Ayniqsa, o‘rmon fondi yerlari tabiatning muhim tarkibiy qismi sifatida biologik xilma-xillikni saqlash, iqlim barqarorligini ta’minlash hamda inson salomatligi uchun qulay muhit yaratishda alohida ahamiyat kasb etadi. Shu bois mazkur yerlarni muhofaza qilish va ulardan qonuniy asosda foydalanishni ta’minlash dolzarb vazifa hisoblanadi. Biroq amaliyotda ayrim hollarda o‘rmon fondi yerlarini qonunga xilof ravishda ajratish, ulardan noqonuniy foydalanish yoki ushbu hududlarda turli bino-inshootlar qurish kabi holatlar uchrab, bu esa ekologik muvozanatning buzilishiga, tabiiy resurslarning kamayishiga hamda atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazilishiga olib kelmoqda. Mazkur huquqbuzarliklar nafaqat ekologik, balki ijtimoiy-iqtisodiy xavf tug‘dirishi bilan ham alohida e’tiborga loyiqdir.

2026-yilning 25-mart kuni “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga atrof-muhit, hayvonot va oʻsimlik dunyosining muhofazasini kuchaytirishga, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi O‘zbekiston Respublikasining OʻRQ-1124-son Qonuni qabul qilindi. Mazkur Qonunga ko‘ra, 2026-yilning 28-iyun kunidan boshlab O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksga “771-modda. Qonunga xilof ravishda oʻrmon fondi yerlarini berish va ularda bino-inshootlar qurish” deb nomlangan modda kiritilmoqda. Unga ko’ra:

Qonunga xilof ravishda oʻrmon fondi yerlarini berish yoki ularda bino-inshootlarni qurish, — fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi”;

Mazkur qilmish ma’muriy javobgarlikka tortilgandan keyin, bir yil ichida takroran sodir etilsa, jinoiy javobgarlikka sabab bo’ladi.Ya’ni Jinoyat kodeksi ham quyidagi mazmundagi yangi modda bilan to’ldirilmoqda:

“1981-modda. Qonunga xilof ravishda oʻrmon fondi yerlarini berish, ulardan foydalanish, ularda bino-inshootlar qurish:

Qonunga xilof ravishda oʻrmon fondi yerlarini berish, ulardan foydalanish, shunday qilmishlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan toʻrt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Oʻrmon fondi yerlarida qonunga xilof ravishda bino-inshootlar qurish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, — bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan harakatlar:

  1. a) takroran;
  2. b) koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda;
  3. v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa, —

besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Yetkazilgan moddiy zararning oʻrni uch karra miqdorida qoplangan taqdirda, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qoʻllanilmaydi, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno”.

Ta’kidlash joziki, mazkur sohada javobgarlikni belgilash va uni amaliyotda qat’iy qo‘llash muhim ahamiyat kasb etadi. Amaldagi qonunchilik normalarini takomillashtirish, nazorat mexanizmlarini kuchaytirish hamda fuqarolar va mansabdor shaxslarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish orqali bunday huquqbuzarliklarning oldini olish mumkin.

Shuningdek, o‘rmon fondi yerlarini muhofaza qilishga qaratilgan davlat siyosatini izchil amalga oshirish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash hamda tabiiy boyliklardan oqilona foydalanishni yo‘lga qo‘yish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir. Faqatgina qonun ustuvorligi va jamoatchilik nazorati uyg‘unlashgan holda ushbu sohada ijobiy natijalarga erishish mumkin.

 

M.Kurbanov,
TDYU
Jinoyat huquqi, kriminologiya va
korrupsiyaga qarshi kurashish sho’basi
professori v.b., yu.f.f.d (PhD)