Mazkur kunlarda havo harorati respublikaning aksariyat hududlarida 43–45°, janubiy hamda cho‘l hududlarida esa 46–49° gacha ko‘tarildi.
Havo harorati O‘zbekiston hududida meteorologik kuzatuvlar olib borilgan davr mobaynida qayd etilgan eng yuqori qiymatlarga juda yaqinlashdi.
Respublikaning qator hududlarida yangi harorat rekordlari o‘rnatildi.
Toshkent shahrida eng yuqori havo harorati 44,3° 19-iyul, yakshanba kuni qayd etildi. Bu ko‘rsatkich 1997-yil 18-iyulda poytaxtda kuzatilgan mutloq maksimumdan atigi 0,3° past bo‘ldi.
Farg‘ona vodiysi viloyat markazlarida esa ushbu kunlarda maksimal harorat bo‘yicha rekordlar 2–3 marta yangilandi.
Ushbu kunlardagi ekstremal issiq ob-havo termik depressiya ta’sirida shakllandi. Bu jarayonda Eron hududi ustida yuqori troposferada kuchli baland bosim tizmasi hosil bo‘ladi va uning tarkibida nihoyatda issiq havo massasi aylanib turadi.
Mazkur baland bosim tizmasi shimoli-sharq tomon siljishi bilan issiq havo xuddi gumbaz singari Markaziy Osiyo mamlakatlari hududini bosqichma-bosqich qoplaydi. Natijada bulutlilik keskin kamayadi, quyosh radiatsiyasi kuchayadi va yer yuzasining qizishi hisobiga havo harorati favqulodda yuqori qiymatlarga yetadi.