Loyihaga koʻra, 2028 yil 1 yanvardan pensiya yoshi har yili 3 oyga oshirib boriladi. Natijada 2039 yilda umumiy belgilangan pensiya yoshi erkaklar uchun 63 yoshga, ayollar uchun 58 yoshga yetkaziladi.

Shuningdek, 2027 yil 1 yanvardan umumiy belgilangan pensiya yoshini bir yilga qisqartirgan holda pensiya tayinlash tartibi bekor qilinadi.

Pensiya yoshi oshirilayotgan davrda pensiyaoldi yoshidagi fuqarolar uchun qator kafolatlar belgilanadi. Jumladan, pensiyaoldi yoshini vaj qilib fuqaro­ni ishdan boʻshatish yoki ishga qabul qilishdan bosh tortishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Ishsiz deb eʼtirof etilgan fuqarolarga pensiyaga ikki yil oldin muddatidan avval chiqish huquqi saqlanadi. Yerosti ishlarida, zararli va ogʻir mehnat sharoitlarida toʻliq ish kuni davomida mehnat qilgan erkaklar va ayollarning imtiyozli pensiyaga chiqish huquqi ham saqlab qolinadi.

Pensiya oluvchilarga tatbiq etiladigan soliq, transport va sogʻliqni saqlash sohasidagi imtiyozlar saqlanadi. Erkaklarga 60 yoshdan, ayollarga esa 55 yoshdan jamgʻarib boriladigan pensiya mablagʻlarini olish huquqi beriladi.

Pensiya hisoblashda ish haqi davri 20 yilgacha oshiriladi

2027 yil 1 yanvardan pensiyani hisoblab chiqarishda inobatga olinadigan oxirgi mehnat faoliyati davridagi besh yillik ish haqi har yili bir yilga oshirib boriladi va bu davr 20 yilga yetkaziladi.

Bunda pensiya tayinlashda oʻrtacha ish haqini aniqlash uchun fuqaroning eng past daromadli davrining 10 foizi pensiya hisob-kitobidan chiqarib tashlanadi.

Yoshga doir pensiya tayinlash uchun talab etiladigan eng kam ish staji ham bosqichma-bosqich oshiriladi. Amaldagi 7 yillik talab har yili bir yilga oshirilib, 2034 yilda 15 yilga yetkaziladi.

Eng kam ish stajiga ega boʻlmagan fuqarolarga umumiy belgilangan pensiya yoshidan besh yil oʻtgach yoshga doir nafaqa olish huquqi saqlanadi.

Kechroq pensiyaga chiqqanlarga qoʻshimcha imkoniyat

Yuqori daromaddan ijtimoiy soliq toʻlayotgan hamda pensiya yoshida ham mehnat faoliyatini davom ettirayotgan fuqarolarni qoʻshimcha ragʻbatlantirish maqsadida 2028 yil 1 apreldan birinchi marta pensiya tayinlashda ish haqining yuqori chegarasi oshiriladi.

Bunda pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 12 baravari oʻrniga 13 baravari qoʻllaniladi. Fuqaro pensiyaga 6 oy kech chiqqan taqdirda chegara 14 baravargacha, 12 oy kech chiqqan taqdirda esa 15 baravargacha oshiriladi.

Jamgʻarib boriladigan pensiya tizimida yangi tartib

2027 yil 1 yanvardan oʻrtacha oylik ish haqi pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 15 baravaridan kam boʻlgan fuqarolar tomonidan jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻiga ixtiyoriy ravishda ish haqining 5 foizi miqdorida oʻtkazilgan mablagʻga davlat byudjeti hisobidan 50 foizgacha qoʻshimcha mablagʻ toʻlab beriladi.

Oʻrtacha oylik ish haqining pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 15 baravaridan yuqori qismidan 1 foiz miqdoridagi mablagʻ ijtimoiy soliq hisobidan fuqaroning jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻiga oʻtkaziladi. Bu koʻrsatkich 2033 yildan 2 foiz, 2040 yildan 3 foiz etib belgilanadi.

Fuqarolarga jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻidagi mablagʻlarni investitsiya va moliyaviy vositalarga joylashtirishda ishtirok etish imkoniyati beriladi. Bundan olinadigan yillik daromad fuqaroning jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻiga qoʻshib boriladi.

2030 yil 1 yanvardan jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻidagi mablagʻlardan ogʻir kasallikka chalinganda davolanish uchun hamda ipoteka kreditiga boshlangʻich toʻlov sifatida foydalanish huquqi beriladi.

Jamgʻarib boriladigan pensiya tizimi Pensiya jamgʻarmasiga oʻtkaziladi

2027 yil 1 yanvardan fuqarolarning jamgʻarib boriladigan pensiya tizimi AT «Xalq banki»dan Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi tasarrufiga oʻtkaziladi.

Hisobvaraqlarda toʻplangan mablagʻlar, jumladan davlat byudjeti va ijtimoiy soliq hisobidan qoʻshimcha toʻlab berilgan mablagʻlar hamda investitsiya va moliyaviy vositalardan olingan daromadlar fuqaroning shaxsiy mulki hisoblanadi. Ularni meros qilib qoldirish huquqi saqlanadi.

Tizim Pensiya jamgʻarmasi tasarrufiga oʻtkazilishi munosabati bilan jamgʻarib boriladigan pensiya tizimiga 31 ta shtat birligi ajratiladi.

Shuningdek, 2027 yil yakuniga qadar jamgʻarib boriladigan pensiya badallari hisobotı va shaxsiy pensiya hisobvaraqlaridagi mablagʻlar hisobini yuritish bosqichma-bosqich «Xalq banki»ning yagona elektron bazasidan Pensiya jamgʻarmasi axborot tizimiga oʻtkaziladi.

Oʻzini oʻzi band qilganlar uchun ham yangi tartib

2027 yil 1 yanvardan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun ijtimoiy soliqni qatʼiy belgilangan tartibda toʻlash tizimi joriy etiladi. Ularga ijtimoiy soliqni yil davomida boʻlib toʻlash huquqi beriladi.

Oʻzini oʻzi band qilganlar tomonidan toʻlangan ijtimoiy soliqning 10 foizi Davlat ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi. Bu mablagʻlar hisobidan belgilangan tartibda homiladorlik va tugʻish nafaqasi hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi toʻlab beriladi.

Bundan tashqari, 55 yoshdan oshgan ayollar va 60 yoshdan oshgan erkaklar uchun oʻrtacha ish haqi saqlangan holda qisqartirilgan ish vaqti joriy etiladi.

Kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam tayinlashda oila aʼzolarining maqomini belgilash uchun 55 yoshdan oshgan ayollar va 60 yoshdan oshgan erkaklardan rasmiy daromad talab etilmaydi.

Pensiya tizimida davlat byudjeti ishtirokini kuchaytirish taklif etilmoqda

2027 yil 1 yanvardan fuqaroning ish stajiga qoʻshib hisoblanadigan, ijtimoiy soliq va Pensiya jamgʻarmasiga oʻtkazilgan sugʻurta badallari toʻlanmagan davrlar, shuningdek pensiyalarni eng kam miqdorlarga yetkazish, pensiyaga ustama va qoʻshimcha toʻlovlarni moliyalashtirish bilan bogʻliq xarajatlarni davlat byudjeti hisobidan qoplash tizimi joriy etiladi.

Korxona va tashkilotlarga ijtimoiy soliq toʻlovi boʻyicha yangi imtiyozlar berishga yoʻl qoʻyilmaydi. Amaldagi imtiyozlar esa 2030 yil 1 yanvardan bekor qilinadi.

Xususiy pensiya jamgʻarmalari tashkil etilishi mumkin

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2027 yil yakuniga qadar fuqarolarning keksalikda moliyaviy barqarorligini mustahkamlash uchun mablagʻlarni ixtiyoriy jamgʻarish boʻyicha moliya bozorida raqobat muhitini shakllantirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqadi.

Unda xususiy va korporativ pensiya jamgʻarmalarini tashkil etish va ularning faoliyatini yoʻlga qoʻyish masalalari nazarda tutiladi.

Shuningdek, Pensiya jamgʻarmasi huzurida pensiya tizimini rivojlantirish va barqaror pensiya tizimini yaratish boʻyicha xalqaro konsultantlardan iborat loyiha ofisi tashkil etiladi.

«Pеnsiya» mobil ilovasi ishlab chiqariladi

Fuqarolarga kelajakdagi pensiya miqdorini muntazam ravishda bilish imkonini beruvchi mexanizm yaratiladi. Shuningdek, davlat va jamgʻarib boriladigan pensiya tizimlari boʻyicha yagona elektron profil shakllantiriladi.