«S.S.M.S.» MCHJga tegishli avtomobillarga gaz to‘ldirish shohobchasiga 2024 yil iyun oyida yetkazib berilgan tabiiy gaz 1 kub metr uchun 1500 so‘mdan hisoblangan.

Qariyb ikki yil o‘tib esa gaz ta’minoti tashkiloti ushbu davr uchun 1800 so‘mlik tarif qo‘llanishi kerakligini bildirib, jamiyatga qo‘shimcha 50,6 million so‘mlik hisob-faktura rasmiylashtirgan.

Tadbirkor qo‘shimcha hisob-fakturanı qabul qilmagan va solishtirma dalolatnomani imzolamagan. Shunga qaramay, ushbu summa 2026 yil aprel oyi uchun to‘langan avans mablag‘idan yechib olingan.

Masala Biznes-ombudsman tomonidan o‘rganilganda, tarif o‘zgargan vaqtda jamiyatda oldindan to‘langan mablag‘ mavjud bo‘lgani aniqlangan.

O‘sha paytda amalda bo‘lgan qoidalarga ko‘ra, tarif o‘zgarganida iste’molchining oldindan to‘langan gaz hajmi uchun mablag‘i to‘lov amalga oshirilgan kundan boshlab ko‘pi bilan bir oy davomida qo‘shimcha to‘lovdan ozod qilingan.

Muhim jihati shundaki, yangi tahrirdagi qoidalar 2024 yil 10 iyundan kuchga kirgan. Shu bois keyinroq kuchga kirgan normalarni undan oldin yuzaga kelgan munosabatlarga tatbiq etish mumkin emas.

Biznes-ombudsman shu asosda «Hududgaz Toshkent» gaz ta’minoti filialiga 50,6 million so‘mni jamiyatning shaxsiy hisobvarag‘iga tiklash va 2024 yil iyun oyi uchun hisob-kitoblarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha xulosa kiritgan.

Natijada tadbirkorning hisobvarag‘idan yechib olingan 50,6 million so‘m qayta tiklandi.

Ya’ni, qariyb ikki yil oldingi gaz hisob-kitobi bo‘yicha qo‘shimcha to‘lov talab qilingan, ammo keyin kuchga kirgan qoida avvalgi munosabatlarga tatbiq etilmagan.