Hamyurtimiz T.M. Xitoy fuqarosi bilan turmush qurgan bo‘lib, ayni paytda ikki nafar farzandni tarbiyalamoqda. Diplomatlarning so‘zlariga ko‘ra, uning salomatligi bilan bog‘liq vaziyat alohida nazoratga olingan.
Yordam ko‘rsatish doirasida bemor davolanayotgan tibbiyot muassasasi bilan aloqa o‘rnatildi. Muzokaralar davomida muhim tibbiy muolajalar narxini pasaytirishga erishildi. Bemorga jami 16 bosqichdan iborat kimyoterapiya kursi tayinlangan.
Mazkur vaziyatning gumanitar jihatiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Qayd etilishicha, vatandoshimiz uzoq vaqt, qariyb yetti yil davomida Andijon shahrida istiqomat qiluvchi onasi bilan ko‘risha olmagan. Diplomatik missiya ko‘magida sotib olingan aviachipta hisobidan onaning Toshkent–Pekin–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha safari tashkil etilib, qadrdonlarning uzoq kutilgan uchrashuvi taʼminlandi.
Diplomatik vakolatxona xodimlari fuqaroning ahvolidan xabar olish va uni maʼnan qo‘llab-quvvatlash maqsadida uning yashash va davolanish joyiga tashrif buyurdi.
Shu bilan birga, Xebey provinsiyasida Xitoy fuqarolariga turmushga chiqqan o‘zbekistonlik ayollar bilan ham alohida uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda 20 nafarga yaqin ayol ishtirok etib, ularga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish borasidagi chora-tadbirlar haqida maʼlumot berildi.
Diplomatlar xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, xotin-qizlarni manzilli qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ularning ijtimoiy moslashuvi va bandligiga ko‘maklashish masalalari doimiy nazoratda ekanini taʼkidladi.