Davlatimiz rahbari boshchiligida atrof-muhit muhofazasi masalasi, global miqyosda kutilayotgan ekologik xavf-xatarlarga qarshi turish, ularning oldini olishga qaratilgan umummilliy harakat davlat siyosatining muhim qismiga aylandi. Zotan, xalqining ertangi kuni, kelajagi uchun qaygʻuradigan mamlakatlar ekologik masalalarni taraqqiyotning eng muhim yoʻnalishlari qatoriga qoʻymoqda.
Prezidentimiz
ilgari surgan va tom maʼnoda umummilliy harakatga aylangan ezgu tashabbuslar
zamirida nafaqat bugunning farovonligi, balki kelajak avlodlarning musaffo
havodan nafas olishi, sogʻlom tabiiy muhitda kamol topishidek ulugʻvor
maqsadlar mujassam. Atrof-muhitni yashillikka burkashga qaratilgan “Yashil
makon” umummilliy harakati, sal avval qabul qilingan “Toza havo” umummilliy
loyihasi — bular ertangi hayotimiz, mamlakat va xalqimiz taqdiri, sogʻlom
kelajagimizga daxldor strategik yoʻlning ajralmas qismiga aylandi.
Davlatimiz
rahbari 1-aprel kuni “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida koʻchat ekish
tadbirida ishtirok etib, Milliy dendrologiya bogʻini barpo etishga start berdi.
Oʻtgan
yili ham Prezidentimiz Toshkent shahrining “yashil belbogʻ”i uchun koʻchat
ekkandi. Bugun biz buning nechogʻliq ahamiyatini yetarlicha anglab
yetolmayotgandirmiz, ehtimol, ammo hozirgi ekologik vaziyatga teranroq nazar
tashlasak, “tabiatning ovozi”ga quloq tutsak, vahimaga tushib qolishimiz hech
gap emas. Mamlakatimiz yetakchisi esa “yashil” hayotga oʻtish qanchalik
muhimligini doim taʼkidlab keladi. Ona tabiat muvozanatini tiklash, yurtning
ertangi kuniga befarq boʻlmaslik borasida shaxsan oʻzi xalqimizga namuna
koʻrsatmoqda.
Bu
galgi xayrli tashabbus avvalgilaridan yana bir muhim jihati bilan alohida
ajralib turdi. Yaʼni yurtimizdagi vazirlik va idoralar rahbarlari, ziyolilar,
nuroniylar va yoshlar vakillaridan tashqari xorijiy davlatlarning
mamlakatimizdagi diplomatik korpusi vakillari ishtirok etdi. Bu — Oʻzbekiston
hamjihatlik, oʻzaro ishonch va tinchlikni qadrlash, barqaror taraqqiyot
yoʻlidan qatʼiy borayotganining yorqin ifodasi. BMTning Oʻrmonlar boʻyicha
forumi raisi Ismoil Belenning bu saʼy-harakat Oʻzbekiston Prezidenti
boshchiligida dunyo davlatlarini birlashtirishga undovchi siyosiy tashabbus
ekanini taʼkidlagani barchamizni birdek gʻururlantirdi.
Ayni
paytda nafaqat Markaziy Osiyo mamlakatlari, balki butun jahon hamjamiyati iqlim
oʻzgarishi tufayli yuzaga kelayotgan muammo va tahdidlarga yechim topishga
urinmoqda. Bu muammolar qatoriga atmosferada issiqxona gazlarining koʻpayishi,
yerning ustki qobigʻi haroratining ortishi, suv resurslari taqchilligi, tabiiy
ofatlarning tez-tez takrorlanishi, choʻllanish jarayonining jadallashishi va
boshqalarni kiritish mumkin. Mutaxassislar iqlim oʻzgarishi tabiiy ofatlarning
yangi turlari paydo boʻlishiga sharoit yaratishi bilan bir qatorda mavjud
tabiiy ofatlarning zarar yetkazish koʻlamini bir necha barobar oshirishi, hatto
boshqarib boʻlmaydigan darajaga yetkazishi mumkinligini taʼkidlamoqda.
Xalqaro
tashkilotlar va ilmiy doiralar iqlim oʻzgarishi dunyoning qator hududlarida
turli darajadagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni yuzaga keltirishini taxmin
qilyapti. Xususan, Jahon banki maʼlumotiga koʻra, iqlim oʻzgarishi kuchli ichki
migratsiyaga sabab boʻladi, jumladan, 2050-yilgacha dunyoning oltita
mintaqasida yashayotgan 216 million odam yashayotgan makonidan boshqa
hududlarga koʻchib ketadi. Bu mintaqalar orasida Markaziy Osiyo borligi ushbu
muammoning mintaqa davlatlari uchun qanchalik dolzarb ekanini isbotlaydi.
Maʼlumotlarga
koʻra, soʻnggi 50-60 yilda iqlim sharoiti oʻzgarishi natijasida Markaziy
Osiyoda muzliklar yuzasi 30 foiz qisqardi. Bu jihat daryolar va ularning
ekotizimiga bevosita taʼsir koʻrsatdi. Oxirgi bir necha oʻn yillikda oʻrtacha
yillik harorat 1,5 daraja koʻtarildi va asr oxiriga borib 2 darajadan 5,7
darajagacha oshishi taxmin qilinmoqda.
Bunday
ekologik buhronlar, albatta, mamlakatimizni ham chetlab oʻtmaydi. Yurtimizda
allaqachon boshlangan ekologik xavf-xatarlarni bartaraf qilish, choʻllanishni
kamaytirish, suv tanqisligining oldini olish, havo tozaligini taʼminlash,
shovqin bilan ifloslanish va chang-toʻzonni kamaytirish, insonlarning asab
tizimini barqarorlashtirish uchun ham bugun daraxt ekishga katta eʼtibor
qaratishimiz, borlarini esa asrashimiz darkor.
Iqlim
oʻzgarishi oqibatlari Oʻzbekiston aholisi farovonligiga turlicha taʼsir
koʻrsatadi. 2030-yilga borib mamlakat boʻylab shahar va qishloqlarda kamida 8
million kishi iqlim oʻzgarishi xavfi juda yuqori boʻlgan hududlarda istiqomat
qilishi kutilmoqda. CCDR hisob-kitobiga koʻra, agar iqlim oʻzgarishiga
moslashish choralari koʻrilmasa, 2050-yilga borib milliy iqtisodiyot hajmi
iqlim oʻzgarishidan zarar koʻrmagan holatdagi koʻrsatkichdan 10 foiz past
boʻlishi ehtimoli yuqori. Bu aholi bandligi va daromadining sezilarli
qisqarishiga olib keladi.
Biz
yashayotgan hudud sharoitidan kelib chiqsak, iqlim oʻzgarishining jiddiy oqibatlaridan
bizni himoyalovchi yagona manba
bu —
daraxtlar. Mana shuning oʻzi soʻnggi besh yildan buyon davlatimiz rahbari
tashabbusi bilan “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilib, har yili
200 million tup koʻchat ekilayotgani nechogʻliq ahamiyatli ekanini tasdiqlaydi.
Keyingi
bir oyda Prezidentimiz ekologiya va atrof-muhit muhofazasiga qaratilgan oʻnga
yaqin yangi hujjatni imzoladi. Ayrim qonun hujjatlariga atrof-muhit, hayvonot
va oʻsimlik dunyosining muhofazasini kuchaytirish, tabiiy resurslardan oqilona
foydalanishni taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritishga
oid qonun, “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish boʻyicha hamda
“Yashil makon” umummilliy loyihasi samaradorligini yanada oshirish
toʻgʻrisidagi farmonlar, “Ekomadaniyat” umummilliy loyihasi doirasida ekologik
taʼlim, ilm-fan va targʻibotni jadallashtirishga oid kompleks chora-tadbirlarga
doir hujjatlarda mamlakatimizda ekologik vaziyatni yaxshilashning aniq
mexanizmlari belgilab berildi. Bu esa xalqimizning munosib hayot kechirishi,
ekologik huquqlarini taʼminlashga qaratilgan navbatdagi jiddiy qadamdir.
Taraqqiyot
koʻrsatkichlari shiddat bilan oʻzgarayotgan bir davrda aholi jon boshiga nechta
daraxt toʻgʻri kelishiga oid maʼlumotlar bugun eng asosiy mezonlar qatoriga
chiqmoqda. Zotan, bugun rivojlangan davlatlarda har bir kishiga oʻrtacha 15-18
tup daraxt toʻgʻri keladi.
Olimlarimizning
hisob-kitobiga koʻra, oʻrta yoshli insonning bir yilda 700-740 kilogramm
kislorodga ehtiyoji bor. Bizning tuproq iqlim sharoitimizda 10-12 metrli yaproq
bargli daraxt bir yilda oʻrtacha 100 kilogramm atrofida kislorod ishlab
chiqaradi. Demak, aholi punktlarida har bir inson uchun 10 metrdan kam
boʻlmagan kamida 7-8 tup daraxt boʻlishi kerak. Yana ham aniqroq aytsak, 37 million
kishi uchun 260-300 million tup, Toshkent shahri aholisi uchun esa shaharda
20-28 million tup 10 metrdan ziyod bargli daraxt zarur.
Nafaqat
Toshkent, balki yurtimizdagi boshqa yirik shaharlarda ham havo sifatini
yaxshilash masalasi tobora jiddiy tus olayotganiga asosiy sabab daraxtlar
sonining kamligi, shahar atrofida yashil hududlarning yetarli emasligidir.
Poytaxtimiz
biqinida barpo etilayotgan Milliy dendrologiya bogʻi esa shaharga kirib
keladigan toza havoni taʼminlovchi asosiy manbaga aylanadi. Ayni vaqtda 65
gektar maydonda 50 ming tup daraxt, 100 ming tup turli buta koʻchatini ekish
ishlari boshlangan. Kelgusida bogʻ hududini kengaytirish koʻzda tutilgan.
Natijada bu noyob ekologik musaffo hududning umumiy maydoni 108 gektargacha
yetkaziladi. Bogʻda oʻrtacha 80-120 turdagi daraxt va butalar kolleksiyasi
joylashtiriladi. Qisqasi, yaqin yillarda Milliy dendrologiya bogʻining har bir
gektari yiliga oʻrtacha 28 tonna changni, PM10, PM2,5 zarralarini yutuvchi
ulkan tabiiy filtrga aylanadi.
Eng
muhimi, Surxondaryoda 10 ming gektarda “yashil makon”, Sirdaryoda 84 kilometrli
“yashil devor” barpo etish ishlari ham boshlandi. Qoraqalpogʻistonda 1 million
gektar, Navoiy va Buxoroda 300 ming gektardan, Xorazmda 85 ming gektar choʻl
hududida yangi oʻrmonlar yaratiladi.
Milliy
dendrologiya bogʻini barpo etishga start berilgan kunning oʻzida hududlarda 21
mingga yaqin yurtdoshimiz 164 gektar maydonda 88 ming tup koʻchat oʻtqazdi.
Mana shuning oʻzi ona tabiat himoyasi, xalqimizning ertangi sogʻlom hayoti
uchun daxldorlik hissi bugun har bir yurtdoshimiz qalb amriga aylanganining
ifodasi emasmi?! Osmonimizda yaqin yillarda chinakam musaffo va sogʻlom muhit
qaror topishiga ishonch bu.
Ilgari
ham har mavsumda daraxt ekish kampaniyalari avj olar, qogʻozlarda million-million
tup koʻchat ekilgani haqida hisobotlar toʻldirilardi. Ularning keyingi taqdiri,
parvarishi uchun kimdir masʼul boʻlishi kerakligi haqida, afsuski, hech kim
bosh qotirmasdi. Qayerga qanday daraxt ekish kerakligi, kelgusida bu daraxt
yerda tutib ketishi haqida-ku mutaxassis tugul, hatto tajribali biror
bogʻbonning fikrini eshitib koʻrish birovning xayoliga kelmas edi. Oqibatda
qancha-qancha koʻchat qurib, uvol boʻldi, nooʻrin tanlangan daraxt turlari
ayrim insonlar uchun kasallik qoʻzgʻatuvchi manbaga ham aylandi.
Bugun vaziyat butunlay boshqacha.
Ekilayotgan har bir koʻchat parvarishi uchun masʼul biriktirilgan, yaʼni bitta
daraxt voyaga yetguniga qadar gʻamxoʻrlik qiluvchi egasi bor. Bundan tashqari,
har bir koʻchatning taqdiri va parvarishi jamoatchilik nazoratida. Birgina biz
— deputatlar faoliyatini olaylik. Har oy yakunida hududlarga, saylovchilar
huzuriga borganda, albatta, oʻsha hududda ekilgan koʻchatlar parvarishini
koʻzdan kechirish odat tusiga aylandi. Parlament tomonidan esa har bir chorak
yakunida masʼul tashkilotlar rahbarlari, mutasaddilarning aynan “Yashil makon”
doirasida ekilgan koʻchatlar parvarishiga oid axboroti tinglab borilmoqda.
Koʻchatlar parvarishida eʼtiborsizlikka yoʻl qoʻygan masʼullar esa tegishli
organlar tomonidan qonunan jazolanmoqda.
Koʻchatlarni
tanlash, qaysi hududda qanday daraxtlarni oʻstirish kelgusi oʻn yillikda
nimalar berishi ilmiy asosda belgilab olinayotgan esa alohida eʼtiborga molik.
Davlatimiz rahbarining aynan koʻchatlarni tanlashda ham ilmiy asoslarga
tayanishni talab qilayotgani, kerak boʻlsa, asrlargacha davom etishi mumkin
boʻlgan xatoning oldini olishdir. Shuning uchun ham Prezidentimiz hududga mos
daraxt turlarini tanlash va ekishda Xalqaro molekulyar allergologiya
markazining tavsiyalari olinayotganini alohida qayd etdi. “Yashil” universitet
hududida “Ilm — loyiha — amaliyot” zanjiri asosida barpo etilayotgan “in vitro”
laboratoriyasi, Dorivor oʻsimliklar hamda Urugʻchilik va seleksiya markazlari
shu yilning oʻzida ishga tushirilishi katta ahamiyatga ega.
Endi
yashil bogʻlar yaratishda aholi va deputatlar ishtiroki yanada kengayadi.
Ochigʻi, bu biz, deputatlar uchun, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi uchun juda
katta masʼuliyat va ishonch ifodasidir. Ilgari “Mening bogʻim” dasturi
doirasida har bir loyihaga byudjetdan 250 million soʻmgacha mablagʻ berilgan
boʻlsa, endi bu miqdor 400 million soʻmdan oshiriladi.
Joriy
mavsumdan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi har bir deputatiga oʻz okrugida
yashil hudud, yashil bogʻ yaratishi uchun 412 million soʻmdan mablagʻ beradi.
Mana shunday cheksiz imkoniyatlar davrida bizdan talab etiladigani faqat bir
jihat: bir tup boʻlsa ham koʻchat ekish, ekilgan daraxt uchun qaygʻurish, har
qarich yashil hududni koʻz qorachigʻidek asrashdir.
Prezidentimiz
taʼkidlaganidek, xalqimizda “Yaxshidan bogʻ qoladi”, “Bir koʻchat eksang — ming
baraka”, “Farzand koʻrsang, toʻy qilsang, daraxt ek” degan teran maʼnoli
hikmatlar bejiz aytilmagan. Bu soʻzlar millatimizning qon-qoniga singib ketgan,
asrlar davomida ajdodlarimiz hayotiga sayqal bergan yashash falsafasi,
ota-bobolarimizning goʻzal tutumidir.
Davlatimiz
rahbari mahalla raislari, nuroniylarimiz va yoshlarimizga murojaat qilib, har
bir koʻcha va xonadonga fayz beradigan nihollar ekishda tashabbuskor boʻlishga
chaqirdi. Bu chaqiriq har bir vijdonli insonning qalbida aks sado bermogʻi
lozim. Zero, mahalla oqsoqollari va onaxonlarimizning bu ishlarga bosh-qosh
boʻlishi — yosh avlod uchun eng katta tarbiya maktabi. Buni kundalik
hayotimizda, atrof-muhitdagi oʻzgarishlarda yaqqol his etib turibmiz.
Biz
bu strategik tashabbus va xalqimiz dilidagi ezgu takliflardan behad quvondik.
Xayrli ishlarga koʻpni koʻrgan nuroniylarimiz, shijoatli yoshlarimiz va barcha
mehnat jamoalarining kamarbasta boʻlayotgani hammamizni ruhlantiradi. Shu bois,
bor kuch va imkoniyatimizni safarbar etib, ushbu islohotlarning ijrosini
taʼminlash, ekologik madaniyatni yuksaltirishda eng oldingi saflarda
boʻlishimiz shart. Mahallalar va xonadonlarda yashillik dunyosini kengaytirish,
ona tabiatni koʻz qorachigʻidek asrash yoʻlida deputatlik va jamoatchilik
nazoratini kuchaytiramiz.
Ezgu
niyat va katta maqsadlar bilan ona zaminga qadalgan har bir nihol — hayot
davomiyligi, toza nafas va sogʻlom kelajak demak.
Abdushukur HAMZAYEV,
Oliy
Majlis Qonunchilik palatasi fraksiyasi rahbari