12-bandida Odil sudlov sifatini yaxshilash va mamlakatda qonun hujjatlarini qo‘llash bo‘yicha yagona sud amaliyotiga erishish maqsadida Oliy sud 2027-yil 

1-avgustdan boshlab yagona sud amaliyotini shakllantiruvchi Oliy sud Rayosati qarorlarini belgilangan tartibda ochiq e’lon qilish va yangilab borish amaliyotini («Pretsedentlar» reestri) joriy etish hamda yagona sud amaliyotini shakllantirish jarayoniga ilmiy doiralar, malakali mutaxassislar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini keng jalb etish maqsadida jamoatchilik asosidagi ekspertlar kengashlarini tashkil etish choralarini ko‘rib borish vazifasi yuklatilgan.

Bundan tashqari, Farmonning 21 va 22-bandlarida Oliy sud va Oliy Majlis palatalarining sud amaliyotini umumlashtirish asosida qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotidagi tizimli muammolarni aniqlash va ularning yechimi bo‘yicha takliflarni har yili tegishliligi bo‘yicha Oliy Majlis palatalari va Vazirlar Mahkamasiga kiritib borish tartibini joriy etish to‘g‘risidagi takliflarma’qullanganligini ko‘rish mumkin.

Shu bilan bir qatorda, Oliy sud Sudyalar oliy kengashi bilan birgalikda ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish natijalari asosida odil sudlov sifatini baholash indikatorlari tizimini ishlab chiqish va har yili O‘zbekistonda odil sudlov sifati indeksini e’lon qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar kiritishi qayd etilgan.

Yuqoridagilarga asosan, Odil sudlov akademiyasida “Sud amaliyotini tahlil qilish ilmiy-tadqiqot markazi”ni tashkil etish tavsiya etiladi. Mazkur ilmiy-tadqiqot markazi asosan sud statistikasini muntazam tahlil qilgan holda, bekor qilingan va o‘zgartirilgan qarorlar ulushi bo‘yicha dinamikani kuzatib boradi hamda markazning ilmiy-xodimlari Oliy sud plenumlarida ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, sud-huquq sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha ilmiy asoslangan tavsiyalarni Sudyalar oliy kengashi va Oliy sudga muntazam taqdim etib borish tartibi oʻrnatiladi.

Natijada, Akademiyaning o‘quv dasturlari real amaliyotdagi muammolardan kelib chiqqan holda shakllantiriladi va sudlar aynan qaysi holatlarda xatoga yo‘l qo‘yayotganliklari aniqlanadi hamda tahlil – ta’lim –amaliyot uzviyligi ta’minlanadi.

 

 

Yuldoshbekov Avazbek,

O‘zbekiston Respublikasi Odilsudlov akademiyasining Insonhuquqlari,

xalqaro huquq va ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasio‘qituvchisi