Bu bo‘yicha Prezidentning “Yangi O‘zbekiston yoshlarі – 2030” strategiyasini 2026–2027 yillarda amalga oshirish hamda yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.

2026 yildan har yili sentyabr oyida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida milliy urf-odatlarga tayanib, yuksak madaniy-estetik me’yorlar hamda xavfsizlikni ta’minlagan holda “Yoshlik – hayotning baxtli va oltin davri” shiori asosida umummilliy yoshlar festivalini o‘tkazib borish yo‘lga qo‘yiladi.

2026 yildan kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan yosh ijodkorlarni rag‘batlantirish maqsadida “Ilg‘or ijodkor” Prezident mukofoti joriy etiladi. Unga ko‘ra:

  • she’riyat, dramaturgiya hamda bolalar adabiyoti yo‘nalishlari bo‘yicha eng yaxshi yozuvchi va shoirlar mukofotlanadi;
  • har bir yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblar BHMning 200 baravari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

2026 yildan hududlarda ta’lim muassasasi, sport obyektlari, yoshlar va madaniyat markazi, kutubxona, kinoteatr, kontsert-tomosha zali, ko‘ngilochar saylgoh va bog‘lardan iborat yoshlarga mo‘ljallangan infratuzilma obyektlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha minimal standartlar joriy etiladi.

2026–2027 yillarda har bir hududda 1 tadan turizm, gastronomik, yoshlar sayilgohi va savdo-servisga ixtisoslashgan maxsus xizmat ko‘rsatuvchi ko‘chalarda kutubxona, “book cafe”, kitob do‘konlari joylashtiriladi.

Kitob sotuvini oyiga 10 mingdan oshirgan tadbirkorlarga 1 mlrd so‘mgacha Markaziy bank asosiy stavkasining 50 foizi miqdoridagi foiz stavkasida 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga ssuda ajratish choralari ko‘riladi.