Bu jamoaning 2024-yil sentabridan buyon qayd etgan eng yomon pozitsiyasidir. Osiyo terma jamoalari orasida O‘zbekiston endi yettinchi o‘rinni egallab turibdi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Xalqaro futbol federatsiyasining (FIFA) yangilangan reytingida 50-o‘rindan 60-o‘ringa tushib ketdi. Jamoa 23,11 ball yo‘qotdi va endilikda uning hisobida 1409,73 ochko mavjud.

Bu milliy terma jamoaning 2024-yil sentabridan buyon reytingdagi eng yomon natijasidir, o‘shanda jamoa xuddi shunday 60-pozitsiyani egallab turgandi.

Yangi reyting 20-iyul kuni e’lon qilindi. Navbatdagi rasmiy yangilanish 7-oktabrga rejalashtirilgan.

Fabio Kannavaro qo‘l ostidagi jamoaning pozitsiyasiga 2026-yilgi Jahon chempionati natijalari ta’sir ko‘rsatdi. O‘zbekiston guruh bosqichida Kolumbiyaga — 1:3, Portugaliyaga — 0:5 va Kongo DRga — 1:3 hisobida imkoniyatni boy berib, turnirni ochko to‘plamasdan yakunladi.

Ushbu uchrashuvlarda terma jamoa Kolumbiyadan uchralgan mag‘lubiyatdan so‘ng 14,25 ball, Portugaliya bilan o‘yindan keyin 11,64 ball va Kongo bilan bo‘lgan bahsdan so‘ng yana 23,11 ball yo‘qotdi. Jamoa uchta o‘yin davomida jami 49 reyting balidan mahrum bo‘ldi.

Terma jamoaning Kanada (0:2) va Niderlandiyaga (1:2) qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlaridagi mag‘lubiyatlari reytingning bundan oldingi yangilanishida inobatga olingandi.

Osiyo vakillari orasida O‘zbekiston yettinchi o‘rinni egallab turibdi, vaholanki, bungacha mamlakat kuchli beshlikda edi. Qit’aning eng yaxshi terma jamoasi bo‘lib jahon reytingida 17-pog‘onadan joy olgan Yaponiya qolmoqda (+1 o‘rin). Eron 22-o‘rinni (-2), Avstraliya 28-o‘rinni (-1), Janubiy Koreya esa 32-o‘rinni (-7) band etgan.

O‘zbekistondan bevosita yuqorida mos ravishda 58 va 59-o‘rinlarni egallab turgan Saudiya Arabistoni (+3) va Qatar (-3) joylashgan. Quyiroqdan esa Iroq — 63-o‘rin, BAA — 68-o‘rin va Iordaniya — 73-o‘rin joy olgan.

Reytingda birinchi o‘rinni jahon chempioniga aylangan Ispaniya terma jamoasi egalladi. Jamoa 30,27 ball qo‘shib olib, 1995,88 ochko jamg‘ardi va Argentinani ikkinchi pozitsiyaga tushirdi.

Kuchli beshlikka, shuningdek, Fransiya, Angliya va Braziliya ham kirdi. Angliya 33,41 ball qo‘shib oldi — bu top 5 dagi boshqa jamoalarga qaraganda eng ko‘prog‘i bo‘ldi.

Yangilangan reytingda eng katta yuqorilashni birdaniga 12 pog‘onaga ko‘tarilgan (19-o‘ringa) Norvegiya ko‘rsatdi. Eng sezilarli pasayish esa Tunisda qayd etildi — jamoa 12 qator pastga surildi.

Ispaniya reyting ballari bo‘yicha eng katta o‘sishga erishdi — 121,17. Eng ko‘p ochko yo‘qotgan jamoa esa Panama bo‘ldi — 60,74.