Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berishicha, muzokaralarda agentlik rahbari Behzod Musayev, Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Italiya Qishloq xoʻjaligi vaziri Franchesko Lollobridjida hamda Confagricoltura tashkiloti vitse-prezidenti Luka Brondelli ishtirok etgan.

Uchrashuv yakunida Migratsiya agentligi va Italiyaning Associazione Imprese Ortofrutticole (meva-sabzavot korxonalari assotsiatsiyasi) oʻrtasida hamkorlik bitimi imzolandi.

Kelishuvga koʻra, oʻzbekistonliklar Italiyaga 3 oydan 9 oygacha boʻlgan mavsumiy ishlarga jalb etiladi.

Assotsiatsiya prezidenti Marko Salvi joriy yilda pilot loyiha doirasida 100 nafar oʻzbekistonlikni ish bilan taʼminlashga tayyor ekanini maʼlum qildi.

Maʼlumot uchun, mazkur assotsiatsiya Italiyada meva-sabzavot sohasidagi 35 dan ortiq yirik kompaniyani birlashtiradi. U fermerlikdan tortib qayta ishlash, logistika va eksportgacha boʻlgan toʻliq agrosanoat zanjirini qamrab oladi. Asosiy mahsulotlari qatoriga olma, kivi, anor va qulupnay kiradi.