Yil boshidan tumandagi 9 ta koʻcha biznes, aholi va sayyohlar uchun jozibador hududga aylantirildi. Bu borada Qichqiriq mahallasidagi oʻzgarishlar yaxshi natija bergani qayd etildi.

Ilgari infratuzilmasi yetarli boʻlmagan hududda qisqa vaqt ichida 450 oʻrinli bogʻcha, sport maydonchalari, sayilgoh, amfiteatr, piyodalar yoʻlagi va favvoralar barpo etildi. Natijada 5,5 ming nafar aholi uchun yashash va dam olish sharoiti sezilarli darajada yaxshilandi.

Ushbu tajribani kengaytirib, Olmazorda yana 8 ta koʻchada, poytaxtning qolgan 11 ta tumanida esa kamida 3-4 tadan koʻchada shu kabi ishlar boshlanishi belgilandi.

Toshkent shahridagi 100 ta koʻchani kompleks yangilash uchun 1 trillion soʻm ajratilgan. Shuningdek, 400 ta mahallani “Qichqiriq” namunasi asosida obod qilish boʻyicha 4-yillik, 10 trillion soʻmlik dastur ishlab chiqiladi.

Har bir tumanda qaysi koʻcha va mahallada, qachon va qanday oʻzgarish boʻlishi aniq belgilab olinib, mahalliy kengashlarda muhokama qilinishi va aholiga ochiq eʼlon qilinishi zarurligi taʼkidlandi.