“Endi futbolchilarga qarata aytmoqchiman: jahon chempionatida oson o‘yinning o‘zi yo‘q. Sizlar Portugaliya, Kolumbiya, Kongo kabi terma jamoalar bilan o‘ynaysizlar. Xalqimiz har bir o‘yinda sizlardan g‘alaba kutishi tabiiy, albatta.

Lekin bir narsani doimo yodda tuting: sizlar tarixni allaqachon yaratib bo‘ldingiz!

Oldingizda turgan muhim uchrashuvlarda ortiqcha bosimsiz, hech kimdan hayiqmasdan, boringizni berib o‘ynang. Har bir to‘p, har bir vaziyat, maydonning har bir qarichi uchun oxirigacha kurashing!

Mundialdagi barcha o‘yinlaringizda fan-klublar a’zolari, minglab futbol muxlislari, Amerikadagi vatandoshlarimiz ham stadiondan sizlarni qo‘llab-quvvatlab turadi.

Maydondagi har bir harakatingizni 40 millionga yaqin xalqimiz ekran ortida katta hayajon bilan hayqirib kuzatadi, yuraklarni junbishga keltiradigan hissiyot oladi.

Yodingizda bo‘lsin: el-yurtimiz sizlarga ishonadi, Prezident sizlarga ishonadi! Boringlar, mardonavor o‘ynanglar, Vatan sharafini munosib himoya qilinglar! G‘alaba va omad hamisha yor bo‘lsin!”

– dedi Prezidentimiz so‘zining yakunida.