Oʻsha tarixiy tashrif Oʻzbekistondagi yangilanishlar davrining debochasi boʻldi. Islohotlarga nafaqat davlat rahbari, balki shu elning asl fidoyi farzandi sifatida qoʻl urilganini oʻshanda koʻpchilik anglab ulgurmagandir. Tan olaylik, yangi davr islohotlariga bir oz shubha bilan qaraganlar topilardi oʻsha paytlarda. Niyat qancha xolis, samimiy boʻlsa, natija shunchalik yuksak boʻlishiga oʻtgan qisqa davrda guvoh boʻlib kelyapmiz.
Prezidentimiz, “Koʻrib turibsizlar, qoraqalpoq zaminida
yashab, ishlayotgan odamlarning ertasi bugunidan yaxshi boʻlishi uchun katta
marralarni olganmiz”, degan edi. Bugun ana shu baland olingan marralar
birma-bir zabt etilmoqda. Shu bois, hech oʻylanmay aytamizki, yangi
Oʻzbekistondagi oʻzgarishlarni bor boʻy-basti bilan his etish uchun
Qoraqalpogʻistonga safar qiling! Nukusdan toki Orolning qurigan tubigacha
boʻlgan bepoyon kenglikni kezib, insonlar bilan suhbatlashib, ertangi kun
rejalari bilan tanishing!
Maqola avvalidanoq bunday
deyishimizning asoslari bor, albatta. Odatda tahlilchilar ayni kundagi
islohotlarga vaqt oʻtib haqiqiy bahoni berish mumkin deydi. Bu toʻgʻri fikr,
ammo har qanday haqiqatda ham nisbiylik bor. Demoqchimizki, hozirgi
yangilanishlar shiddatini ayni damning oʻzida his etish, shunga qarab
samaradorligini taxmin qilsa boʻladi. Buning yagona yoʻli insonlar qalbiga
quloq tutishdir. Zero, insonlarning kelajak rejasiga qarab, bugungi kun uchun
haqiqiy baho berish mumkin. Ushbu fikrni Orolboʻyi aholisining
ijtimoiy-iqtisodiy hayoti misolida tahlil etishga urinib koʻrsak.
Oʻzgarishlar davri
Oʻn yil avval Nukusga borgan
kishi talabga javob beradigan mehmonxona topishga ham qiynalardi. Xizmatlar,
sharoitdan unchalik ham koʻngil toʻlmasdi. Negaki, bunga ehtiyoj yoʻq edi.
Orolboʻyiga mehmonga borish tugul, tub aholi, ayniqsa, yoshlar yanada qulay va
ekologik inqirozdan uzoqroq shaharlarga koʻchib ketish xayolida yashardi. Ana
shunday bir fursatda inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan yangilanishlar nafasi
kirib keldi.
Qaqroq yerga suv kelishini
hech kuzatganmisiz? Bunday vaqtda suvning tezligi, hajmidan qatʼi nazar, yerdan
oʻziga xos ovoz chiqadi. Goʻyo yer tahsin aytib, chapak chalayotgandek boʻladi.
Dastlab, suvning katta qismi yerga singadi. Oʻsha joy toʻyinmaguncha, keyingi
manzillarga yetarlicha obihayot bormaydi. Xuddi shuningdek, yillar davomida
yigʻilib qolgan masalalarni hal etish, qariyb 40 million nufusga ega xalqni
rozi qilib, bir maqsad atrofida birlashtirish esa aytishgagina oson!
Yangi Oʻzbekistonda oʻn yil
ichida ana shunday katta tarixiy haqiqat yaratildi. Orolning qurigan tubidagi
yashil qoplamalar ekologik inqiroz uchun hayotiy yechim berdi. Shuning oʻziyoq
katta tarix yozishga arziydigan voqelikdir. Yangilanishlar izchilligi esa
huquqiy asoslar bilan mustahkamlanib borildi.
Mamlakatimiz
yetakchisining Orolboʻyiga nisbatan alohida eʼtibori sabab 2017-yildan buyon
faqat Qoraqalpogʻiston uchun 80 dan ziyod farmon va qaror qabul qilindi.
Ularning ijrosi qatʼiy nazoratga olindi. Natijada mazkur tarixiy
hujjatlar asosida Orolboʻyi aholisi, jumladan, yoshlar uchun mutlaqo yangi va
zamonaviy muhit yaratildi. Tadbirkorlik uchun hayotbaxsh imtiyozlar berilib,
qulay ishbilarmonlik muhiti paydo boʻldi.
Hududning barcha
imkoniyatlaridan samarali foydalanish yoʻlga qoʻyildi. Hatto bir paytlar
noqulaylik, muammo deb qaralgan jihatlar ham imkoniyatga aylantirildi. Oʻrni
kelganda aytish kerak, bunday yechimlar
uzoq yillar davomida mana shu xalq ichida yashab, uning dardini yurakdan
oʻtkazib, doim chora-tadbirlar izlab yashash samarasidir.
Oddiy misol, choʻl hududlarda
ham oʻziga xos turizm maskanlari yaratildi. Birgina etno-ovullarni aytmaysizmi.
Qarang, Orolning qurigan tubida tunab qolish mumkin ekan, qumda kuchli
yoʻltanlamas mashinalarda safari va ekstremal sayohatlar shu paytgacha
xayolimizning bir chekkasidan ham oʻtgan emasdi.
Qoraqalpogʻistonda soʻnggi 2
yil ichida sayyohlar uchun 10 dan ortiq dam olish maskani tashkil etildi.
Xususan, Moʻynoq tumanida hozirgi Orol dengizi boʻyida 1 million dollarlik
turistlar dam olish maskani tashkil etilgan. Bu xususida quyida yana
toʻxtalamiz.
Safarimiz davomida Moʻynoq
tumaniga ham bordik. Ikki yoni keng dasht boʻlgan ravon yoʻldan borar ekanmiz,
koʻngil tubidan bir savol qalqiydi, shuncha olis manzilda ham moʻynoqliklar
sabr-toqat bilan yashayapti-ya?!
Lekin Moʻynoqqa yetib,
koʻzlagan manzilimizga yaqinlashar ekanmiz, bunday ishtiboh oʻrnini hayrat,
havas va hayajon egallab boradi. “Biz sakkiz-toʻqqiz yil avval koʻrgan Moʻynoq
shumi?” deymiz beixtiyor. Bizni qarshi olgan mezbonlar salom berib, qoʻl
uzatishga ulgurmay, dildagi hayajon va hayratimizni yuz-koʻzimizdan uqib oladi.
Boyagi savolimizga javob berganday:
— Adashmadingiz, Moʻynoqni
toʻgʻri topib keldingiz! — deydi Moʻynoq tumani hokimi oʻrinbosari Murod
Jumaboyev. — Biz mehmonlarning hayratiga oʻrganib ketganmiz. Boshqalar ham “Shu
yer rostdan ham Moʻynoqmi?” deb soʻraydi.
Bu gaplarni Murod
Jumaboyevning yonida turgan oqsoqol tasdiqlab bosh chayqaydi. Soʻng oʻzini
Kaldiboy Kalxorozov deb tanishtirgan nuroniy tumandagi oʻzgarishlar haqida
soʻzlaydi.
— Murodboy toʻgʻri aytdi, —
deydi oqsoqol vazminlik bilan. — Uzoq yillar maktabda muallim boʻlganman.
Oʻqituvchi degani bolaning koʻziga qarab, nima demoqchi boʻlganini biladigan
boʻlib ketar ekan. Oʻsha zamonlarda bolalarning nigohida horgʻinlik koʻrinardi.
Moʻynoqdan uzoqqa ketsam-da, shu tomonlarda baxtimni topsam degan fikrni
uqardim. Yoshlarning bunday kayfiyati kishini muztar qiladi. Shunday vaqtda
ertaga nima boʻlar ekan degan savol yurakni oʻrtaydi-da! Hozir yoshlarga qarab
koʻnglim yorishadi. Ular oʻqib, oʻrgansam, shu yerda katta-katta ishlar qilsam
deb yashayapti-da! Prezidentimizga ming rahmat, Moʻynoqqa hayotni qaytardi. Har
kuni choʻntagi pulga toʻlgan mehmonlar sayohatga keladi. Birovi Yevropadanman
desa, boshqasi Amerikadan gapiradi.
Ha, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev olis hududga tashrif buyurib,
yangilanishlarni boshlab bergach, Moʻynoqqa butun dunyodan mehmonlar keladigan
boʻldi. Tumanning ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi ham tubdan oʻzgardi. Bir
tomonda yangi kutubxona. Sal narida zamonaviy sport maydoni, madaniyat uyi,
musiqa maktabi, fayzli bozoru rastalari toʻlib-toshgan doʻkonlar...
hamma-hammasi obodlik, el farovonligidan dalolat beradi.
Safarimiz chogʻida Orolning
qurigan tubiga ham borib, Prezidentimiz tashabbusi bilan yaratilgan yashil
qoplamaning natijalariga bevosita guvoh boʻldik. Bu xususida avvalgi
maqolamizda ham batafsil toʻxtalgan edik. Oʻshanda Moʻynoq tumani markaziga
qaytar ekanmiz, roʻparamizdan oʻnlab yoʻltanlamas mashinalar chiqdi. Qiziqish
sabab hamrohlarimizdan biron rasmiy tadbirmi yoki ilmiy oʻrganish bormi deya
soʻradik. Bilsak, ularning barchasida xorijlik mehmonlar, Orol boʻyida dam
olish uchun ketayotgan ekan. Mana bu amaliy ishning haqiqiy natijasi deyiladi!
Yana bir misol, Ellikqalʼadagi
Aqchakoʻl boʻyida qiymati 2,5 million dollarlik turizm rekreatsion zonasi hamda
Nukus shahrida Ashshikoʻl boʻyida qiymati 500 ming dollarlik turizm etno-ovuli
tashkil etilibdi.
Ayni oʻrinda yana bir fakt.
Nukus shahrida “Qoraqalpoq palas” jamiyati tomonidan bahosi 10 million
dollarlik yangi mehmonxona qurilib, foydalanishga topshirilibdi. Eʼtiborlisi,
ushbu mehmonxona yurtimiz tarixida ilk bor Amerikaning nufuzli mehmonxona
tarmoqlaridan biri boʻlgan “Ramada bay Uindhem” brendi ostida ish boshlagan.
Ha, bugun ana shunday yirik, rivojlangan davlatlardan investorlar
Qoraqalpogʻistonga kelmoqda.
Prezidentimizning
sarmoyadorlarga keng imkoniyatlar berib, tadbirkorlarni
qoʻllab-quvvatlayotgani, Oʻzbekistonning dunyoga ochilgani natijasi bu!
Biz oʻtirgan samolyot Nukusdan
Toshkentga qarab havoga koʻtarilayotganida shu kabi oʻylar qurshovida edim.
Beixtiyor samolyotning shuncha yuk bilan havoga koʻtarilishi haqida oʻyladim.
Buning bir qancha fizik jihatlari bor. Eng muhimi, kerakli darajada aerodinamik
kuchni vujudga keltirish. Uni bir jihat bilan ifodalab boʻlmaydi. Havo
qarshiligi, motor quvvati, tezlik, oʻz vaqtida shturvalni tortish —
barcha-barchasi havoga xavfsiz koʻtarilishni taʼminlaydi. Mamlakatning
yuksalishi ham xuddi shunday ziyraklik, oʻz vaqtida toʻgʻri qaror qabul qilish,
ayrim masalalarni siyosiy iroda bilan yengib oʻta olishga bogʻliq. Buni esa
faqat kuchli liderlargina uddalaydi va xalq ishonchini qozonadi.
Iqtisodiy
barqarorlik va tafakkurdagi evrilishlar
Yuqorida bugungi kunga haqiqiy
baho berish uchun jamiyat orzusini bilish kerak degan edik. Hozir
qoraqalpogʻistonlik yoshlar oʻqib-oʻrganish, fan va texnologiyalarda xalqaro
yutuqlarni qoʻlga kiritish, tadbirkorlik qilish, kasb-hunarli boʻlib, oilasi
koriga yarash kabi orzular bilan yashayapti. Bular shunchaki orzu emas, kecha
boshlangan yangilanishlarning bugungi samarasi, ertangi kunga boʻlgan qatʼiy
ishonchning belgisidir. Ayni paytda jamiyatning kundalik tashvishlari kamayib,
uzoq yillik rejalar asosida yashay boshlaganidan dalolat. Bunga sabab boʻlgan
islohotlarning ayrimlari xususida aniq fakt va raqamlar orqali toʻxtalib
oʻtsak.
Qoraqalpogʻistonning yalpi
hududiy mahsuloti 2017-yilda 13 trillion 500 milliard soʻmni tashkil etardi.
Oʻtgan davr mobaynida bu koʻrsatkich 4 barobar oʻsdi. Yaʼni joriy yil boshida
54 trillion soʻm yoki 4 milliard 500 million dollardan oshdi. Bunday katta
sakrash, ayniqsa, Orolboʻyi kabi ekologik inqirozga yuz tutgan hudud uchun oson
emas.
Mamlakatimiz
yetakchisining tun-kun tinimsiz mehnati, izlanishi, Orolboʻyi aholisiga alohida
eʼtibori sabab mana shu natijalarga erishildi. Qoraqalpogʻistondagi
tadbirkorlarga alohida imkoniyatlar yaratildi. Ishlab chiqarish salohiyati
oshirildi. Hatto Moʻynoq, Qonlikoʻl kabi olis hududlarda infratuzilma tubdan
yaxshilandi. Xususan, tadbirkorlar uchun foyda soligʻi, aylanmadan olinadigan
soliq, yuridik shaxslarning mol-mulk va yer soligʻi stavkalari 2 karra
kamaytirildi. Ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilandi. Natijada
2023-2025-yillarda 17 mingdan ortiq tadbirkor ixtiyorida 567 milliard soʻmdan
ziyod mablagʻ qoldi. Yana bir muhim faktor. Hududda 7 yil muddatga 14 foizli, 2
yillik imtiyozli davr bilan kreditlar berilishi yoʻlga qoʻyildi. Sanoat
korxonalari uchun elektr energiyasidan 15 foizli imtiyoz berilishi natijasida
2500 dan ortiq korxonaning har oyda oʻrtacha 4-5 milliard soʻm mablagʻi
tejalmoqda.
Bunday imkoniyatlar sabab
ishlab chiqarish tarmoqlari kengayib, yangi ish oʻrinlari yaratilyapti. Shu
tariqa taraqqiyot halqasi hosil boʻlmoqda. Natijada aholi jon boshiga toʻgʻri
keladigan yalpi hududiy mahsulot hajmi 2017-yildagi 7,5 million soʻmdan 26,5
million soʻmga yetdi.
Albatta, mutaxassis boʻlmagan
yoki iqtisodni bir oz boʻlsa-da tushunmagan kishi uchun bular oddiy raqam
boʻlib koʻrinadi. Ammo ozgina tahlil etsangiz, hech yoʻqsa, sunʼiy zehn
imkoniyatini ishga solib, tahlil va natija soʻrasangiz, oʻsha sovuq aql ham har
bir raqam ortida oʻnlab, yuzlab insonlar taqdiri, farovon hayoti turganini
aytadi.
Masalan, safarimiz chogʻida
yaqindagina ish boshlagan mehmonxonada qoʻnoq boʻldik. Nukusdagi xalqaro
aeroportdan bir qadam naridagi bu qoʻnoq joy mehmonlar bilan gavjum. Shunga
yarasha xizmat ham, xonalar sharoiti ham yuqori darajada. Muhimi, unda nukuslik
aholi ishlab, oilasini halol rizq bilan boqmoqda. Ilgari Nukusda sanoqligina
mehmonxona boʻlardi. Ularning ham ahvoli aytarlik darajada emasdi. Qoʻnoq
joylarning koʻpligi iqtisod drayveri boʻlgan sayyohlikning kuchayganini, demak,
moddiy barqarorlikni anglatadi. Raqamlarga eʼtibor bering: 2021-yilda
Qoraqalpogʻistonda jami 61 ta mehmonxona boʻlgan ekan. Hozir ularning soni 2
barobarga koʻpayib, 109 taga yetgan. Muhimi, bu koʻrsatkich yil sayin oshib
bormoqda. Buni ortiqcha taʼriflash shart emas, nazarimda.
Hatto olis, bir vaqtlar
unutilgan hudud boʻlgan Moʻynoqda ham mehmon uylari, xostellar paydo boʻlibdi.
Katta va zamonaviy kutubxona, ATga ixtisoslashgan markaz moʻynoqlik yoshlarni
birlashtirgan. Tadbirkorlar faoliyatini kengaytirib, eng yaxshi sarmoya xalq
koriga yarash degan gʻoya bilan yashamoqda. Ana shunday ishbilarmonlardan biri
moʻynoqlik Amanjol Mambetovdir.
Yurt taraqqiyotiga salmoqli
hissa qoʻshayotgan tadbirkor: “Maqsadim Moʻynoq xalqi uchun yangi ish oʻrinlari
yaratish”, deydi. Bu gaplarni u faqat tilda emas, amalda bajarib kelmoqda.
Masalan, hozir u navbatdagi yirik loyihasini amalga oshiryapti. Moʻynoq shahri
chekkasida milliy koloritga ega dam olish maskaniga asos solyapti. Bu yerda u
etno-ovul quradi. Loyiha doirasida mahalliy va xorijlik mehmonlar uchun barcha
qulayliklar yaratiladi. Moʻynoqliklar baliqchilik bilan ham mashhur boʻlgan.
Tadbirkor koʻl atrofini yashil makonga aylantirib, mehmonlarga shu yerda baliq
ovlash imkonini beradigan dam olish maskanini bunyod etmoqchi. Bunday
misollarni yana uzoq sanash mumkin. Demoqchimizki, bugun qoraqalpogʻistonliklar
imkoniyat izlash, maishiy masalalarni hal etishday mavzulardan ancha yuqorilab,
el-yurtga koʻproq naf keltirish haqidagi rejalar bilan yashamoqda.
Shu oʻrinda kichik mulohaza. Mamlakat taraqqiyotga yuz tutishi uchun
jamiyat oʻzgarishi kerak degan qarash bor. Kuchli liderlar esa jamiyatni ham
oʻzgartira oladigan quvvat, salohiyat va tafakkurga ega boʻladi. Yangi
Oʻzbekistondagi qisqa vaqtda amalga oshirilgan katta islohotlarning bitta siri
shu. Yaʼni Prezidentimiz islohotlarni amalda bajarib, xalqimizga ishonch berdi.
Tafakkurimizda evrilish yasadi.
Ayni oʻrinda baliqchilik
xoʻjaligidagi yutuqlar haqida qisqacha toʻxtalib oʻtsak. Sohani rivojlantirish
maqsadida “Qoraqalpoqbaliq” uyushmasi tashkil etilib, koʻplab imtiyoz va
imkoniyatlar yaratildi. Qisqa vaqtda deyarli yoʻq boʻlib ketgan soha qaytadan
oyoqqa turdi. Katta natijalar qayd etildi. Birgina misol, oʻtgan 2 yilda 13
ming tonnaga yaqin baliq ovlanib, xalqimiz dasturxoniga yetkazildi. Oʻtgan
2025-yilning oʻzida 31 ta yangi koʻl yaratildi. Shuningdek, 487 gektarda sunʼiy
koʻllar barpo etildi. Shu asosda bozorlarimizda baliq mahsulotlari narxi
barqaror boʻlishiga erishilyapti.
Yaqin-yaqingacha
Qoraqalpogʻiston deganda barcha birdek suv muammosini eslardi. Chunki vaziyat, hayotiy haqiqat shunday edi. Shu bois,
baliqchilik rivoji haqida gapirish, juda samimiy qilib aytganda, kulgili edi.
Taʼkidlash kerak, global darajada, xususan, mintaqamizda ham qurgʻoqchilik
xatari oʻz ahamiyatini yoʻqotgani yoʻq. Shunday bir vaziyatda Orolboʻyi kabi
suv yetib borish qiyin hududda baliqchilikni rivojlantirish ilm, fidoyilik,
faqat soʻzda emas, amalda yangilanishlarga intilishdan dalolat.
Mamlakatimiz yetakchisining doimiy
izlanishlari, jumboqli masalani ham yechimga aylantira oladigan yuksak
tafakkuri sabab hatto eng ogʻriqli soha boʻlgan baliqchilik ham rivojlandi.
Shu
oʻrinda ilmiy asosdagi aniq reja haqida yana bir misol keltirsak. Mamlakatimizda
ekin maydonlarini lazerli agregat bilan tekislashga jiddiy eʼtibor berilmoqda.
Buning uchun hatto imtiyoz ham taqdim etildi. Yaʼni har bir gektar maydonni
lazerli tekislashga sarflangan dizel yoqilgʻisi xarajati uchun 1 million
soʻmgacha davlat tomonidan qoplab berilmoqda. Bunday ishlovdan soʻng yer
kaftday tekis boʻlib, ozgina obihayotni butun boshli ekin maydoniga yetkazish
mumkin. Ayni vaqtda sugʻorish vaqti ham qisqaradi. Bularning barchasi suvni
tejaydi. Iqtisod qilingan resurs yangi imkoniyatlar eshigi demak. Ariq va
kanallarning betonlanishi, sohaga zamonaviy texnologiyalar joriy etilgani kabi
koʻplab jihatlar haqida boshqa safar toʻxtalib oʻtarmiz.
Gap
ijtimoiy-iqtisodiy muhit haqida ketganida, davlat idoralarining xalqqa xizmat
qila boshlaganini aytish zarur. Bunda eng quyi boʻgʻin mahalla tizimining isloh
etilganini alohida taʼkidlash kerak. “Mahalla yettiligi” har bir
yurtdoshimizning holidan xabar olib, ularni qiynayotgan masalalarga joyida
yechim beradigan tizimga aylandi.
Yana
bir muhim fakt. Prezidentimiz 2023-yilda “Qoraqalpogʻiston Respublikasi
Vazirlar Kengashi huzurida Mahallalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini
tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaror qabul qilgan edi. Ushbu hujjat asosida 452
ta mahallaning har biriga 500 million soʻmdan ajratiladigan boʻldi. Yaʼni jami
228 milliard soʻm ajratilib, mahallalardagi ijtimoiy va infratuzilma
obyektlarida qurilish-taʼmirlash ishlari olib borildi. Natijada xalqimizni bir
necha yillardan buyon qiynab kelayotgan va “Koʻcha boshilari” tomonidan
koʻtarilgan 2400 ga yaqin muammoga yechim topilgan.
Ayni
oʻrinda “Koʻcha boshilari” haqida ham toʻxtalib oʻtsak. Olis qishloq va
ovullarda barcha xonadonlardagi sharoitni, aholining turmush tarzini koʻcha
boshilar yaxshi biladi. Aynan ular birinchi boʻlib aholiga yordam qoʻlini
choʻzadi. Chunki koʻcha boshilari xalqimizning haqiqiy oqsoqol va
kayvonilaridir. Hozir Qoraqalpogʻistondagi koʻcha boshilarining koʻpchiligi
30-40 yildan buyon qishlogʻi va ovulida oqsoqollik qilib, oʻz qavmining
suyanchi boʻlib, toʻy-marosimlarning boshida turgan shaxslar ekan. Ular har
qanday masala va muammoni hal qila oladigan obroʻli insonlardir. Bunday hayotiy
tajribadan samarali foydalanish aholining islohotlarga ishonchini
mustahkamlamoqda. Buni ular koʻtargan masalalarni tezkor yechimi
topilayotganida ham koʻrish mumkin.
Yangi
Oʻzbekistonning mahallalari haqida yana bir muhim gap. Olis qishloq va
ovullarda ham shahardagi kabi yashash sharoitini yaratish maqsadida
Qoraqalpogʻistondagi 32 ta mahallaga “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi mahalla”
maqomi berildi. Ularni kompleks rivojlantirish dasturi ishlab chiqildi. Ushbu
mahallalardagi amaliy chora-tadbirlar uchun 5 milliard soʻmdan mablagʻ
ajratilgan. Shu vaqtgacha bitta mahalla uchun milliardlab pul ajratilgan
emasdi.
Orolboʻyiga
safarimiz chogʻida ayrim mahallalarda ham boʻldik. Ularda hududning drayver
sohasi aniqlab olingan ekan. Ayrim mahallalar hunarmandchilik, boshqalari
dehqonchilik va chorvachilikka ixtisoslashgan. Muhimi, aholi intilib, izlanib
ishlayapti. Masʼullar esa ularga yoʻl koʻrsatib, yaratib berilgan imkoniyatlar
bilan tanishtirmoqda. Aksariyat oilalarda bekorchi inson yoʻq. Bolalar bogʻcha,
maktabda. Bir paytlar uy-roʻzgʻor yumushidan ortmagan ayollar bugun jamiyatning
faol aʼzosiga aylangan. Bunda maktabgacha taʼlim sohasidagi islohotlarning
oʻrni juda muhim.
Oddiy
misol, oilada bir nafar bogʻcha yoshidagi bola onaning butun bir kunini band
qiladi. Ayni shu jihat ayollarning biron ish bilan mashgʻul boʻlishiga yoʻl
qoʻymaydi. Ochiq gap, yaqin-yaqingacha aksariyat yurtdoshlarimiz, ayniqsa,
qishloq ahli bolasini bogʻchaga berish haqida orzu ham qilmasdi. Avvalo,
qishloqlarda bogʻchalar deyarli yoʻq edi. Qoraqalpogʻiston misolida sohadagi
oʻsish raqamlariga eʼtibor qilsak.
2016-yilda
Orolboʻyi bolalarining 25 foizi bogʻchaga borgan. Oʻtgan qisqa davrda davlat
qaramogʻidagi 264 ta bolalar bogʻchasida qurilish va rekonstruksiya ishlari
bajarilgan. Natijada qamrov 84 foizga yetkazilgan. Quvonarlisi,
Qoraqalpogʻiston bu borada eng ilgʻor hududlardan biriga aylangan.
Bogʻcha
faqat onaga boʻsh vaqt yaratib beradigan subyekt emas. U bolani har jihatdan
kamolga yetkazadigan, bilim va dunyoqarashini shakllantiradigan dargoh. Shu
maʼnoda, Orolboʻyi bolalarining bogʻchaga borishi intellektual kelajak kafolati
hamdir. Ayni jihatni maktablar misolida ham faxr bilan tilga olish mumkin.
Jumladan, oʻtgan yillarda 224 ta maktab qurilgan va mukammal taʼmirlangan.
Buning hisobiga minglab yangi oʻquv oʻrni ochilib, uch smenali taʼlim toʻliq
tugatilgan. Tan olish kerak, uch smenali taʼlimdagi sifat haqida maqtanib
boʻlmaydi. Unda faqat raqamlar, hujjatlar chiroyli boʻladi. Negaki, tigʻizlik
sabab dars vaqti qisqargan, bir kunda ikki, uch sinfga dars oʻtadigan
oʻqituvchining sillasi qurigan boʻladi. Bular bir qarashda kichik jihatdek,
ammo aholi kayfiyatiga, muhimi, kelajak avlodning ilmiy salohiyatiga jiddiy
taʼsir qiladi. Yangi Oʻzbekiston, xususan, Qoraqalpogʻistondagi islohotlar
koʻlami taʼlim sohasini ham birdek qamrab oldi. Ijobiy tomonga oʻzgartirib,
yuqori natijadorlikka asos yaratildi.
Prezidentimiz
taʼbiri bilan aytganda, yangi Oʻzbekiston ostonasi maktabdan boshlandi. Uning
uzviy davomi esa Uchinchi Uygʻonish davriga asos soladigan yoshlarning yana bir
manzili — oliy oʻquv yurtlaridir! Islohotlar boshlanganidan buyon hududdagi
oliygohlar soni 6 tadan 11 taga yetkazildi. Oliy taʼlim muassasalariga qabul
koʻrsatkichi 2016-yilda 9 foiz edi. Hozir bu 55 foizga koʻtarilgan. Bularning
barchasida qoraqalpogʻistonlik yoshlar uchun ajratilayotgan qoʻshimcha kvotalar
muhim asos boʻlmoqda. Hududda ishlab chiqarish koʻlami kengayishi natijasida
kadrlarga talab oshdi. Shu tufayli Prezidentimizning farmoniga asosan 2022-2023
oʻquv yilidan boshlab hozirga qadar qoraqalpogʻistonlik yoshlar uchun
qoʻshimcha 30 ming 700 oʻrin ajratib berildi. Bu ham mamlakat yetakchisining
hududga qaratgan alohida eʼtibori samarasidir.
Ekologik
masalalar bor joyda insonlar salomatligi bilan bogʻliq jihatlar ham yuzaga
chiqaveradi. Qoraqalpogʻistonda mazkur masalalar mushtarak ravishda hal etila
boshlandi. Orolning qurigan tubida yashil maydon yaratilmoqda. Aholini toza
ichimlik suv bilan taʼminlash borasida ham jiddiy ishlarga qoʻl urildi. Shu
bilan birga, tibbiyot sohasi rivojiga ham alohida eʼtibor berildi. Keling,
raqamlarga yuzlanaylik.
Orolboʻyida
2023-2025-yillarda 253 milliard 395 million soʻm hisobidan 67 ta sogʻliqni
saqlash obyektida qurilish-taʼmirlash ishlari bajarilgan. Tibbiyot rivojiga
qaratilayotgan eʼtibor natijasida aholi oʻrtasida kasalliklarni erta aniqlash
va oʻlim darajasini bir necha marta kamaytirishga erishilgan. Hudud uchun muhim
jihatlardan biri, nafas olish tizimi kasalliklari kamayishi kuzatilmoqda.
Jumladan, birlamchi kasallanish 2022-yilda har 100 ming aholiga nisbatan 42
ming 449 nafarni tashkil etgan edi. Hozir bu koʻrsatkich 33 ming 294 nafarga
tushgan. Nafas olish tizimi boʻyicha umumiy kasallanish esa 100 ming aholiga 14
ming 798 nafarni tashkil etgan boʻlsa, hozir 10 ming 50 nafarga tushgan.
Eʼtiborlisi, bunday ijobiy oʻzgarish muttasil saqlanib turibdi.
Yana
bir muhim jihat. Yaratilgan imkoniyatlar natijasida shu kungacha Toshkent
shahrida oʻtkazib kelingan ayrim murakkab operatsiyalarni shu yerning oʻzida
oʻtkazish imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, xorijning tajribali shifokorlari
Qoraqalpogʻistonga kelib, ayrim murakkab operatsiyalarni bajarmoqda.
Qolaversa,
11 milliard soʻm hisobidan Tez yordam markazi hududiy filiali uchun bino
qurilib, foydalanishga topshirilgan. Markazni radio-aloqa vositalari va
mebellar bilan taʼminlash uchun 8,5 milliard soʻm ajratilgan. Shu qatorda
aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalar va bolalar
salomatligini muhofaza qilish, sogʻlom bola tugʻilishini taʼminlash borasida
amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar qatorida tugʻuruq komplekslari
yangilanib, zamonaviy qiyofaga ega boʻlmoqda. Bularning barchasi qoraqalpoq
eliga qanot beryapti. Ertangi kuniga ishonchni mustahkamlamoqda. Yuqorida
taʼkidlaganimizdek, Orolboʻyi aholisi katta orzular, yaratuvchanlik kayfiyati
bilan yashamoqda.
Ha,
Qoraqalpogʻistondagi oʻzgarishlar, islohotlarni sanab adogʻiga yeta olmaysiz.
Muhim fakt shundaki, madaniyat tom maʼnoda Orolboʻyidan boshlanmoqda. Soʻnggi
yillardagi yangilanishlar shiddati aholining turmush darajasi, iqtisodiy
faolligini sezilarli darajada oshirdi. Ekologik muammolarning yechim topishi,
tadbirkorlik, taʼlim va sogʻliqni saqlashdagi yangilanishlar barqaror
taraqqiyot uchun mustahkam poydevor yaratmoqda. Muhimi, bu oʻzgarishlar
xalqimiz tafakkuri, orzu-intilishlarida oʻz aksini topyapti. Ana shu faktorning
oʻziyoq yangi Oʻzbekistondagi izchil islohotlarning nechogʻliq hayotbaxsh
ekanini tasdiqlaydi.
Salim DONIYOROV,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan
jurnalist