Besh kunlik o‘quv dasturida mamlakatimiz vazirlik va hokimliklari vakillari ishtirok etib, davlat boshqaruvida inson resurslarini samarali boshqarish, raqamli texnologiyalarni joriy etish hamda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish bo‘yicha Janubiy Koreya tajribasini o‘rganmoqda.

Dastur doirasida ishtirokchilar Janubiy Koreyaning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida muhim o‘rin tutgan Saemaul Undong (Yangi qishloq harakati) tajribasi bilan tanishdilar. Unda qishloq hududlarini aholi tashabbusi va faol ishtiroki asosida rivojlantirish mexanizmlari o‘rganildi.

Shuningdek, lavozim tahlili, xodimlarni baholash va HRD sertifikatlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Koreya davlat boshqaruv instituti (KIPA) va KERIS tashkiloti mutaxassislari tomonidan xodimlarni tizimli baholash, ularning individual rivojlanishini ta’minlash hamda “Best HRD” davlat sertifikatlash tizimi mezonlari haqida ma’lumotlar berildi.

O‘quv jarayonida “Smart Village” (Aqlli qishloq) konsepsiyasi ham atroflicha o‘rganildi. Xususan, raqamli tafovutni qisqartirish, qishloq xo‘jaligida sun’iy intellekt, dronlar va IoT (Internet of Things) sensorlaridan foydalanish bo‘yicha Koreya Milliy axborot jamiyati agentligi (NIA) tajribasi taqdim etildi.

Delegatsiya a’zolari, shuningdek, davlat boshqaruvida sun’iy intellekt transformatsiyasi (AX) yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar. Sun’iy intellektdan xavfsiz va samarali foydalanish, davlat xizmatlarini soddalashtirish hamda fuqarolarga qulaylik yaratishga qaratilgan “AI National Secretary” xizmati faoliyati namoyish etildi.

Tashrif davomida xususiy sektorning kadrlar salohiyatini rivojlantirish borasidagi tajribasiga ham e’tibor qaratildi. Jumladan, POSCO Group University korporativ ta’lim markaziga tashrif buyurilib, xodimlarni qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish (Re-skilling va Up-skilling) dasturlari bilan tanishildi.

Dasturning amaliy qismi sifatida ishtirokchilar to‘rtta ishchi guruhga bo‘linib, Koreya tajribasini O‘zbekiston davlat xizmati tizimiga tatbiq etishga qaratilgan maxsus “Harakatlar rejasi” (Action Plan) loyihalarini ishlab chiqmoqdalar.

O‘quv dasturi yakunida ishchi guruhlar tomonidan ishlab chiqilgan loyihalar taqdimot qilinib, himoya qilinadi.

Ma’lumot o‘rnida, KOICA moliyaviy ko‘magida tashkil etilgan mazkur malaka oshirish dasturi 12 sentyabrga qadar davom etadi.

Jahongir BOBOBЕKOV,

Boshqaruv samaradorligi agentligining

Jizzax viloyati filiali bosh inspektori