Fermer xo‘jaligi rahbarining aytishicha, joriy yil 4 aprel kuni maydonlarga «Xitoy 87» navli paxta qo‘shqator usulida ekilgan. Natijada dalalardan 100 foiz nihol olingan.
Shundan so‘ng ekinlarga agrotexnik talablar asosida ishlov berilgan. Jumladan, mikroelementlardan bor kislotasi va achitqi (drojja)dan foydalanilgan. O‘simliklarda 10–12 ta ko‘sak shakllangandan keyin esa har gektar maydonga 2 kilogrammdan etifon sepilgan.
Etifon qo‘llanilganidan keyin defoliatsiya ishlari amalga oshirilgan. Fermer xo‘jaligida qishloq xo‘jaligi mutaxassislari va vazirlik tavsiyalariga muvofiq agrotexnik tadbirlar izchil olib borilgan.
Fermerning ta’kidlashicha, avvalgi yillarda xo‘jalikda gektaridan o‘rtacha 30–40 tsentnerdan paxta hosili olingan. Bu yil esa ushbu ko‘rsatkichni 70–80 tsentnerga yetkazish maqsad qilingan.
— Ilgari etifondan foydalanmasdik. Bu yil qo‘llab ko‘rdik va natijasini dalada ko‘rib turibmiz. Niyatimiz — gektaridan 70–80 tsentner, imkoni bo‘lsa, 80 tsentner paxta olish, — deydi fermer xo‘jaligi rahbari.
Ayni paytda xo‘jalikda desikatsiya ishlari ham bajarilgan.
Navoiyda bugun shunday mo‘l hosil yetishtirilmoqda. Daladagi paxta ko‘saklarining yirikligi va to‘laligi esa agrotexnik tadbirlarning natijasini yaqqol namoyon etmoqda.
Fermer xo‘jaligi rahbari ushbu tajribani boshqa xo‘jaliklarda ham qo‘llash orqali paxta hosildorligini oshirish mumkinligini ta’kidlamoqda.