“Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi etib tayinlangan Mattias Follert janoblaridan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qildik, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida. – Germaniyani Yevropadagi ishonchli va vaqt sinovidan o‘tgan hamkorlarimizdan biri sifatida yuksak qadrlaymiz. So‘nggi yillarda oliy darajadagi tashriflar hamda muntazam siyosiy muloqotlar tufayli O‘zbekiston–Germaniya munosabatlari izchil rivojlanib bormoqda.

Uchrashuvda ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qilib, oliy darajada erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Elchi janoblariga O‘zbekistondagi mas’uliyatli va sharafli faoliyatida ulkan muvaffaqiyat tilaymiz”.

O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992-yil 6-martda o‘rnatilgan.

Elchi Mattias Follert 2020–2024-yillarda Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasiga rahbarlik qilgan Manfred Hutererning o‘rnini egalladi.

Bir kun avval GFR elchixonasining internet-resurslarida yangi elchining o‘zbek tilidagi murojaati e’lon qilindi. Unda elchi Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash niyatida ekanini ma’lum qilgan.