Xitoyning Chensyan stansiyasida shakllantirilgan poyezd tarkibida yengil avtomobillar uchun butlovchi qismlar, xalq xo‘jaligi mollari hamda boshqa yig‘ma yuklar tashilmoqda.
Poyezd Xorgos–Oltinko‘l chegara o‘tkazish punkti orqali Qozog‘iston temir yo‘llariga qabul qilinib, 7-sentabr kuni Oltinko‘l stansiyasidan belgilangan yo‘nalish bo‘ylab jo‘natildi. Keyingi bosqichda konteyner blok-poyezdi Keles chegara o‘tkazish punkti orqali O‘zbekiston hududiga kirib, Xodjadavlet chegara stansiyasi orqali Turkmanistonga tranzit tarzida yo‘naltiriladi.
Yo‘nalishning umumiy uzunligi 6 ming kilometrdan ziyodni tashkil etib, blok-poyezdning yakuniy manzilga 14–16 kun ichida yetib borishi rejalashtirilgan.
Mazkur loyiha Xitoy–Markaziy Osiyo–Eron yo‘nalishida O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi transport yo‘lagining amaliy samaradorligini tasdiqlaydi hamda ushbu yo‘nalishda muntazam konteyner blok-poyezd qatnovlarini yo‘lga qo‘yish uchun mustahkam asos yaratadi.