Davlatimiz rahbari asosiy masalaga oʻtishdan avval oʻtgan hafta yuksak saviyada oʻtkazilgan beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakunlariga toʻxtaldi. Forum doirasida xorijiy hamkorlar bilan 43 milliard dollarlik 177 ta kelishuvga erishilganini taʼkidladi.
“Har bir kelishuv loyihaga, ish oʻrniga, yuqori qoʻshilgan qiymatga aylanishi shart”, — dedi Prezidentimiz.
Mutasaddilarga xorijiy investorlar koʻtargan 120 ta taklifning yechimi boʻyicha qaror kiritish topshirildi.
Umuman, tarmoq rahbarlari va hokimlar investitsiya sifati va samaradorligi boʻyicha yondashuvlarini oʻzgartirishi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.
Soʻnggi besh yilda yurtimizga kiritilgan jami investitsiyaning yarmi 4 ta hududga toʻgʻri kelgan. Lekin jalb qilingan sarmoyaning iqtisodiyotga qaytimi boʻyicha hududlar oʻrtasidagi tafovut katta.
Masalan, 1 million soʻmlik investitsiya Fargʻonaning yalpi hududiy mahsulotiga qoʻshimcha 273 ming soʻmlik, Samarqandda 262 ming soʻmlik qoʻshilgan qiymat beryapti. Lekin Buxoroda bu atigi 117 ming soʻm. Yaʼni hududga olib kelinayotgan investitsiya samarasi boshqa hududlardan 2 karra past.