O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni bilan Tojikiston Respublikasi So‘g‘d viloyati “Nuri niyogon” shashmaqom ansambli rahbari Shuhratjon Nabiyev O‘zbekiston Respublikasining “Do’stlik” ordeni bilan mukofotlandi.
Shuningdek, Tojikiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasidagi tojik milliy madaniy markazi rahbari Gulandom Subxonova Tojikiston Respublikasining “Do’stlik” ordeni bilan mukofotlandi.
Davlat mukofotlarini O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri – Ozodbek Nazarbekov hamda Tojikiston Respublikasi madaniyat vaziri – Matlubaxon Sattoriyon topshirishdi.
Ma'lumot o'rnida, 2024-yilda Tojikistonda o‘tkazilgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari” doirasida O‘zbekiston va Tojikistonning madaniyat va san’at arboblaridan bir guruhi yuksak faxriy unvonlar bilan taqdirlangandi.
Xabaringiz bor, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon 26-27-mart kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda boʻlib turibdi.
Tashrif doirasida oliy darajadagi muzokaralar hamda Oʻzbekiston va Tojikiston yetakchilari raisligida Oliy davlatlararo kengashning birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtadi.
Boʻlajak tadbirlar kun tartibidan Oʻzbekiston – Tojikiston doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari oʻrin olgan.
Eslatib o’tamiz, ayni kunlarda O‘zbekistonda “Tojikiston madaniyati va kinosi kunlari” bo'lib o'tmoqda.
O‘zbekistonda “Tojikiston madaniyati va kinosi kunlari” tadbirlari 29-mart kuniga qadar davom etadi.