Ularning yurt tuprogʻiga ehtiromi yuragimni jimirlatadi. Vatan hamisha insonning koʻz oldida boʻlishi kerakligiga yana bir bor amin boʻlaman:
Bu holatdan juda qattiq oʻyga toldim,
Tunlar yotsam koʻz oldimda turar Vatan.
Ey mitti qush, sanʼatingga qoyil qoldim,
Doʻstlashaylik, kel, bir umr sening bilan...
Otam bejiz eshiklarimizni ochib qoʻymagan ekan. Qaldirgʻochlarning kishini oʻyga toldiradigan bu masʼuliyatli darsi chindan ham men uchun hamisha Vatan darsi boʻlib qoladi:
Eshiklarim sizlar uchun ochiq erur,
Qanot qoqib kulbam aro kelavering.
Siz bergan dars menga Vatan darsi boʻlsin,
Qancha darsingiz boʻlsa gar beravering!
Bolalikning begʻubor damlarini eslayman. Otam va onamning atrofida qaldirgʻochdek chugʻurlashib yurgan kezlarimizni sogʻinaman. Biz — 12 farzandning barcha tashvishini sabr va matonat bilan elkasiga olgan u ikki zotning nurli yodiga xayolan sayr qilaman. Bir umr ketmoni elkasidan tushmagan otam oʻz umrini shoʻro tuzumining shafqatsiz azoblari ichida oʻtkazdi. U bizni koʻproq kitob oʻqishga undardi. Dostonlarni yuragi sel boʻlib oʻqiydigan dostonxon otamning nolasi koʻplarning dilini larzaga solganiga guvohman. Ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilariga bunday mutolaa oʻzgacha kayfiyat baxsh etar, eshitganida yosh boladek hoʻngrab-hoʻngrab yigʻlardi. Men kitobning sehrini oʻshanda anglaganman. Biz — qattol tuzumning kirdikorlaridan bezgan odamlar hayotini koʻrgan avlodmiz. Ushbu kechmishlar ijodkor uchun bitmas-tuganmas doston-dir...
Bugun men gullab-yashnayotgan yangi Oʻzbekistonimiz quchogʻida kechayotgan zavqli lahzalar haqida soʻz yuritmoqchiman. Atrofga boqib, otamning orzulari roʻyobga chiqqaniga guvoh boʻlaman. Serquyosh yurtimizning musaffo osmonida chugʻurlab uchayotgan qaldirgʻochlarning quvonchi ichiga sigʻmaydi. Davlatimiz rahbarining mamlakat darvozalarini tinchliksevar xalqlar uchun keng ochib qoʻygani bejiz emas. Shuning uchun tinchlikka mahliyo boʻlgan dunyo ahli yangi Oʻzbekistonga talpinib kelmoqda. Ular termiziylar, buxoriylar, fargʻoniylar, xorazmiylar va yana qanchadan-qancha behisob daholarni yetishtirgan tabarruk tuprogʻimiz uzra sayr etar ekan, yer yuzida shunday saxovatli zamin borligini qayta kashf etmoqda. Yaqinda Islom sivilizatsiyasi markaziga borganimda ertaknamo bino atrofida turli tilda soʻzlashib, koʻzini osmonga tikkancha hayajonini yashirolmagan sayyohlarning hayratidan oʻzim ham hayratlandim. Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasiga borganimda esa bu holatni yanada chuqur his qildim.
Oʻsha olisdagi “Diydor” nomli mahallamizning begʻubor odamlarini sogʻinganımda Surxonga oshiqaman. Yuragim qanot chiqaradi. Koʻz oldimdan xotiralar chirpirak boʻlib oʻtadi. Otamni qaritgan dashtu dalalar, onamning tunu kun koʻnglini yoritgan tandir koʻz oldimda namoyon boʻladi. Purviqor togʻlar bilan tutashib ketgan mahallamiz qiyofasining goʻzallashib borayotganidan koʻz quvnaydi. Salkam 8000 kishi yashaydigan Diydor mahallasining tengsiz jamoliga mahliyo boʻlib, qishloq oralar ekanmiz, hudud soʻnggi besh-olti yilda tanib boʻlmaydigan darajada oʻzgarganiga guvoh boʻlamiz.
Bu — mening mahallam. Otam bir paytlar menga: “Mahalladan uzoqlashma, uning xizmatini qilishdan tolmagin, bolam”, der edi. Bugun shu mahallaga kenja oʻgʻlim Islomjon raislik qilmoqda. Avvaliga uning bu ogʻir va masʼuliyatli vazifani zimmasiga olganidan bir oz xavotirlangandim. Unga: “Sen hali yoshsan. Mahalla — juda katta dargoh, salkam 8000 kishiga bosh boʻlish sening yoshingda ogʻirlik qiladi”, de-gandim. Oʻshanda 27 yoshni qarshilagan oʻgʻlim, nazarimda, mahallani boshqarishga yoshliq qiladigandek koʻringan edi. Keyin esa uning bu ishga qatʼiyat bilan kirishganini koʻrib, oʻzim ham faxrlandim. Davlatimiz rahbarining yoshlarimizga bildirilayotgan tengsiz ishonchi bejiz emasligiga yana bir bor guvoh boʻldim.
Bugungi Diydor mahallasiga koʻplar havas bilan qaraydi. Havas qilishga arzigulik ishlar qilinsa, el mamnun yashaydi. Mahalladagi 100 oʻrinli bolalar bogʻchasida 1 milliard 200 million soʻmlik qurilish ishlari bajarildi. Hududda joylashgan 36-maktabda 5 milliard soʻmlik 250 oʻrinli, 73-maktabda esa 3,5 milliard soʻmlik 160 oʻrinli qoʻshimcha binolar qurilib, foydalanishga topshirildi.
Mahallaning 13 ta koʻchasiga toʻliq tungi yoritqichlar oʻrnatildi va 170 ga yaqin simyogʻoch yangilandi. Hudud ahli hashar yoʻli bilan qilgan ishlarning esa hisobi yoʻq. Bunday misollar juda koʻp. Nima boʻlganda ham birgina mahallaning oʻzida qanchadan-qancha xayrli ishlar qilinganiga guvoh boʻlib turibmiz.
AHTAMQULI,
Oʻzbekiston Yozuvchilar
uyushmasi aʼzosi, shoir