Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi Axborot xizmati ma’lum qilishicha, hududiy Yo‘l-patrul xizmati xodimlari ishtirokchilar bilan profilaktik suhbat o‘tkazib, yo‘l harakati qoidalari talablarini tushuntirgan.
Ma’lum bo‘lishicha, yoshlar skuterlarning old g‘ildiragini ko‘targan holda harakatlangan, shuningdek, bir tomonlama harakatlanish belgilangan yo‘lda qarama-qarshi yo‘nalishda yurgan.
YPX xodimi bunday harakatlar o‘zlari va boshqa harakat ishtirokchilari hayoti uchun jiddiy xavf tug‘dirishini ta’kidlab, skuter va samokatlar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari orasida o‘lim va og‘ir tan jarohatiga olib kelgan holatlar ham uchrayotganini eslatgan.
Tushuntirish ishlaridan so‘ng, qoida buzarlari boshqargan skuterlar jarima maydonchasiga joylashtirildi.