Qiymati 42 milliard soʻm boʻlgan texnikum 5,2 gektar maydonda joylashgan. Uning tarkibida oʻquv binolari va laboratoriyalar, ustaxonalar, yotoqxona, sport maydonchasi, oshxona va “Kasblar shaharchasi” barpo etilgan. Jami 14 ta bino va inshootni qamrab olgan muassasada 80 ta ish oʻrni yaratilgan.
Hozir bu yerda 10 ta yoʻnalish boʻyicha 417 nafar yosh tahsil olmoqda. Oʻquv jarayoniga Germaniya, Shveytsariya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Janubiy Koreyaning ilgʻor tajribasi tatbiq etilmoqda.
Texnikum viloyatdagi boshqa kasbiy taʼlim muassasalari uchun ham metodik va amaliy baza boʻlib xizmat qiladi. Ularda tahsil olayotgan 2 ming 800 nafar oʻquvchi shu yerda amaliyot oʻtaydi. Amaliyot va dual taʼlimni tashkil etish boʻyicha 32 ta yirik tashkilot bilan shartnomalar tuzilgan, yana 11 tasi bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan.
Yil yakuniga qadar 500 nafar yoshni nemis tiliga oʻqitib, Germaniyada haq toʻlanadigan amaliyotga yuborish koʻzda tutilmoqda. Davlatimiz rahbari stajirovkaga ketayotgan bir guruh yoshlar bilan suhbatlashdi.
– Barcha saʼy-harakatlarimiz sizlar kasb egallashingiz uchun. Kasbli boʻlsangiz, hech qachon kam boʻlmaysizlar. Bilim va hunarni puxta egallasangiz, qayerda boʻlmang, oʻz oʻrningizni topasizlar. Bugun sizlarga shunday imkoniyat berilyapti. Undan toʻgʻri foydalansangiz, oʻzingiz, farzandlaringiz va nevaralaringiz uchun farovon hayotga zamin yaratasizlar. Shuning uchun bir daqiqangiz ham bekor oʻtmasin, – dedi Prezidentimiz.
Suhbatda maktab davridanoq kasb va til oʻrgatishga eʼtibor berish zarurligi ham taʼkidlandi. “Kasblar shaharchasi” shu maqsadda maktab oʻquvchilarining qiziqish va qobiliyatini erta aniqlash, ularni kasbga yoʻnaltirish uchun tashkil etilgan.
Yoshlar bu yerda axborot texnologiyalari, “yashil” energetika, robototexnika, dronlarni boshqarish va elektromobillarga xizmat koʻrsatish kabi yoʻnalishlar bilan tanishadi. Shuningdek, tikuvchilik, oshpazlik, santexnika, zootexnika va agronomiya boʻyicha amaliy koʻnikmalarni egallaydi.
Viloyatda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari yangi mutaxassislarga ehtiyojni oshirmoqda. Shu bois, texnikum imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish, taʼlim dasturlarini ish beruvchilar talabiga moslashtirish va yoshlarni yangi korxonalar uchun maqsadli tayyorlash muhimligi taʼkidlandi.
Shu yerda Qashqadaryo viloyati taʼlim tizimidagi zamonaviy yondashuvlar hamda Germaniya bilan hamkorlikdagi istiqbolli qoʻshma loyihalar yuzasidan axborot berildi.