Bir-birimizni ana shunday yaqinlik, uygʻun qadriyatlar bilan birga oʻzaro hurmat, yaxshi qoʻshnichilikning koʻp asrlik anʼanalari birlashtirib turadi. Qadimdan bir zaminda yonma-yon, ahil qoʻshni boʻlib yashab kelayotgan birodar xalqlar oʻrtasida asrlar davomida shakllangan quda- andalik anʼanalari hamon davom etib kelmoqda.
Tojikiston bugun ham Oʻzbekistonning davr sinovidan oʻtgan ishonchli hamkori, doʻstidir. Hozir koʻp qirrali hamkorlikning barcha yoʻnalishida ulkan taraqqiyot kuzatilmoqda. Ayniqsa, 2016-yildan boshlab Oʻzbekiston — Tojikiston munosabatlari tarixida tubdan yangi davr boshlandi. Siyosiy, iqtisodiy, madaniy aloqalar shiddatli rivojlanib, oʻzaro doʻstlik, qoʻshnichilik va hamkorlik darajasi mazmun jihatidan boyidi, davlatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar haqli ravishda strategik sheriklikdan ittifoqchilik maqomiga koʻtarildi.
2016-2025-yillarda Oʻzbekiston — Tojikiston oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarning keskin kengayishi ham aynan ana shu yuksak ittifoqchilik maqomi darajasida yuz berdi. Munosabatlar siyosiy, iqtisodiy va madaniy jabhalarda jadal rivojlanmoqda. Oʻzaro savdo hajmi oshib, sanoat kooperatsiyasi, energetika va transport yoʻnalishlarida muhim, foydali loyihalar amalga oshirilmoqda. Masalan, ikki davlat oʻrtasidagi tashqi savdo qiymati 2016-yilda bor-yoʻgʻi 197,1 million dollarga teng boʻlgan. Bu koʻrsatkich davlatlarimizning mavjud iqtisodiy imkoniyatidan juda kam edi. 2016-2025-yillarda Oʻzbekiston — Tojikiston tovar almashuvi hajmi 912,3 million dollarga yetdi yoki 4,6 baravar oshdi.
Joriy yil 19-fevral kuni Dushanbeda Tojikiston va Oʻzbekiston Bosh vazirlari ishtirok etgan Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha 13-hukumatlararo komissiya yigʻilishida hamkorlik barcha yoʻnalishda jadal rivojlanayotgani qayd etildi va uni kelgusida yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Bu jarayonda har ikki davlatning chegaradosh hududlari oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirish juda muhim va ayni borada qator chora-tadbirlar koʻrilyapti. Jumladan, Surxondaryo bilan Xatlon, Samarqand bilan Soʻgʻd viloyatlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik toʻgʻrisida bitimlar imzolandi.
2018-yil aprelda Samarqand shahrida Soʻgʻd viloyati ishbilarmon doiralari ishtirokida sanoat yarmarkasi oʻtkazilgandi. Anʼanaga aylangan mana shunday sanoat yarmarkalari qoʻshni viloyatlarning ishbilarmonlari oʻrtasida oʻzaro kooperatsiya aloqalarini oʻrnatish va mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Tadbirlar doirasida ikki viloyat tadbirkorlari oʻrtasida juda koʻp biznes va hamkorlik shartnomalari imzolanmoqda. Savdo-iqtisodiy aloqalar rivojida davlatlarimiz oʻrtasidagi 17 ta chegara-nazorat punktining barchasi toʻliq faoliyat yurita boshlagani muhim ahamiyat kasb etyapti.
Oʻzaro savdo tarkibi kengaymoqda
2016-yilgacha boʻlgan davrda ikki davlat oʻrtasida oʻzaro savdodagi mahsulotlar nomenklaturasi cheklangan boʻlib, bu qoʻshni mamlakatlar salohiyatidan ancha past edi. Ittifoqchilik maqomi oʻzaro savdo tarkibiga ham juda katta ijobiy taʼsir koʻrsata boshladi.
Jumladan, Milliy statistika qoʻmitasi dastlabki hisob-kitoblariga koʻra, Oʻzbekistonning 2025-yilda Tojikistonga eksport qilgan mahsulotlari umumiy hajmi 683,1 million dollarga yetgan boʻlsa, uning tarkibida 222,7 million dollarlik sanoat mahsulotlari (turli trikotaj va plastmassa mahsulotlari, metall prokati va boshqalar), 58,7 million dollarlik mashina va transport jihozlari (elektrotexnika va boshqa jihozlar), 53,1 million dollarlik mineral mahsulotlar (benzin, bitum, gaz), 53 million dollarlik kimyoviy mahsulotlar (polimer, sulfat, silikat, oʻgʻit, boʻyoq), 48,2 million dollarlik oziq-ovqat mahsulotlari (chorva uchun ozuqa, tuxum, qandolatchilik mahsulotlari, tayyor goʻsht mahsulotlari va boshqalar), 21 million dollarlik turli tayyor mahsulotlar (qurilish materiallari, tayyor kiyim, ipak matolari), 147,4 million dollarlik xizmatlar (asosan temir yoʻl transporti) kabilardan iborat boʻldi.
Tojikistonning Oʻzbekistonga eksporti nomenklaturasi ham tobora kengayib bormoqda. Masalan, 2025-yilda qoʻshni davlatning mamlakatimizga umumiy eksporti qiymati 229,3 million dollarga yetdi. Uning tarkibi ruda va konsentratlar (rux, mis va qimmatbaho metallar — 108,9 million dollarlik), toshkoʻmir (22,3 million dollarlik), elektr energiyasi (17,9 million dollarlik), paxta tolasi (17,6 million dollarlik), meva-cheva (7,4 million dollarlik), qora metall (5,1 million dollarlik), uy parrandasi (2,4 million dollarlik), plastmassa chiqindilari (1,8 million dollarlik), jami 6,6 million dollarlik oltingugurt, dala shpati va xizmatlar (asosan temir yoʻl xizmati)dan iborat.
Ulkan maqsadlarga birgalikda erishish mumkin
2016-2025-yillarda ikki davlat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar shiddatli rivojlanganini qayd etdik. Shunga qaramay, iqtisodiy aloqalar kengayishi uchun har ikki davlat ham ulkan imkoniyatlarga ega. Jumladan, 2025-yil yakunida Tojikistonning Oʻzbekiston umumiy tovar aylanmasidagi ulushi 2017-yildagi 0,9 foizdan 1,1 foizga oʻsdi. Bu koʻrsatkich mamlakatimiz eksporti tarkibida 1,5 foizdan 2 foizga, importida esa 0,4 foizdan 0,5 foizga yetdi, xolos.
Toʻgʻri, oxirgi yillarda iqtisodiy hamkorlik darajasidagi oʻsish surʼati keskin oshmoqda. Masalan, 2025-yili tovar aylanmasi 2024-yildagiga nisbatan 22,5 foiz, eksport 24,1 foiz, import 13,8 foiz oʻsishiga erishildi. Bunday oʻsish surʼatining davom etishi ikkala davlat oʻrtasidagi tovar aylanmasi hajmini keskin oshirib, 2 milliard dollarga yetkazishdek ulkan maqsadga tezda erishish mumkinligini koʻrsatib turibdi.
Buning uchun davlatlarimiz oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishning qator zaxira va imkoniyatlaridan samarali foydalanish taqozo etiladi.
Sanoat sohasida hamkorlikni rivojlantirish oʻzaro iqtisodiy aloqalarni kengaytirishning ustuvor yoʻnalishlaridan. Jumladan, xomashyoni chuqur qayta ishlash boʻyicha qoʻshma klasterlar tashkil etish va ularda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni birgalikda uchinchi davlatlarga eksport qilish mumkin.
Toʻqimachilik ham iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishning istiqbolli sohasi. Yaqin yillargacha Oʻzbekistonda yetishtirilayotgan paxta xomashyosining 10-15 foizigina yurtimizda qayta ishlanar, qolgan 85-90 foizi xorijga tola va ip-kalava shaklida eksport qilinardi. Natijada paxta tolasini qayta ishlashdan keladigan foydaning asosiy qismi ham xorijdagi mato ishlab chiqaradigan, tayyor kiyim tikadigan va ularni sotadigan kompaniyalar hisobiga tushar edi.
Oʻzbekistonda paxta yetishtirish, tashish, saqlash, qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish sohalari soʻnggi yillarda yagona nuqtaga birlashtirildi, yaʼni paxta-toʻqimachilik klasterlari tizimi tashkil etildi. Mazkur klasterlar faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi paxtachilik va toʻqimachilik sohalari rivojida yangi sahifa ochdi. Xomashyoni yetishtiruvchi va qayta ishlovchi tizimlar faoliyati samaradorligi sezilarli darajada oshdi.
Xullas, paxta-toʻqimachilik sohalarini klasterlar shaklida birgalikda rivojlantirish borasida Oʻzbekistonda katta tajriba toʻplandi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, hamkorlikda ikki davlat hududida sanoat kooperatsiyasi asosida toʻqimachilik klasterlari tashkil etish katta istiqbolga ega. Zero, tayyor mahsulotlarni xorijga sotish har ikki tomon — oʻzbek va tojik ishbilarmonlariga, dehqonlarga, sanoat ishchilariga qoʻshimcha katta foyda olish imkonini beradi.
Soʻnggi yillarda qator davlatlarda kasalliklarni davolashda kimyoviy dorilarni kamroq ishlatib, tabiiy oʻsimlik va giyohlardan koʻproq foydalanilyapti. Oʻzbek va tojik zamini esa tabiiy dorilar ishlab chiqarish uchun xomashyo boʻlgan turli-tuman oʻsimlik va shifobaxsh giyohlarga oʻta boy. Ana shu tabiiy boylikdan farmatsevtika sanoatida oqilona foydalanish bugun inson salomatligini saqlash uchun katta ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda davlatlarimiz farmatsevtika sohasida juda salmoqli ishlar qilyapti. Jumladan, Oʻzbekistonda farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishga xorijiy va mahalliy investitsiyalarni faol jalb etish uchun qulay shart-sharoit yaratish, dorivor oʻsimliklar xomashyosini yetishtirish uchun noyob sharoitni inobatga olgan holda mahalliy dorivor vositalar bozorini yurtimizda ishlab chiqarilgan yuqori sifatli dori-darmon bilan toʻldirish maqsadida 2017-yili Prezidentimizning maxsus farmoni bilan “Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Boʻstonliq-farm” va “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonalari tashkil etilgandi.
Farmatsevtika sohasida tashkil etilgan 7 ta erkin iqtisodiy zona orqali dorivor oʻsimliklar xomashyosini oʻziga xos tabiiy sharoitlarda yetishtirish va qayta ishlash borasida sohadagi ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks hamda samarali foydalanishni taʼminlash, yuqori qoʻshilgan qiymatli zamonaviy farmatsevtika mahsulotlari va dori vositalarini ishlab chiqarishni tashkil etish kabi vazifalarni bajarish maqsad qilingan. Demak, tomonlarda farmasevtika sohasi boʻyicha ham samarali hamkorlik qilish imkoniyati katta.
Oʻzbekiston va Tojikiston mintaqada xomashyo va qayta ishlanmagan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining yirik eksportchilari. Shuning uchun ularni qayta ishlash uchun qoʻshma ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish ham oʻzaro hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishidir. Ikki mamlakat ulkan Yevroosiyo hududida meva-sabzavotlarning juda koʻp turini yetishtirish va ularni qayta ishlanmagan, quritilgan va qayta ishlangan holda eksport qilish hajmi boʻyicha yetakchi mavqega ega.
Meva-sabzavotlarni qayta ishlash, jumladan, sanoat usulida quritish sohasida qoʻshma korxonalar tashkil etish arzon, sifatli va xorijiy bozorlarda xaridorgir tayyor oziq-ovqat mahsulotlarini katta hajmlarda ishlab chiqarish imkoniyatini yaratadi. Bu mahsulotlarni MDH va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Xitoy, Hindiston va boshqa davlatlarga eksport qilish mumkin.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston — Tojikiston investitsiya kompaniyasining moliyaviy imkoniyatlaridan qoʻshma ixtisoslashgan tarmoqlarni yaratish uchun foydalanish mumkin. Qoʻshma korxonalarda ishlab chiqarilayotgan tayyor mahsulotlar hajmining oshishi tannarxning pasayishi va MDH mamlakatlari bozoriga ham, Xitoy bozoriga ham eksport qilish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi.
Oʻzbek va tojik dehqonlari asrlar davomida sayqallangan yuksak ziroatchilik sivilizatsiyasini yaratgan. Bu ikki makonda qishloq xoʻjaligi sugʻorma dehqonchilik anʼanalari asosida shakllangan va rivoj topgan. Ana shu ulkan tajribaga tayangan holda har ikki davlat hududida yangi yerlarni oʻzlashtirish, irrigatsiya va melioratsiya, yer-suv resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish, agrar tarmoqqa raqamli texnologiyalar, innovatsiya yutuqlari va sunʼiy intellektni joriy etish sohalarida oʻzaro manfaatli hamkorlik qilish imkoniyatlari mavjud.
Tojikiston oʻzida ishlab chiqarilmaydigan tayyor mahsulotlar, xususan, avtomobil, maishiy texnika, ayniqsa, kir yuvish mashinasi, konditsioner, katta hajmli muzlatkich, baʼzi oziq-ovqat, toʻqimachilik va kimyo mahsulotlari eksportini oshirish uchun istiqbolli bozordir. Qoʻshni davlat bilan umumiy chegara va rivojlangan transport infratuzilmasi mavjudligi mahsulotlarni tashish xarajati pasayishiga asos boʻladi.
Tojikistonda gidroenergetika inshootlarini birgalikda qurish va ishlatish hamda transchegaraviy suv resurslaridan birgalikda foydalanish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki bu yoʻl bilan nisbatan arzon elektr energiyasi ishlab chiqarish va suv resurslaridan samarali foydalanish mumkin.
Shuningdek, oziq-ovqat sanoati korxonalarini modernizatsiya qilish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish asosida katta miqdorda eksportbop tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish va uni uchinchi davlatlar, jumladan, Afgʻonistonga eksport qilish imkoni mavjud. Buning uchun Tojikiston bilan chegaradosh hududlarda agrologistika markazlari va omborxonalarni birgalikda tashkil etish maqsadga muvofiq.
Oʻzbekiston va Tojikiston hududida koʻp asrlar davomida barpo etilgan noyob qadimgi yodgorliklar mavjud. Ikki xalq oʻrtasida bu osori atiqalarni, ayniqsa, islom madaniyatiga mansub majmualarni ziyorat qilishga intilish katta. Shu bois, mazkur sohada hamkorlikni kengaytirish, ziyorat turizmini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratish, ayniqsa, shunday yodgorliklar joylashgan hududlarga toʻgʻridan toʻgʻri samolyot va avtobus qatnovini yoʻlga qoʻyish iqtisodiy barqarorlik bilan birga oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilik ruhini mustahkamlash, bordi-keldilarni yanada yaxshilashga zamin yaratadi.
Umuman olganda, oʻzaro savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish, uning hajmini 2 milliard dollarga yetkazish ikki mamlakat iqtisodiy oʻsishi, xalqlarimiz farovonlashuviga sezilarli taʼsir koʻrsatadi. Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning Oʻzbekistonga davlat tashrifi va unda qabul qilinadigan kelishuvlar esa ikki davlat va xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik aloqalarini yanada kuchaytirish, ittifoqchilik maqomini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Odil OLIMJONOV,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar
markazi bosh ilmiy xodimi,
iqtisodiyot fanlari doktori,
professor