Joylarda ishni qanday tashkil etish Yangiyo‘l tumani misolida ko‘rsatib berildi. Tumanda 1 ming 400 kilometr elektr tarmog‘i va 422 ta transformator mavjud. 

So‘nggi besh yilda aholining elektr iste’moli 68 milliondan 102 million kilovatt-soatga, ya’ni 1,5 karra oshgan. Lekin bu davrda bor-yo‘g‘i 60 ta transformator va 240 kilometr tarmoq yangilangan. Yil boshidan elektr yo‘qotishlari 30 million kilovatt-soatga yetgan, tarmoqlarda 37 ta avariya sodir bo‘lgan. 

To‘lov intizomi yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani sababli debitor qarzdorlik 43 milliard so‘mga chiqib ketgan. Shuning 9,4 milliard so‘mi noreal qarzdorlik hisoblanadi. 

Tumanda 829 ta iste’molchining hisoblagichi ASKUE tizimiga mos kelmaydi, yana 2 mingta hisoblagich ma’lumot yubormaydi. Soliqqa “nol” hisobot topshirgan 48 ta korxona esa olti oyda 871 ming kilovatt-soat elektr ishlatgan. 

Gaz ta’minotida ham xuddi shunday ahvol kuzatilmoqda. 5 mingdan ortiq gaz hisoblagich ma’lumot uzatmayotgani oqibatida qarzdorlik 188 milliard so‘mga yetgan.