Muloqotda ikki mamlakat oʻrtasidagi siyosiy va parlamentlararo aloqalarni yoʻlga qoʻyish istiqbollari muhokama qilindi, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, xususan, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlash, investitsiya muhitini yaxshilash va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar, shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, xususiy sektor faolligini oshirish va barqaror iqtisodiy istiqbollari haqida soʻz yuritildi.
Tanzaniya Milliy assambleyasi Spikeri Oʻzbekiston va Tanzaniya oʻrtasida diplomatik munosabatlarni oʻrnatish toʻgʻrisidagi Qoʻshma kommyunike loyihasini qabul qilish jarayonini jadallashtirishga faol ishtirok etishga tayyorligini qayd etdi. Mazkur hujjatning qabul qilinishi parlamentlararo munosabatlarni rivojlantirish uchun huquqiy-siyosiy zamin yaratishi taʼkidlandi.
Suhbat davomida ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi aloqalarni izchil rivojlantirishga eʼtibor qaratildi. Parlamentlararo muloqotni institutsional jihatdan mustahkamlash maqsadida Oʻzbekiston va Tanzaniya parlamentlarida hamkorlik boʻyicha guruhlarni tuzish boʻyicha kelishuvga erishildi.