Shu ma’noda, alifboni takomillashtirish masalasi bir necha harfni almashtirish yoki ayrim grafik belgilarni o‘zgartirishdan iborat oddiy texnik jarayon emas. Bu o‘zbek tilining kelgusi taraqqiyoti, ta’limdagi, ilm-fandagi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridagi va xalqaro axborot makonidagi mavqei bilan bog‘liq strategik masaladir.

Bugun jamoatchilik orasida lotin yozuvidagi o‘zbek alifbosini takomillashtirishga oid turli fikrlar bildirilayotgani tabiiy. Chunki yozuv masalasi millatning tarixiy xotirasi, ma’naviy qadriyatlari va milliy o‘zligi bilan chambarchas bog‘liq. Har qanday islohot singari alifbo masalasi ham ochiq muhokama, ilmiy bahs va turli qarashlarni talab qiladi.

Biroq bunday muhokamalarda bir jihatni unutmaslik zarur: taklif etilayotgan o‘zgarishlar kecha yoki bugun paydo bo‘lgan tasodifiy g‘oya emas. Ularning zamirida ko‘p yillik ilmiy izlanishlar, mutaxassislar muhokamalari, jamoatchilik fikrini o‘rganish, ta’lim amaliyoti va zamonaviy axborot texnologiyalari talablarini tahlil qilish jarayoni mavjud.

Qariyb o‘n yillik izlanish

So‘nggi o‘n yillik Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti uchun ham, o‘zbek alifbosi va imlosini takomillashtirish jarayoni uchun ham muhim bosqich bo‘ldi. Universitetni tashkil etish to‘g‘risidagi farmonda o‘zbek tilining asl tabiati va xususiyatlarini to‘la aks ettiradigan akademik va o‘quv grammatikalarini yaratish, tovushlar tizimi va ularning yozuvda aks etishini takomillashtirish, amaldagi imlo qoidalarini mukammallashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan takliflar tayyorlash kabi muhim vazifalar belgilangan edi. Ana shu vazifalar ijrosi doirasida 2016 yilda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi va imlosini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash bo‘yicha ishchi guruh tuzildi. Uning tarkibiga universitet professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqot muassasalari xodimlari, taniqli tilshunos olimlar, ta’lim tizimi vakillari va boshqa mutaxassislar jalb qilindi.

Keyingi yillarda alifbo masalasi faqat ilmiy doira ichida emas, balki keng jamoatchilik ishtirokida ham muhokama qilindi. Bu jihat alohida ahamiyatga ega. Chunki yozuvdan faqat tilshunos foydalanmaydi. Undan o‘quvchi ham, o‘qituvchi ham, yozuvchi va jurnalist ham, davlat xizmatchisi va noshir ham, dasturchi va tarjimon ham foydalanadi. Demak, alifbo barcha qatlamlar ehtiyojini hisobga oladigan universal tizim bo‘lishi kerak. Shu nuqtayi nazardan, ishchi guruh faoliyatining eng muhim jihatlaridan biri turli manbalardan kelib tushgan fikr va takliflarni yig‘ish, tasniflash, ilmiy ­mezonlar asosida tahlil qilish va umumlashtirishdan iborat bo‘ldi. 2016 yilda ijtimoiy tarmoqda “O‘zbek tili jonkuyarlari” guruhi tashkil etilishi ham bu jarayonning muhim qismiga aylandi. Mazkur maydon alifbo va imlo masalalariga doir turli qarashlarni yig‘ish, muhokama qilish va saralash imkonini berdi. Ishchi guruhga kelib tushgan takliflarning ko‘pchiligi ochiq muhokama qilindi.

Bundan tashqari, turli yig‘ilishlar, ilmiy konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari, ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlar, davlat organlariga yuborilgan murojaatlar va jamoatchilik muhokamalarida bildirilgan fikrlar ham o‘rganildi. Demak, bugungi alifbo takomillashuvi bilan bog‘liq qarashlarni biror shaxs yoki bir guruh olimlarning subyektiv xohishi sifatida baholash ilmiy haqiqatga mos kelmaydi. Bu ko‘p yillar davomida to‘plangan tajriba, muhokama va tahlillarning umumlashgan natijasidir.

Muammo qayerda edi?

Ilmiy izlanishlar davomida amaldagi lotin alifbosining qator jihatlari alohida tahlil qilindi. Ayniqsa, O‘, G‘, Sh, Ch va ng ning grafik ifodasi bilan bog‘liq masalalar ko‘p yillik muhokamalar markazida bo‘ldi. Avvalo, O‘ va G‘ harflari masalasiga e’tibor qarataylik.

Amaliyotda O‘ va G‘ harflarini yozishda turli belgilar qo‘llanib kelingan. Bir foydalanuvchi bir belgidan, ikkinchisi boshqa belgidan, uchinchisi esa klaviaturasida mavjud boshqa variantdan foydalanishi mumkin edi. Natijada bitta harfning turli grafik ko‘rinishlari paydo bo‘ldi. Bu masala faqat estetik muammo emas. Turli grafik belgilar elektron qidiruv tizimlarida, ma’lumotlar bazalarida, avtomatik saralashda, matnlarni qayta ishlashda va raqamli platformalarda muayyan qiyinchiliklar tug‘diradi. Masalan, inson ko‘zi uchun bir-biriga yaqin ko‘ringan ikki belgi kompyuter uchun mutlaqo boshqa kodga ega bo‘lishi mumkin. Natijada bir xil so‘z turli shakllarda yozilganda elektron tizim uni yagona birlik sifatida qabul qilmasligi ehtimoli yuzaga keladi. Bugungi raqamli davrda bunday muammo kichik texnik noqulaylik sifatida qaralmasligi kerak. Chunki til tobora ko‘proq elektron muhitda yashamoqda.

Sh va Ch: ikki harfmi yoki bir tovushmi?

Amaldagi alifbodagi yana bir muhim masala Sh va Ch harfiy birikmalaridir. O‘zbek tilida bu birikmalar tegishli tovushlarni ifodalashi, biroq grafik jihatdan ikki harf orqali yozilishi alifbo va tovush tizimi o‘rtasidagi munosabatni murakkablashtiradi. Bu holatni, ayniqsa, boshlang‘ich ta’lim nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqish muhim. Birinchi sinf o‘quvchisiga savod o‘rgatish jarayonida odatda tovush va harf munosabati sodda va izchil tushuntiriladi. Bola muayyan tovushning muayyan grafik belgisi mavjudligini anglaydi. Keyinchalik esa Sh va Ch kabi birikmalar bilan to‘qnash keladi. Bu esa savod chiqarish metodikasida qo‘shimcha tushuntirishni talab qiladi. Masalan, bola bir tovushni ifodalovchi birlikning ikki grafik belgidan tashkil topganini o‘zlashtirishi kerak bo‘ladi. Tilshunos uchun bu oddiy nazariy hodisa bo‘lishi mumkin. Ammo savod chiqarayotgan bola uchun u qo‘shimcha kognitiv yuklama demakdir. Shuning uchun alifbo masalasini faqat katta yoshdagi savodli inson nuqtayi nazaridan emas, birinchi sinf o‘quvchisi ko‘zi bilan ham ko‘rish zarur. Bu jihat alifbo islohotining ta’limiy ahamiyatini ko‘rsatadi.

O‘zbek tilidagi ng tovushining yozuvda ifodalanishi ham uzoq yillardan buyon muhokama qilib kelinayotgan masalalardan biridir. Mazkur tovushning grafik ifodasi, uning alifbodagi maqomi, bosh harf shakli va boshlang‘ich ta’limda o‘rgatilishi bilan bog‘liq masalalar alohida ilmiy va metodik yondashuvni talab qiladi. Bu masalaning yana bir tomoni raqamli texnologiyalar bilan ham bog‘liqdir. Bugungi kunda til faqat qog‘ozdagi matn emas. Elektron lug‘atlar, milliy korpuslar, qidiruv tizimlari, nutqni avtomatik tanish, matnni avtomatik tahlil qilish, mashina tarjimasi va sun’iy intellekt tizimlarida ham til birliklarining aniq grafik va kodlash tizimiga ega bo‘lishi muhim. Shu sababli alifboni takomillashtirish masalasini kompyuter lingvistikasi va raqamli texnologiyalardan ajratib ko‘rish mumkin emas.

* * *

Bugungi kunda dunyoda tilning raqamli mavjudligi uning taraqqiyot ko‘rsatkichlaridan biriga aylanmoqda. Elektron lug‘at, milliy korpus, qidiruv tizimi, elektron hukumat, sun’iy intellekt, avtomatik tarjima, nutqni tanish, ovozli yordamchilar, ta’lim platformalari — bularning barchasi tilning texnologik jihatdan standartlashtirilgan yozuv tizimini talab qiladi. Shuning uchun bugungi alifbo kechagi alifbodan farq qiladi. Kechagi yozuv, avvalo, kitob, gazeta va qo‘lyozma uchun xizmat qilgan bo‘lsa, bugungi yozuv kompyuter, smartfon, internet va sun’iy intellekt bilan ham “muloqot qilishi” kerak. Shu ma’noda, alifboning har bir belgisi texnologik obyekt hamdir. Har bir harfning kodi, uning boshqa belgilar bilan munosabati, qidiruv tizimlarida qanday tan olinishi, alifbo tartibida qanday saralanishi, ma’lumotlar bazasida qanday saqlanishi — bularning barchasi yozuv tizimining zamonaviyligini belgilaydi. Demak, alifboni takomillashtirish tilni raqamlashtirish jarayonining ham muhim tarkibiy qismidir.

Yangi grafik yechimlar

Alifbo islohoti haqida fikr yuritishda yana bir masalaga alohida e’tibor qaratish lozim. Ba’zan taklif qilinayotgan ayrim grafik shakllar o‘zbek yozuvi ­an’analariga begona degan qarashlar bildiriladi. Biroq tarixga murojaat qiladigan bo‘lsak, bunday xulosaga kelish uchun yetarli asos yo‘qligini ko‘ramiz. 1929-yilda qabul qilingan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ham o‘zbek tilining fonetik xususiyatlarini aniqroq ifodalash maqsadida maxsus grafik belgilar qo‘llangan. Xususan, Ş ş harfi “sh” tovushini ifodalash uchun ishlatilgan. Demak, bugungi kunda muhokama qilinayotgan ayrim grafik yechimlar o‘zbek yozuvi tarixida mutlaqo begona hodisa emas. Aksincha, ular turkiy xalqlarning lotin yozuvlari tajribasi va o‘zbek yozuvining tarixiy an’analariga muayyan darajada bog‘liq. Bu yerda muhim metodologik xulosa shuki, yozuv islohoti tarixni inkor etmasligi, balki tarixiy tajribadan foydalanib, zamonaviy ehtiyojlarga javob berishi kerak. Jadidlar davrida boshlangan yozuv islohotlarining asosiy maqsadlaridan biri ham tilning o‘ziga xos xususiyatlarini imkon qadar aniq va qulay ifodalash edi. Shunday ekan, bugungi islohotni tarixiy an’analardan uzilish sifatida emas, balki tarixiy tajriba va zamonaviy texnologik ehtiyojlar uyg‘unlashuvi sifatida baholash maqsadga muvofiq.

* * *

O‘zbek alifbosini takomillashtirish masalasi keyingi yillarda davlat tiliga oid hujjatlarda ham izchil davom ettirildi. Davlat tilining nufuzi va mavqeini oshirishga, o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirishga doir hujjatlarda alifbo va imloni takomillashtirish masalasiga muhim vazifa sifatida qaraldi. Bu esa alifbo islohotining faqat tor doiradagi lingvistik masala emasligini ko‘rsatadi. U davlat tilini rivojlantirish siyosatining tarkibiy qismidir. 2023-yilda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan respublika ilmiy-nazariy konferensiyasi o‘tkazilgani masalaning ilmiy jamoatchilik uchun dolzarbligini ko‘rsatadi. Konferensiyada olimlar, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, davlat tili masalalari bo‘yicha mutaxassislar va OAV vakillari ishtirok etgan. Demak, alifbo masalasi yillar davomida turli bosqichlardan o‘tib, ilmiy va jamoatchilik muhokamasi asosida takomillashib bordi.

Bosh mezon — bosqichma-bosqichlik

Yozuv masalasida yana bir tamoyilni unutmaslik kerak: har qanday o‘zgarish bosqichma-bosqich amalga oshirilishi lozim. Chunki alifbo faqat darsliklarda mavjud emas. U davlat hujjatlarida, blankalarda, peshlavhalarda, ko‘rsatkichlarda, elektron ma’lumotlar bazalarida, dasturiy ta’minotda, kitoblarda, lug‘atlarda va millionlab fuqarolarning kundalik yozishmalarida qo‘llanadi. Shuning uchun yangi grafik tizim joriy etilishi jamiyat hayotini izdan chiqarmasligi, iqtisodiy jihatdan ortiqcha yuk tug‘dirmasligi va ta’lim tizimida keskin uzilishlarga sabab bo‘lmasligi kerak. Ayniqsa, darsliklarni tabiiy yangilash jarayoni bilan uyg‘unlashtirish muhim. Yangi darsliklar navbatdagi nashrlarda yangi grafik me’yorlar asosida bosqichma-bosqich chop etilishi mumkin. Bunday yondashuv nafaqat iqtisodiy jihatdan maqbul, balki pedagogik nuqtayi nazardan ham qulaydir.

Qulaylik, avvalo, bolalarimiz uchun

Alifbo islohotiga munosabat bildirayotganda eng muhim savollardan biri quyidagicha bo‘lishi kerak: biz bugungi kattalarning odatini saqlab qolish yoki ertangi kun bolalariga qulay yozuv tizimini yaratish haqida o‘ylayapmizmi? Bu ikki masala o‘rtasida katta farq bor. Bugun biz uchun odatiy bo‘lib qolgan grafik shakl ertaga maktabga boradigan bola uchun eng qulay variant bo‘lmasligi mumkin. Shuning uchun alifbo masalasini faqat “men bunga ko‘nikib qolganman” yoki “bu harf menga yoqadi” kabi subyektiv mezonlar asosida baholab bo‘lmaydi. Alifbo, eng avvalo, bola uchun o‘rganishga qulay, o‘qituvchi uchun tushuntirishga sodda, til uchun fonetik jihatdan asosli, jamiyat uchun foydalanishga qulay va texnologiyalar uchun qayta ishlashga mos bo‘lishi kerak. Ana shunday ko‘p mezonli yondashuvgina alifbo islohotining haqiqiy mohiyatini ochib beradi.

Tilshunoslik va texnologiya chorrahasida

Bugun o‘zbek tili oldida yangi vazifalar turibdi. O‘zbek tilining milliy korpusini rivojlantirish, elektron lug‘atlarni takomillashtirish, mashina tarjimasi sifatini oshirish, sun’iy intellekt tizimlarini o‘zbek tiliga moslashtirish, ovozli texnologiyalarni rivojlantirish, o‘zbek tilidagi raqamli kontent hajmini kengaytirish — bularning barchasi yozuv tizimining texnik jihatdan puxta bo‘lishini talab qiladi. Shuning uchun alifbo islohoti masalasini kelajakdagi texnologiyalarni hisobga olmasdan hal qilib bo‘lmaydi. Bugun yaratilayotgan alifbo faqat bugungi kompyuter dasturlari uchun emas, ertaga yaratiladigan dasturlar uchun ham xizmat qilishi kerak. Bugungi bola esa kelajakda o‘zbek tilida sun’iy intellekt bilan muloqot qiladi, elektron ilmiy bazalardan foydalanadi, raqamli darsliklarni o‘qiydi, xalqaro axborot makoniga chiqadi. Demak, bugungi qarorlarimiz uning ertangi imkoniyatlariga ta’sir qiladi.

O‘zbek alifbosini takomillashtirish masalasi qariyb o‘n yil davomida qilingan ilmiy izlanishlar, turli darajadagi muhokamalar, mutaxassislar va jamoatchilik fikrlarini o‘rganish, ta’lim amaliyoti hamda raqamli texnologiyalar talablarini hisobga olish natijasida shakllangan jarayondir. Bu jarayon davomida amaldagi alifboning O‘, G‘, Sh, Ch va ng bilan bog‘liq grafik, metodik va texnologik jihatlari chuqur tahlil qilindi. Masalaning nafaqat tilshunoslik, balki ta’lim, nashriyot, elektron qidiruv, ma’lumotlar bazasi, kompyuter lingvistikasi va sun’iy intellekt nuqtayi nazaridan ham ahamiyati ochib berildi. Shu bois, bugungi alifbo islohotiga munosabat bildirayotganda hissiyotdan ko‘ra ilmiy dalilga, odatdan ko‘ra kelajak ehtiyojiga, subyektiv qarashdan ko‘ra umumiy milliy manfaatga tayanishimiz kerak. Albatta, har bir harf ustida bahslashish mumkin. Har bir grafik yechimni muhokama qilish, takliflar bildirish mumkin. Ilmiy munozara bundan keyin ham davom etishi tabiiy. Chunki ilmiy fikr bahs va dalil orqali takomillashadi. Ammo asosiy maqsad bitta bo‘lishi kerak: o‘zbek tilining fonetik tabiatini aniq aks ettiradigan, ta’lim uchun qulay, imlo jihatidan izchil, raqamli texnologiyalar bilan uyg‘un va kelajak avlod uchun xizmat qiladigan yozuv tizimini yaratish. Shu nuqtayi nazardan, alifboni takomillashtirishni oddiy grafik o‘zgarishlar majmui sifatida emas, balki o‘zbek tilining zamonaviy taraqqiyot strategiyasining muhim tarkibiy qismi sifatida baholash lozim. Chunki alifbo shunchaki harflar to‘plami emas. U millatning tafakkurini ifodalash, ilm-fanini rivojlantirish, madaniy merosini saqlash, ta’lim tizimini takomillashtirish va zamonaviy texnologiyalar bilan muloqot qilish imkonini beradigan vositadir. Alifbo kechagi kunning merosi bo‘lishi mumkin. Ammo u, eng avvalo, ertangi kunning poydevori bo‘lishi kerak. Bugun biz alifboni o‘zimiz emas, hali maktabga bormagan bolalarimiz, hali yaratilmagan elektron lug‘atlar, hali ishlab chiqilmagan dasturlar, hali shakllanmagan raqamli platformalar va kelajak avlod uchun takomillashtirmoqdamiz. Shuning uchun alifbo islohoti alohida harflar haqidagi bahs emas. Bu o‘zbek tilining raqamli asrdagi taqdiri, uning ilmiy salohiyati, ta’limdagi qulayligi va kelajak avlod oldidagi mas’uliyatimiz haqidagi masaladir. Tilga muhabbat faqat mavjud holatni saqlab qolishdan iborat emas. Tilga chin muhabbat uning tabiiy imkoniyatlarini chuqur anglash, uni zamon talablari bilan uyg‘un rivojlantirish va kelajak avlodga yanada mukammal holda yetkazish mas’uliyatini ham o‘z ichiga oladi.

Saodat MUHAMЕDOVA,

filologiya fanlari doktori, professor