BMT Bosh Assambleyasida boʻlib oʻtgan ovoz berish yakunlariga koʻra, Qirgʻiziston Osiyo–Tinch okeani davlatlari guruhidan ajratilgan oʻrin uchun raqobatda Filippinni ortda qoldirdi. Mamlakat toʻrtinchi turda 142 ta ovoz toʻplab, zarur boʻlgan ikki uch qismli koʻpchilik ovozni qoʻlga kiritdi.
Shu tariqa, Qirgʻiziston Markaziy Osiyo davlatlari orasidan BMT Xavfsizlik Kengashiga saylangan navbatdagi mamlakatga aylandi.
Saylov natijalariga koʻra, Avstriya va Portugaliya Gʻarbiy Yevropa va boshqa davlatlar guruhidan, Trinidad va Tobago Lotin Amerikasi va Karib havzasi davlatlari guruhidan, Zimbabve esa Afrika davlatlari guruhidan Xavfsizlik Kengashi tarkibiga saylandi.
BMT Xavfsizlik Kengashi 15 davlatdan iborat boʻlib, ularning beshtasi — Buyuk Britaniya, Xitoy, Rossiya, AQSh va Fransiya veto huquqiga ega doimiy a’zolar hisoblanadi. Qolgan oʻnta davlat esa ikki yillik muddatga saylanadi.
2026 yil oxirida Gretsiya, Daniya, Pokiston, Panama va Somalining vakolat muddati yakunlanadi. Ularning oʻrnini yangi saylangan davlatlar egallaydi.
Xavfsizlik Kengashi xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun asosiy mas’ul organ hisoblanadi. Zarur holatlarda u sanksiyalar joriy etish yoki xalqaro tinchlikni tiklash maqsadida kuch ishlatishga ruxsat berish vakolatiga ham ega.