Qolaversa, yurtimizda keyingi yillarda jamoat transporti tizimi ancha rivojlanib, odamlarning undan foydalanish koʻrsatkichi bir necha barobar oshdi. Hatto ayrim haydovchilar qisqa masofaga tezroq yetib olish uchun yengil avtomobilini biror nuqtada qoldirib, avtobus yoki metroga chiqayotganiga guvoh boʻlyapmiz.

Maʼlumotlarga koʻra, Toshkent shahrida bitta yengil avtotransport vositasida bir kunda oʻrtacha 4,8 yoʻlovchi tashilsa, bitta avtobusda bu koʻrsatkich oʻrtacha 800-900 yoʻlovchini tashkil etmoqda. Bu avtobusning yengil avtotransportga nisbatan 145 barobar samarador ekanini koʻrsatadi. Qolaversa, shaharda tirbandliklarning oldini olish, aholining kunlik harakatlanishga boʻlgan ehtiyojini qondirib, yoʻlga sarflanadigan vaqt va moddiy resurslar samaradorligini oshirish uchun ham sifatli, qulay, xavfsiz va jozibador jamoat transporti tizimini joriy etish lozim.

Yurtimizda ayni shu mexanizmga oʻtilyapti. Yoʻllarda jamoat transportiga ustunlik berish orqali odamlarning manzilga tez, xavfsiz va ishonchli harakatlanishi choralari koʻrilmoqda. Koʻchalarda alohida avtobus yoʻlaklarini tashkil etish bilan tezkor avtobus yoʻnalishlari (BRT) tizimi joriy etilayotgani ushbu vazifalarning bir qismi. Toshkent shahrida ilk bor alohida avtobus yoʻlagi 2023-yilning boshida Yunusobod tumani Amir Temur shohkoʻchasida paydo boʻlib, “A” harfli belgi bilan ajratilgani koʻpchilikning yodida. Oʻshanda bu yangilik yurtdoshlarimiz tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinib, qisqa vaqtda tajriba amaliyotda oʻzini oqladi. Ayni yoʻnalishlarda avtobuslarning harakat tezligi ham, aholi tashish koʻrsatkichlari ham sezilarli oshdi.

Mutaxassislar maʼlumotiga koʻra, poytaxtimizda arterial hisoblangan 36 ta yoʻlak mavjud boʻlib, Prezidentimizning tegishli qarori bilan 2030-yilgacha ularning barchasida avtobuslar uchun umumiy uzunligi 472 kilometrdan iborat alohida yoʻlaklar tashkil etish belgilangan. Bu shaharda jami 36 ta avtobus yoʻlagi boʻladi ­degani. Ahamiyatlisi, ularning hammasi ham yoʻlning oʻng tomonida boʻlmaydi. “Yashil” yoʻlaklar koʻchalarning xususiyatidan kelib chiqib, yoʻlning markaziy qismida ham joylashtiriladi.

Xorij tajribasida ommalashgan bu ­amaliyotni yurtimizda qoʻllash boshlangan. Oʻtgan yilning 7-oktyabr sanasida  Toshkent shahri Shota Rustaveli koʻchasining markaziy, yaʼni oʻrta qismida alohida avtobus yoʻlagi foydalanishga topshirildi. Bu voqea Oʻzbekistonda ilk bor avtobuslar yoʻlning oʻrta qismidan harakatlana boshlagani bilan koʻpchilikning yodida qoldi. Hozirgi kunda 7 kilometr uzunlikdagi mazkur koʻcha boʻylab 22 ta avtobus yoʻnalishi oʻtib, odamlarni manzilga tez va xavfsiz yetkazib qoʻyishga xizmat qilyapti.

Yangi Sergelidan “Uch qahramon” postigacha

Mazkur amaliyot tajribada muvaffaqiyatli sinovdan oʻtib, avtobuslar uchun alohida “yashil” yoʻlaklarning markazda joylashishi ancha qulay ekani koʻzga tashlandi. Shu bois, mutasaddilar avtobus yoʻlaklarini aynan yoʻlning oʻrta qismida joylashtirish boʻyicha katta loyihani ishlab chiqdi. Toshkent shahri hokimligida boʻlib oʻtgan taqdimotda aytilishicha, alohida avtobus yoʻlaklarini tashkil etishning keyingi bosqichi bir butun yoʻlak hisoblangan Yangi Sergeli, Shahrisabz va Amir Temur koʻchalarida davom etadi.

Bu Shota Rustaveli koʻchasi boʻylab oʻtgan “yashil” yoʻlakning davomi boʻlib, loyihaga koʻra, ular ham yoʻlning oʻrta qismida tashkil etiladi. Yoʻnalishlar xaritasi boʻyicha avtobus yoʻlaklari Yangi Sergelidan boshlanib, Shota Rustaveli va Shahrisabz koʻchalari orqali oʻtadi. Oddiy qilib aytganda, alohida yoʻlak “Uch qahramon” postigacha boradi. Yoʻlak shaharning asosiy qismlarini markaz bilan tezkor bogʻlaydi.

— Shota Rustaveli koʻchasidagi loyiha oʻzini oqlab, amaliyotda yaxshi natija berdi. Alohida avtobus yoʻlagining koʻcha markazida joylashgani shahar transport tizimida qulaylik yaratib, tirbandliklarni kamaytirish, jamoat transportiga ustunlik berishda samaraliroq ekani, qolaversa, odamlarning mamnuniyati davlatimiz rahbari tomonidan yuqori baholanib, qoʻllab-quvvatlandi, — deydi  Toshkent shahri hokimligi Yoʻl harakatini tashkil etish markazi boʻlim boshligʻi Olloyor Norboʻtayev. — Endilikda loyihaning keyingi bosqichini amalga oshirish arafasida turibmiz. Unda ikkita muhim jihat koʻzda tutilgan — belgilangan hududlarda tezyurar avtobuslar tarmogʻi (BRT)ni ishga tushirish va poytaxtning eng muammoli chorrahalaridan birida zamonaviy yoʻl oʻtkazgich qurilishi.

Avtobuslar uchun oʻrta qismdan oʻtadigan alohida “yashil” yoʻlakning umumiy uzunligi 24,3 kilometrni tashkil etadi. Shundan 16,2 kilometr qismi Yangi Sergeli, Shahrisabz va Amir Temur koʻchalari boʻylab oʻtadi. Ayni paytda ushbu yoʻllarda 49 ta avtobus yoʻnalishi, 53 ta bekat mavjud boʻlib, umumiy hisobda kuniga 260 ming yoʻlovchi tashilmoqda. Rekonstruksiyadan keyin bu 19 foiz oshib, 310 ming nafarga yetishi kutilyapti. Yoʻlovchilarning A nuqtadan B nuqtaga yetib olish vaqti esa 15 daqiqa qisqarishi hisob-kitob qilingan. Ushbu yoʻlakka qoʻshimcha sifatida Mirzo Ulugʻbek koʻchasi ham tanlab olingan boʻlib, uning 8,1 kilometr qismida markaziy avtobus yoʻlaklari tashkil etiladi.

Avtobus yoʻlaklari qurilishi ortidan  yoʻllar chetida piyodalarga keng va ravon turargohlar, sogʻlom turmush tarafdorlari uchun maxsus velosiped yoʻlaklari barpo etiladi. Daraxtlar, oʻsimliklar ekilib, oʻrindiqlar oʻrnatiladi. Shota Rustaveli koʻchasi bu borada ijobiy namuna boʻla oldi. Taqdim etilgan yangi loyihada ham ayni jihatlar nazarda tutilgan. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, qurilishlar davomida koʻchiriladigan daraxtlar oʻrniga qoʻshimcha 8 ming gektar “yashil” maydonlar tashkil etiladi.

Loyihaning yana bir oʻziga xosligi alohida avtobus yoʻlaklari metro bekatlari bilan integratsiya qilinishidir. Mutasaddilarning aytishicha, metro bekatlari atrofida maxsus transport oʻtish bogʻlamalari ochiladi. Bunda yoʻlovchilar metrodan chiqib, uzoq yurmasdan, maxsus bogʻlamalar orqali toʻgʻri tezkor avtobus yoʻlaklariga oʻtishi mumkin yoki aksincha. Yoʻlovchilar markaziy avtobus yoʻlaklariga oʻtishda ham yangi yer osti yoʻllari qurilmasdan, metro bekatlaridagi yer osti yoʻllaridan foydalanadi. Shu bilan birga, har bir avtobus bekatiga oʻtish uchun yoʻl ustida piyodalar oʻtish yoʻllari, svetoforlar tashkil etiladi. Avtobuslarga esa yoʻl oʻrtasida joylashgan maxsus platformalar orqali chiqib tushiladi. Yaʼni piyodalar xavfsizligi va qulayligi uchun alohida tartiblar amal qiladi.

Buyuk ipak yoʻli metro bekati yonida ikki qavatli yoʻl oʻtkazgich quriladi

Maʼlumotlarga koʻra, Toshkent shahrida avtotransport vositalari doimiy harakatlanadigan asosiy yoʻl tarmoqlari uzunligi 470 kilometr boʻlgani holda 380-400 ming avtotransport harakatiga moʻljallangan. Ammo odatda bu raqam 1 milliondan oshib, bir vaqtning oʻzida harakatlanish sigʻimidan 2 barobar ortib ketadi. Bu asosiy koʻchalarga 2 barobar koʻp yuklama tushyapti degani. Yoʻllarda turnaqator tirbandliklar yuzaga kelishi ham shu bilan bogʻliq. Bu mutasaddilar oldiga yangi loyihalar, zamonaviy yechimlarni qoʻllash vazifasini qoʻymoqda.

Toshkentdagi “BRT” loyihasining yana bir muhim yangiligi Mustaqillik, Mirzo Ulugʻbek va Buyuk ipak yoʻli koʻchalari kesishmasida quriladigan noyob konstruksiyaga ega, zamonaviy, aylanma harakatli ikki qavatli yoʻl oʻtkazgichdir. Loyiha Xitoy kompaniyalari mutaxassislari hamda mahalliy ixtisoslashtirilgan tashkilotlar bilan kelishilgan holda ishlab chiqilgan boʻlib, qurilish ishlari buyurtmachi tashkilot — “Tashkent Invest” AJ kompaniyasi tomonidan bajarilishi maʼlum qilindi. Jarayonda transport oqimlarini oʻrganish va avtomobillar harakatini modellashtirishda sunʼiy intellektdan foydalanilgan.

Yangi yoʻl oʻtkazgich tushadigan koʻchalar ayni paytda shahar markazidagi eng tirband manzillardan biri sanaladi. Baʼzan mazkur nuqtada YHXX xodimlari kuniga bir necha bor harakatni qoʻlda boshqarishga majbur boʻladi. Loyiha ishlab chiqaruvchilari taklif etayotgan aylanma harakatli ikki qavatli yoʻl oʻtkazgich mavjud vaziyatni ijobiy tomonga oʻzgartirishi reja qilingan. Hisob-kitoblarga koʻra, yoʻl oʻtkazgich S-1 massividan Kichik halqa yoʻligacha boʻlgan 8 kilometr masofani bosib oʻtishning oʻrtacha vaqtini tigʻiz paytlarda 25 foizgacha qisqartiradi. Yaʼni loyiha avtomobillarning katta oqimi harakatlanadigan yoʻllarda tirbandlik muammosini hal qilishi rejalashtirilgan. “Tashkent Invest” kompaniyasi rahbari Bahrom Shokirovning soʻzlariga koʻra, barcha oʻzgarishlar aholi va mehmonlarga qulaylik yaratish maqsadida amalga oshirilyapti.

Yoʻl oʻtkazgich Buyuk ipak yoʻli metrosi atrofidagi katta chorraha boʻylab tushadi. Hozir bu chorrahadan kuniga 100 mingga yaqin avtomobil oʻtadi. Loyiha amalga oshirilgach, bu koʻrsatkich 120 mingdan oshadi, soatiga 19 mingdan koʻproq avtomobil harakatlanadi. Asosiysi, avtomobil oqimi ortishi barobarida tirbandlik ham bartaraf etiladi. Boisi, zamonaviy yoʻl oʻtkazgich hisobiga mashinalarning oʻrtacha harakat tezligi soatiga 21 kilometrdan 26 kilometrga koʻtariladi. Jamoat transporti harakati ham tezlashadi. Natijada chorrahaning oʻtkazuvchanligi 130 foiz oshadi. Shu bilan birga, ikki qavatli yoʻl oʻtkazgich hisobiga transport oqimi samarali taqsimlanib, asosiy magistral yoʻllardagi yuklama kamayadi, barcha harakat ishtirokchilari uchun xavfsizlik oshiriladi.

— Yangi loyihalar Toshkentning faqat mashinalarga moslashgan shahardan jamoat transporti ustuvor boʻlgan shaharga tizimli ravishda oʻtayotganini koʻrsatadi, — deydi Toshkent shahri hokimligi Yoʻl harakatini tashkil etish markazi boʻlim boshligʻi Olloyor Norboʻtayev. — Xalqaro tajribalardan ham koʻrinadiki, tirbandliklar ortib borayotgan zamonaviy shaharlarda yoʻllarni shunchaki kengaytirish endi foyda bermaydi. Aksincha, mavjud yoʻllarda jamoat transportiga ustuvorlik berish, odamlarning ulardan foydalanish darajasini oshirish eng samarali yechimga aylangan. Chunki yoʻllardagi tirbandliklar odamlarning kunlik kayfiyatiga taʼsir qilishi barobarida shaharga ham ekologik, ham iqtisodiy zarar yetkazadi. Tadqiqotlarga koʻra, tirbandliklar koʻp boʻlgan vaqtda avtomobillardan atmosferaga koʻproq zararli moddalar chiqariladi. Loyiha maqsadi esa shahar koʻchalarida jamoat transportiga ustuvorlik berish orqali tirbandliklarni kamaytirish, yoʻlovchilar uchun qulay va xavfsiz sharoit yaratishga qaratilgan.

Yagona dizayn-kod

Markaziy avtobus yoʻlaklari hamda zamonaviy yoʻl oʻtkazgichni qurish ishlari may oylarida boshlanishi rejalashtirilgan. Qurilish jarayonlarining bari ekologik talablar asosida, inspektorlar nazorati ostida bajarilishi aytilyapti. Qurilish hududlaridagi daraxt va butalar belgilangan boʻsh maydonlarga, masalan, yaqinda Toshkent tumanida ochilgan Milliy dendrologiya bogʻiga koʻchirib oʻtqazilib, uch yil davomida parvarishlanadi. Yangi avtobus yoʻlaklari atroflarida esa qoʻshimcha “yashil” hududlar tashkil etiladi.

Qurilish ishlari Toshkent shahri hokimligi tomonidan ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilayotgan yangi tizim — yagona dizayn-kod asosida bajariladi. Maʼlumotlarga koʻra, dizayn-kod Toshkent shahrining meʼmoriy va vizual qiyofasini yanada tartibga solish, poytaxtda zamonaviy va estetik jihatdan yaxlit shahar muhitini yaratishga qaratilgan standartlar jamlanmasini oʻzida aks ettiradi. Unda tashqi bezak, reklama elementlaridan tortib, yoʻl infratuzilmalarigacha yagona standartlar ishlab chiqilgan. Endi ularni oʻrnatishda belgilangan talablar, aniq meʼyorlarga amal qilinadi.  Bundan koʻzlangan maqsad poytaxtda vizual jihatdan tartibli, estetik va uygʻun shahar muhitini shakllantirishga qaratilgani aytilmoqda.

Yagona dizayn-kod piyodalar uchun ham qulay va xavfsiz muhit yaratishga xizmat qiladi. Gap shundaki, shahar boʻylab piyodalar yoʻlaklari, yoritish tizimlari, koʻcha jihozlari, “yashil” hududlar va navigatsiya elementlarining bari aniq standartlar bilan tartibga solinadi. Bu poytaxtning tashqi qiyofasini yanada yaxshilash barobarida funksionallikni taʼminlaydi. Yaʼni imkoniyati cheklangan shaxslar, keksalar, bolali ota-onalar va barcha piyodalarning shahar boʻylab harakatlanish qulayligi ortadi.

2026-yilda amalga oshiriladigan “BRT” loyihasi va ishga tushadigan yangi markaziy avtobus yoʻlaklari, ikki qavatli yoʻl oʻtkazgich shahar transport qiyofasini oʻzgartirib, jamoat transporti jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Loyiha poytaxt yoʻllarida tirbandliklarni kamaytirish, tezkor va xavfsiz harakatni taʼminlash, yoʻl harakatining har bir ishtirokchisiga qulay sharoit yaratishga qaratilgani bilan shahar transport tizimida yangi davrni boshlab berishi kutilyapti.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri