Tadbirda Dunyo yosh turk yozuvchilari birligi raisi, shoir va publitsist Intiqom Yashar, TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev, Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi raisi  o‘rinbosari Salim Babullao‘g‘li, Anqara Ijtimoiy fanlar universiteti rektori Muso Kozim Arijan, Turkiya Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammed Enes Kala, Turkmaniston Madaniyat vazirligi vakili Akmurod Rajabov, shuningdek, turkiy dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan adabiyot va madaniyat namoyandalari ishtirok etdilar.

So‘zga chiqqanlar Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi adabiy-madaniy aloqalar so‘nggi yillarda yanada rivojlanib borayotganini ta’kidlab, Shuhrat Orif ijodining ozarbayjon kitobxonlariga taqdim etilishini ikki qardosh xalqning mushtarak ma’naviy qadriyatlarini targ‘ib etish yo‘lidagi muhim voqea sifatida baholadilar. Shuningdek, mazkur nashr turkiy dunyoning adabiy integratsiyasiga, o‘zaro tarjima an’analarining boyishiga va madaniy hamkorlikning kengayishiga salmoqli hissa qo‘shishi qayd etildi.

 “Maktubdir umrim” kitobi Ozarbayjondagi Dunyo yosh turk yozuvchilari birligi hamda “Hududiy huquqiy va iqtisodiy ma’rifat” jamoat birlashmasining hamkorlikdagi loyihasi doirasida tayyorlangan. Loyihaning asosiy maqsadi turkey  dunyoning mushtarak ma’naviy merosini targ‘ib qilish, Ozarbayjon–O‘zbekiston adabiy aloqalarini yanada mustahkamlash, zamonaviy o‘zbek she’riyatini ozarbayjon kitobxonlariga tanishtirish hamda turkiy xalqlar o‘rtasidagi adabiy-madaniy hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.

Tadbir davomida Shuhrat Orif ijodi haqida batafsil ma’lumot berildi, kitobdan namunalar o‘qildi hamda ushbu nashr turkiy dunyoning madaniy hayotiga munosib hissa ekani alohida e’tirof etildi.

Taqdimot yakunida ishtirokchilar muallifni samimiy tabriklab, mazkur kitob Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasida yangi adabiy loyihalar hamda madaniy hamkorlikning yanada rivojlanishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.