FVV Akademiyasida bugun "Favqulodda vaziyatlar organlari toʻgʻrisida"gi Qonun loyihasi muhokamasiga bagʻishlangan “Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar organlari faoliyatini takomillashtirishda yangi qonunchilik islohotlari” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.


Davra suhbatida Qonun loyihasini ishlab chiqishda bevosita ishtirok etgan soha mutaxassislari va huquqshunos olimlar, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasining professor-oʻqituvchilari, harbiy xizmatchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.


Davra suhbatini Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi boshligʻi, yuridik fanlari doktori, professor, polkovnik Muzaffarjon Mamasiddiqov ochib berdi. U oʻz nutqida mamlakatimizda favqulodda vaziyatlar sohasini tubdan takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, mazkur Qonun loyihasining dolzarbligi hamda uning Favqulodda vaziyatlar organlari faoliyatining zamonaviy va samarali huquqiy asoslarini yaratishdagi oʻrni haqida batafsil toʻxtaldi.


Muhokamalar davomida Qonun loyihasida nazarda tutilgan asosiy yangiliklar, Favqulodda vaziyatlar organlari faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish, zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish tizimini yanada rivojlantirish, shuningdek, sohada davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga qaratilgan huquqiy normalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.


Tadbirda soʻzga chiqqan mutaxassis va olimlar tomonidan Qonun loyihasida nazarda tutilgan normalarning amaliy ahamiyati, ularni samarali amalga oshirishning huquqiy va tashkiliy mexanizmlari, ilgʻor xorijiy tajribani milliy qonunchilikka uygʻunlashtirish hamda Favqulodda vaziyatlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar bildirildi.


Davra suhbati yakunida bildirilgan taklif va mulohazalar Qonun loyihasini yanada takomillashtirish, Favqulodda vaziyatlar organlari faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirishga xizmat qilishi alohida taʼkidlandi.



Farhodjon XOJAYEV, 

FVV Akademiyasi axborot va jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi boshligʻi mayor.