“Oʻzbekneftgaz” tizimida tabiiy gaz qazib chiqarish dinamikasi, mavjud pasayish omillari hamda ularni qoplash boʻyicha koʻrilayotgan choralar haqida axborot berildi. Joriy yilning birinchi choragida yangi quduqlarni ishga tushirish, mavjudlarini taʼmirlash va texnologik tadbirlarni amalga oshirish hisobiga qoʻshimcha hajmlar taʼminlangani, yil davomida esa bu boradagi ishlar yanada kengaytirilishi rejalashtirilgani qayd etildi.

Quduqlar samaradorligini oshirish uchun zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Hozirda yangi 2D va 3D seysmik tadqiqotlar uchun istiqbolli maydonlar aniqlanmoqda. Burgʻilash va dala ishlari ustidan xalqaro standartlar asosida nazoratni kuchaytirish maqsadida supervayzing tizimini yoʻlga qoʻyish, geologik-gidrodinamik modellashtirish va qazib chiqarish dasturlarini yanada puxta shakllantirish boʻyicha choralar belgilangan.

Konlarda gaz qazib olish koeffitsientini oshirish, qiyin oʻzlashtiriladigan zaxiralarga yangi yondashuvlarni tatbiq etish, 2026-2027-yillarga moʻljallangan dasturlarning iqtisodiy samaradorligini baholash masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi. Bu borada xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda tegishli ishlar olib borilayotgani qayd etildi.

Davlatimiz rahbari tarmoqda ishlab chiqarish barqarorligini taʼminlash, mavjud quvvatlardan samarali foydalanish, geologiya-qidiruv va burgʻilash ishlarini tizimli tashkil etish, shuningdek, xorijiy hamkorlar bilan amaliy natija beradigan sheriklikni kengaytirish muhimligini taʼkidladi.

Mutasaddilarga belgilangan rejalar ijrosini qattiq nazoratga olish va har bir yoʻnalish boʻyicha aniq natijadorlikni taʼminlash yuzasidan topshiriqlar berildi.