Masalan, Buyuk Britaniyada 33 ming ishchi kuchiga ehtiyoj bor. Biroq hozirgacha ushbu mamlakatga asosan qishloq xo‘jaligidagi mavsumiy ishlarga fuqarolar yuborilmoqda. Tibbiyot, logistika va sanoat sohalarida ish beruvchilar bilan aniq kelishuvlar yo‘qligi, “Yoshlar mobilligi” dasturida ishtirok etish masalasi hal etilmagani ko‘rsatib o‘tildi. Italiya bilan ham mehnat migratsiyasi imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha kelishuv bor, lekin bu imkoniyat ishga solinmayapti. 

Prezidentimiz chet tillarini bilish xorijda yuqori daromadli ish topishning asosiy shartlaridan biri ekaniga e’tibor qaratdi. Mamlakatimizda ingliz tilini puxta o‘rganib, sertifikat olgan 200 mingga yaqin yosh bor. Shu bilan birga, AQSh, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Shvetsiya va Daniyada ularning ishlashi uchun yo‘l ochish bo‘yicha ishlar yetarli emas.