Bozorda mahsulot yoki xizmat boʻlib ishladimi? Kambagʻallikni qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligi va hudud taraqqiyotiga xizmat qildimi?
Agar ilm faqat qogʻozda qolsa, u yaxshi fikr boʻlishi mumkin, ammo hali toʻliq kuch emas. Ilm haqiqiy kuchga aylanishi uchun u tuproqni koʻrishi, suvni his qilishi, fermer qoʻlidan oʻtishi, xonadon daromadi va bozor ehtiyoji bilan bogʻlanishi kerak. Oddiy qilib aytganda, ilm laboratoriyada tugʻiladi, lekin xalq hayotiga kirganda yashay boshlaydi.
Bu faqat Oʻzbekiston muammosi emas!
Bugun dunyoda
ham shu savol dolzarb. Rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar ilm-fanga
katta mablagʻ sarflaydi, universitet va ilmiy markazlar minglab maqola, patent
va prototiplar yaratadi. Ammo ularning hammasi ham texnologiyaga, ish oʻrniga,
daromad yoki jamiyatda seziladigan foydaga aylanavermaydi. Shuning uchun ilmni
qanday qilib hayotga tezroq va ishonchliroq olib kirish mumkin degan savol
koʻp mamlakatlar uchun asosiy siyosiy va ilmiy masalaga aylanmoqda.
Xalqaro
tahlillarda bir muhim xulosa bor: ilmiy natijani tijoratlashtirish faqat
patent, litsenziya yoki startap degani emas. Hamkorlikdagi tadqiqot, kontrakt
tadqiqot, xoʻjalik shartnomalari, akademik maslahat, proof-of-concept, yaʼni
gʻoyaning amalda ishlashini isbotlash uchun beriladigan mablagʻ, olim va
sanoat oʻrtasidagi harakatchan aloqalar, ilmiy infratuzilmadan
birgalikda foydalanish va ochiq innovatsiya kabi yoʻnalishlar
ham muhim. Chunki patentning oʻzi yetarli emas, unga ishonadigan, uni
ishlatadigan va bozorga olib chiqadigan muhit kerak.
Qator
davlatlar tajribasi bir-biriga oʻxshash muammolarni koʻrsatadi: intellektual
mulk tizimi zaif boʻlsa, proof-of-concept uchun mablagʻ yetarli boʻlmasa,
texnologiya transferi ofislari kuchsiz boʻlsa, olimlar faqat maqola bilan
baholansa, xususiy sektor va real foydalanuvchi boshidanoq jalb qilinmasa,
ishlanma laboratoriyadan bozorga oʻta olmaydi. Demak, bu maqolada biz faqat oʻz
muammomiz haqida emas, butun dunyo izlayotgan yechim haqida ham gapiryapmiz.
Amalda ilmning
yoʻli koʻpincha mana bunday kechadi: gʻoya olimda yoki laboratoriyada paydo
boʻladi, kichik tajriba oʻtkaziladi, keyin tajriba stansiyasida sinab koʻriladi,
hisobot yoziladi, maqola chiqadi, patent olinadi. Shundan keyingina natijani
fermerga, korxona yoki bozorga yetkazish masalasi boshlanadi.
Ammo koʻp
hollarda aynan shu yerda katta muammo paydo boʻladi. Ishlanma tayyor boʻlgan
paytda bozor oʻzgargan, iqlim oʻzgargan, asosiy foydalanuvchi — fermerning ehtiyoji
oʻzgargan boʻladi. Baʼzan olim tomonidan taklif qilinayotgan yangi ilmiy
mahsulot oʻxshash, koʻpincha xorijiy takliflarga nisbatan qimmat boʻladi. Eng
qiyini, tarmoqda yangi mahsulotni olimdan boshqa tushunadigan va samarali
ishlatadigan mutaxassisning oʻzi boʻlmasligi mumkin. Fermer esa tabiiy savol
beradi: “Bu mening yerimda ishlaydimi? Mening suvim, tuprogʻim, mehnat
sharoitim bunga mosmi? Tavakkal qilsam, foyda koʻramanmi?”.
Koʻpincha bu
savollarga aniq javob boʻlmaydi. Chunki texnologiya haqiqiy fermer maydonida
emas, cheklangan tajriba sharoitida sinalgan boʻladi. Natijada yaxshi
ishlanmalar ham tokchada turaveradi: patent bor, lekin xaridor yoʻq, maqola
bor, lekin fermer ishonmaydi, hisobot bor, lekin bozorga chiqmaydi. Bir necha
tarmoqda rahbarlikdan olgan eng muhim sabogʻim shu: ilmning oxirgi manzili
boshidanoq belgilanmagan boʻlsa, keyin vaqt oʻtishi bilan uni hayotga olib
kirish qiyinlashib ketaveradi. Demak,
yechim nostandart — astari agʻdarilgan, yaʼni teskaridan boshlangan yondashuvni
talab qiladi.
Qanday
yoʻl taklif etiladi?
Koʻp yillar
davomida anʼanaviy yondashuv ushbu zanjirda ishlab keldi: gʻoya — ilmiy grant — laboratoriya tadqiqotlari — natijalar
tahlili — maqola va hisobotlar — patent yoki prototip — kichik sinov ishlab
chiqarish — isteʼmolchi yoki tarmoqlarga tijoriy taklif — tijoratlashtirish.
Bu yoʻlning
ilmiy ahamiyati bor, albatta. Ammo amaliy qishloq xoʻjaligida u koʻpincha
uzun, sekin va xavfli boʻlib qoladi. Chunki fermer, xonadon, klaster, korxona
yoki bozorning haqiqiy ehtiyoji jarayonning boshida emas, aksar hollarda
oxirida hisobga olinadi. Natijada ayrim ishlanmalar yaxshi maqola, hisobot yoki
patentga aylanadi, lekin fermer dalasiga, xonadon daromadiga, bozor
mahsulotiga va iqtisodiy samaraga yetib borolmaydi.
Endi ilm
yoʻlini teskaridan boshlash vaqti keldi. Yaʼni olim oʻz ishini faqat “menda
qanday gʻoya bor?” degan savoldan emas, balki “qaysi fermer, qaysi xonadon,
qaysi hokimlik, qaysi klaster, qaysi kooperativ, qaysi korxona yoki qaysi mahalla
muammosini hal qila olaman?” degan savoldan boshlashi kerak.
Yangi
modelda zanjir boshqacha — quyidan yuqoriga qarab quriladi: hozirgi hayotiy muammo — fermer maydoni yoki xonadon
platformasini ilmiy maydon sifatida tanlash — sharoitlar va mavjud inson
kapitalini ilmiy diagnostika qilish — yechim gʻoyasi — grant jalb qilish — laboratoriya
va dala tadqiqotini bir vaqtda olib borish — bepul yoki imtiyozli texnologiya
paketi — real sharoitda sinov va mahalliy mutaxassis tayyorlash — fermer va
xonadon daromadi — atrofdagi xonadon va fermerlarga kengaytirib borish, yaʼni
dastlabki tijoratlashtirish — ilmiy maʼlumot — maqola, patent va joriy
qilingan maydon taqdimoti — klaster, kooperativ, kompaniya, startap yoki spin-
off orqali kengaytirish — keng miqyosda tijoratlashtirish Farq shundaki,
amaldagi tizimda fermer, xonadon va bozor koʻpincha zanjirning oxirida paydo
boʻladi. Yangi modelda esa ular boshidanoq jarayonning ichida boʻladi. Amaldagi
tizimda tijoratlashtirish oxirgi va eng qiyin bosqich sifatida koʻriladi, olim
koʻpincha tayyor ishlanmasini sotishga urinadi va tabiiy ravishda unga yuqori
baho qoʻyadi. Yangi tizimda esa ishlanma ilmning boshidayoq
isteʼmolchi-ishtirokchiga davlat granti yordamida bepul yoki imtiyozli tarzda
yetib boradi. Demak, birinchi real sinov, birinchi daromad, birinchi mahalliy
mutaxassis va birinchi ishonchli natija texnologiya bilan bir vaqtda
shakllanadi.
Hayotiy jarayonlar ildiz otishi kerak
Shuning
uchun bugun qishloq xoʻjaligida noodatiy — “teskaridan boshlanadigan” yangi
yondashuv zarur: ilmiy grant faqat laboratoriyadan emas, hayotiy jarayonlar
ichida amalga oshirilishi kerak. Olim loyiha yozmoqchi boʻlsa, birinchi savol
“mening texnologiyam kimning qaysi muammosini hal qiladi?” boʻlishi lozim. U
qaysi xonadonda, qaysi fermer maydonida, qaysi mahallada, qaysi suv va tuproq
sharoitida sinab koʻriladi? Faqat “mening laboratoriyam bor”, “mening tajriba
stansiyam bor”, “mening mavzum qiziq” degan yondashuv endi yetarli emas.
Olim
dalaga chiqishi, fermer bilan gaplashishi, mahallaning tuprogʻi, suvi, mehnati,
bozori va daromad imkoniyatini oʻrganishi, atrofdagi inson kapitalini baholab
olishi va shundan keyin loyihani real sharoitga moslab yozishi kerak. Bu ilmni
pastga tushirish emas, aslo. Aksincha, ilmni haqiqiy kuchga aylantirishdir.
Chunki
fermer dalasi ham laboratoriya, xonadon tomorqasi ham tajriba maydoni.
Chorvachilik xonadoni, issiqxona, bogʻ, baliqchilik havzasi, urugʻchilik
maydoni — bularning barchasi hayotning oʻzidagi yuqori texnologik va nisbatan
arzon ilmiy platforma boʻlishi mumkin. Achchiq boʻlsa-da, tan olish kerak:
ayrim hollarda ana shu quyi boʻgʻindagi maydonlar texnologiya, tashkilotchilik
va bozorga yaqinlik jihatidan ilmiy institut va jamoalardan ilgarilab ketgan.
Biz, olimlar buni koʻrib turib, baʼzan koʻrmagandek boʻlamiz. Xoʻsh, hamma
birday maqsadga yetadigan yondashuv bormi? Bor, albatta. Bu dalaga bogʻlangan,
tomorqadan shakllangan va bozorga yoʻnalgan ilmiy tadqiqotlarning yangi
zanjiridir.
Texnologiya endi qogʻozdagi xom gʻoya emas
Qishloq
xoʻjaligida shakllanayotgan “xonadonbay” yoki fermerga bogʻlangan ilmiy
loyihalarning eng katta afzalligi shundaki, u bitta davlat sarmoyasi orqali
butun innovatsiya zanjiriga — olim, ilmiy tashkilot, fermer, xonadon, mahalla,
bozor va iqtisodiyotga manfaat keltiradi.
Bir tomondan, olim va ilmiy tashkilot grant orqali tadqiqot qiladi: ish haqi, laboratoriya xarajatlari, materiallar, monitoring va ilmiy kuzatuv uchun zarur mablagʻ taʼminlanadi. Yangi nav, texnologiya, agrotexnika, ozuqa, vaksina, biopreparat yoki boshqa ishlanma faqat institut stansiyasida emas, balki boshidanoq haqiqiy hayotiy sharoitda — fermer maydonida, xonadon tomorqasida, chorvachilik yoki baliqchilik xoʻjaligida sinab koʻriladi. Shu tariqa gʻoya yoki ishlanma qogʻozda qolib ketmaydi, balki ilk bosqichdanoq hayotiy sharoitlarda tekshiriladi, moslashadi va kengayish imkoniyatini topa boradi.
Ikkinchi tomondan, fermer yoki xonadon yangi texnologiya xavfini yolgʻiz koʻtarmaydi. Boshlangʻich tavakkalni davlat granti va ilmiy tashkilot oʻz zimmasiga oladi. Chunki har qanday yangi texnologiya hali hamma ishonadigan darajada keng isbotlanmagan boʻladi. Uni fermerga “oʻzing tavakkal qilib koʻr”, deb berish toʻgʻri emas. Shuning uchun bu modelda fermer yoki xonadon yangilikni bepul yoki imtiyozli tarzda oladi: urugʻ, koʻchat, chorva, parranda, baliq, biopreparat, vitamin, vaksina, ozuqa qoʻshimchasi, tuproq tahlili, agronomik yoki veterinariya maslahati, parvarish protokoli va olimning doimiy kuzatuvi taklif etiladi.
Ayrim hollarda xonadon aʼzolaridan biri loyihaga texnik xodim sifatida jalb qilinib, maosh oladi, yangi kasb va koʻnikma oʻrganadi. Eng muhimi, olingan hosil va foyda xonadonning oʻzida qoladi. Masalan, kartoshka urugʻchiligida xonadon hosilning bir qismini isteʼmol qiladi, bir qismini kelasi yil uchun urugʻlikka qoldiradi, kelishuv asosida urugʻlik mahsulotini qayta sotishi ham mumkin. Demak, xonadon faqat texnologiya olmaydi, u bilim, daromad, kasb, ishonchli xaridor va tayyor bozor zanjiriga kiradi.
Olim ham yutadi. Chunki tajriba turli tuproq, suv, iqlim va boshqaruv sharoitiga ega haqiqiy maydonlarda oʻtadi. Bu unga arzonroq, ishonchliroq va boyroq ilmiy maʼlumot beradi. Kundalik mehnat, sugʻorish, oʻgʻitlash, parvarish va maydonni saqlashda fermer hamda oila aʼzolari ishtirok etadi. Shu bois, olim tajribani har kuni parvarishlash, materialni yoʻqotib qoʻymaslik, tashkiliy va kommunal xarajatlarni koʻtarish kabi ogʻir yumushlarning katta qismidan yengillashadi. Tajriba esa doimiy koʻz-quloq boʻlgan haqiqiy xoʻjalik muhitida davom etadi. Natijada ilmiy tadqiqot arzonlashadi, materiallar yaxshiroq saqlanadi, maʼlumotlar esa hayotga yaqinroq boʻladi.
Davlat ham
yutadi. Chunki bir mablagʻ bilan bir vaqtning oʻzida ilmiy tashkilot qoʻllab-quvvatlanadi,
olim ishlaydi, qishloq aholisi daromadga chiqadi, xonadonda yangi kasb va
koʻnikma paydo boʻladi, texnologiya tezroq hayotga kiradi. Bu kambagʻallikni
qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligi, hududiy rivojlanish va qishloqda
bandlikni oshirishga xizmat qiladi.
Iqtisodiyot
ham bundan foyda koʻradi. Kichik xonadon yoki fermer sinovlari keyinchalik
klaster, kooperativ, urugʻchilik kompaniyasi, startap yoki spin-off uchun
ishonchli platformaga aylanadi. Chunki texnologiya endi qogʻozdagi xom gʻoya
emas, balki turli xonadon va maydonlarda sinab koʻrilgan, uni tushunadigan
odamlari, texnik xodimlari, dastlabki bozori va ishonchli natijalari bor amaliy
yechim sifatida namoyon boʻladi.
Eng muhimi,
olim maʼnaviy jihatdan yutadi. Chunki har bir haqiqiy olim oʻz umrida bir
narsani koʻrishni istaydi: uning ilmi odamlarga foyda bersin. Bunday modelda
ilm qogʻozda emas, xonadon daromadida, fermer dalasida, mahalla hayotida va
jamiyat taraqqiyotida koʻrina boshlaydi. Jamiyat esa sekin-asta ilmni tashqaridan
keladigan tushunarsiz narsa emas, oʻz hayoti, mehnati va daromadi bilan
bogʻliq tirik muhit sifatida qabul qiladi.
Shu oʻrinda
hamkasblarimiz tomonidan tabiiy savol tugʻilishi mumkin: “Olim ming mashaqqat
bilan yaratgan ishlanmasidan katta daromad ololmaydimi? Grant mablagʻining oʻzi
katta gʻoyali olimni qoniqtirmasligi mumkin-ku?”. Aslo unday emas. Yangi zanjirning
keyingi bosqichi — keng miqyosda tijoratlashtirishda olim va uning jamoasi
uchun katta daromad imkoniyati saqlanadi. Agar ishlanma katta ishlab
chiqaruvchiga manfaat bersa, royalti, litsenziya, shartnoma yoki hamkorlik
orqali olimning ulushi ham boʻladi. Qizigʻi shundaki, olim bilan birga
ishlagan quyi boʻgʻin ishtirokchisi — fermer yoki xonadon olimning katta
daromadga tezroq yetishiga yoʻl ochadi. Agar olim ularni faqat “tajriba
obyekti” emas, balki jarayon hamkori va natija zanjirining toʻlaqonli
ishtirokchisi sifatida eʼtirof etsa, zanjir boshidan oxirigacha barchaga
manfaat keltiradi.
Boshlangʻich amaliyot
nimani koʻrsatmoqda?
Bu yondashuv Oʻzbekistonda amaliyotga kirib bormoqda.
Hududlarda “xonadonbay” usulda qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish
orqali yuqori daromadga erishish boʻyicha dastlabki loyihalar amalga
oshirildi. Masalan, 2024-yilda 13 ta ilmiy loyiha 130 ta xonadonda bajarildi,
umumiy qiymati 5,8 milliard soʻm atrofida boʻldi. Sabzavotchilik,
bogʻdorchilik, sholichilik, polizchilik, don-dukkakchilik va mexanizatsiya
yoʻnalishlarida ilmiy tashkilotlar masʼul etib belgilandi.
Namangan viloyati Yangiqoʻrgʻon tumanida
kartoshkachilik boʻyicha amaliy natija oddiy va tushunarli misol boʻldi.
Tomorqa egalariga mahalliy “Oʻzbekiston qizili” va “Toshkent ertagisi”
kartoshka navlari berildi. Xonadonlar oʻz tomorqasida ekib, olimlar maslahati
bilan parvarish qildi. Natijada bir xonadondan oʻrtacha 2 tonnadan ortiq kartoshka
olindi, bir qismi keyingi yil uchun urugʻlikka qoldirildi.
Boshqa misol — 3 sotix tomorqada ekin turi, nav, ekish
muddati va hosil pishish davri toʻgʻri tanlansa, bir mavsumda 2-3 marta mahsulot
yetishtirish mumkin. Romen salati, salat bargi, pomidor, bodring, shirin
qalampir, sarimsoq kabi ekinlar ketma-ket joylashtirilganda kichik maydon ham
katta daromad manbaiga aylanadi. Chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va
intensiv bogʻdorchilikda ham shu mantiq ishlaydi: mahsulot berishning oʻzi
yetarli emas, unga ilm, xizmat, bozor va qayta sotib olish zanjiri bogʻlanishi
kerak.
Yangi modelda fermer yoki xonadon, yaʼni dastlabki
isteʼmolchi faqat “qabul qiluvchi” emas. U ilmning hammuallifiga aylanadi.
Olim usul, protokol va tahlilni, fermer yer, mehnat, kundalik kuzatuv va mahalliy
tajribani beradi. Xonadon aʼzosi texnologiyani qoʻli bilan bajaradi. Olim
natijani oʻlchaydi. Fermer daromadni koʻradi. Mahalla boshqa xonadonlarga
namuna boʻladi. Kompaniya esa texnologiyaga ishona boshlaydi va pirovardida
ishlanmani sotib olishi, kengaytirishi yoki bozorga olib chiqishi mumkin.
Shunda olim ham, dastlabki isteʼmolchi ham, keyingi biznes zanjiri ham foyda
koʻradi.
Ishonchsiz texnologiya sotilmaydi. Ishonchsiz patent
litsenziyalanmaydi. Ishonchsiz tavsiya fermerga yetmaydi. Ammo fermer oʻz
qoʻshnisining tomorqasida natijani koʻrsa, olim maslahati bilan hosil
oshganini bilsa, xonadon daromad olganini koʻrsa, ishonch paydo boʻladi.
Ilmning tijorat kuchi ana shu ishonchdan boshlanadi.
Har qanday yangi texnologiyaning eng qiyin davri —
boshlangʻich davr. Bu paytda u hali kichik, xavfli va toʻliq isbotlanmagan
boʻladi. Kompaniyalar darhol pul tikishdan qoʻrqadi, klaster yoki kooperativ
“katta maydonda ishlaydimi?” deb ikkilanadi, fermer esa “zarar koʻrmaymanmi?”
deb oʻylaydi. Shuning uchun davlat granti aynan shu xavfli bosqichda koʻprik
boʻlishi kerak.
Grant texnologiyani xonadon yoki fermer
maydonida kichik, ammo haqiqiy sharoitda sinab koʻradi. Natija chiqsa, keyin
kompaniya keladi, klaster qiziqadi, kooperativ sotib oladi, urugʻchilik
korxonasi koʻpaytiradi, startap yoki spin-off texnologiyani bozorga olib
chiqadi. Bu bosqichda texnologiya endi “qogʻozdagi tavsiya” emas, balki odamlar
qoʻlidan oʻtgan, daromad bergan, ishonch qozongan amaliy yechimga aylanadi.
Ilmiy maqola
ham yoʻqolmaydi. Kimdir savol berishi mumkin: olimlar dalaga, xonadon va
fermerga koʻproq chiqsa, ilmiy maqola, patent, fundamental izlanish nima
boʻladi? Aksincha, ular kuchayadi. Chunki xonadonbay yoki fermerga bogʻlangan
tadqiqotlar olimga haqiqiy maʼlumot beradi: turlicha tuproq, suv, iqlim,
boshqaruv sharoitida texnologiya qanday ishlaganini koʻrsatadi. Bunday
maʼlumot asosida maqola ham kuchliroq boʻladi, patent ham hayotdan
ajralmaydi. Uning ortida real xonadon, daromad, tuproq va real fermer
tajribasi turadi.
Olimlar uchun dolzarb
vazifa
Ilmiy hamjamiyat, professorlar, akademiklar,
laboratoriya rahbarlari va institut direktorlari bugun bir muhim haqiqatni tan
olishi kerak: amaliy qishloq xoʻjaligi ilmi faqat laboratoriyadan boshlanib,
keyin hayotga borishi bilan cheklanmasligi kerak. Ayniqsa, fermer, xonadon,
hokimlik, klaster, kooperativ, korxona yoki hudud ehtiyoji bilan bogʻliq
tadqiqotlarda ilmning yoʻli boshidanoq hayotiy muammo bilan bogʻlanishi lozim.
Ilmning yangi mantigʻi shunday: avval
hayotdagi muammo, keyin ilmiy yechim. Avval fermer dalasi, xonadon ehtiyoji va
bozor talabi, keyin laboratoriya, grant, texnologiya, maqola va patent. Bunday
yondashuvda maqola ham, patent ham, tavsiya ham yoʻqolmaydi. Aksincha, ular
qogʻozdagi nazariy natija emas, haqiqiy sharoitda sinab koʻrilgan, fermer va
xonadon daromadi bilan tasdiqlangan, bozorga yaqin ilmiy mahsulotga aylanadi.
Bu professor, akademik, laboratoriya rahbari yoki
institut direktoriga ham yangi vazifa yuklaydi. Endi olim faqat grant kutib
oʻtirmasligi kerak. Agar institutda kuchli laboratoriya, tajribali olimlar,
yosh tadqiqotchilar, magistrlar, aspirantlar va jahon adabiyotiga kirish
imkoniyati boʻlsa, bu katta boylik. Ammo bu boylik faqat ichki hisobot,
dissertatsiya yoki maqola emas, hudud, sektor, fermer, xonadon va iqtisodiyot
uchun ham ishlashi kerak.
Olimlar hokimlikka borib: “Tumandagi suv, tuproq, ekin,
logistika, chorvachilik yoki qayta ishlash muammosini tahlil qilamiz va
yechimlar paketini taklif etamiz”, deyishi mumkin. Klasterga borib:
“Hosildorlik, tola sifati, suv sarfi, kasallik, urugʻlik yoki agrotexnologiya
muammosini diagnostika qilamiz, ilmiy asoslangan xarita tuzamiz,
xodimlaringizni oʻqitamiz”, desa boʻladi. Kooperativ, fermer yoki mahallaga
borib: “Sizning sharoitingizda qaysi texnologiya ishlaydi, qaysi xarajat oʻzini
oqlaydi, qaysi mahsulot bozorga chiqadi — shuni birga hisoblaymiz”, desa
toʻgʻri boʻladi.
Shunday qilib, “ilm yoʻlini teskaridan
boshlash” faqat grant berish tartibini emas, olimning fikrlash tarzini ham
oʻzgartiradi. Ilgari savol “gʻoyamni qayerda sinab koʻraman?” boʻlgan boʻlsa,
endi savol “qaysi hayotiy muammoga ilmiy yechim beraman?” boʻlishi kerak. Ana
shunda ilm qogʻozdan hayotga, laboratoriyadan iqtisodiyotga, maqoladan inson
manfaatiga, patentdan mahsulotga va grantdan amaliy natijaga tezroq yetib boradi.
Akademik konsalting:
vaqti kelgan yoʻnalish
Mana shu yondashuv akademik konsaltingning ham tabiiy
boshlanishidir. Konsalting deganda koʻpchilik xususiy firmalarni tasavvur
qiladi. Lekin dunyoda akademik konsalting ham muhim yoʻnalishga aylanmoqda.
Universitet va ilmiy institut olimlari oʻz bilimini davlat, biznes va jamiyat
muammolarini hal qilishga yoʻnaltiradi.
Bu yoʻnalishning afzalligi shundaki, u startapdan ham
tezroq boshlanishi, patent litsenziyasidan ham soddaroq boʻlishi mumkin.
Hokimlik toʻgʻri qaror qabul qiladi, kompaniya xato xarajatdan saqlanadi,
fermer ilmiy yechim oladi, institut esa laboratoriyasi va yosh olimlari uchun
qoʻshimcha daromad topadi.
Lekin akademik konsalting tasodifiy va norasmiy holatda
qolmasligi kerak. Unga huquqiy asos, namunaviy shartnoma, tezkor tasdiq, xizmat
narxini belgilash, daromadni institut va olimlar oʻrtasida adolatli taqsimlash,
masʼuliyat va sifat nazorati tizimi lozim. Olim oʻz instituti orqali ishlasin,
institut olimini himoya qilsin, hudud va biznes esa ishonchli ilmiy xizmat
olsin.
Qishloq xoʻjaligida bu, ayniqsa, muhim. Chunki bu
sohada tuproq, suv, genetika, veterinariya, iqtisodiyot, logistika, qayta ishlash,
eksport, raqamlashtirish, texnika, ekologiya va oziq-ovqat xavfsizligi
bir-biriga bogʻlangan. Bunday muammoga oddiy maslahat emas, ilmiy asoslangan
kompleks yechim kerak.
Davr talabi
Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasini qayta tashkil
etish gʻoyasi aynan shu yangi davr talabi bilan bogʻliq. Buni faqat eski akademiyani
qayta tiklash deb tushunmaslik kerak. Yangi akademiya faqat maqola va hisobot
tayyorlaydigan muassasa emas, balki ilmni fermer dalasiga, xonadon daromadiga,
hokim qarorlariga, klaster texnologiyasiga, bozor mahsulotiga va xalq
dasturxoniga yetkazadigan milliy aql markazi boʻlishi kerak.
Uning vazifasi beshta yoʻnalishda koʻrinishi mumkin:
ilmdan xonadonga, ilmdan fermerga, ilmdan bozorga, ilmdan siyosatga, ilmdan
jamiyatga. Yaʼni yangi nav, koʻchat, chorva, parranda, baliq, biopreparat va
agrotexnika xonadon va fermer darajasida sinab koʻriladi, sinovdan oʻtgan
mahsulot yoki texnologiya kompaniya, klaster, kooperativ, startap yoki
spin-off orqali masshtablashadi, hokimlik va vazirliklar esa ilmiy tahlilga
tayanib qaror qabul qiladi.
Agar ilmni hayotga yaqinlashtirmoqchi boʻlsak,
grantlarni baholash mezoni oʻzgarishi kerak. Loyiha arizasida faqat “maqsad”,
“vazifa”, “ilmiy yangilik”, “kutilayotgan maqola” boʻlishi yetarli emas.
Unda quyidagi savollarga ham aniq javob boʻlishi
kerak: qaysi xonadon yoki fermer maydonida ishlanadi? Qaysi hudud, tuproq va
suv sharoiti tanlangan? Xonadon nima oladi — urugʻ, koʻchat, biopreparat,
vaksina, konsultatsiya, tahlil yoki oʻquvmi? Oila aʼzosi texnik xodim sifatida
jalb qilinadimi? Mahsulotni qayta sotib olish yoki bozorga chiqarish mexanizmi
bormi? Qaysi kompaniya, klaster yoki kooperativ keyin masshtablashtirishi
mumkin? Natija hosil, daromad, suv tejamkorligi, ish oʻrni, mahsulot sifati va
fermer ishonchi orqali qanday baholanadi? Mana shunday savollar javobi ilmiy
loyihani qogʻozdan hayotga olib chiqadi.
Har bir sektorga
qoʻllash mumkin boʻlgan yondashuv
Bu model faqat kartoshka, sabzavot yoki paxta uchun
emas. Urugʻchilikda yangi navlar fermer maydonida sinab koʻriladi, mahalliy
urugʻchilik zanjiri shakllanadi. Chorvachilikda zotdor qoramol, qoʻy, parranda
va quyon xonadonda ilm asosida koʻpaytiriladi. Veterinariyada vaksina,
diagnostika va profilaktika paketi mahallada sinab koʻriladi. Baliqchilikda
kichik havzalarda intensiv baliq yetishtirish modeli ishlanadi.
Sabzavotchilikda 2-3-marta hosil olish sxemasi joriy qilinadi. Bogʻdorchilikda
intensiv bogʻ, tomchilatib sugʻorish va qator orasi ekinlari daromad manbai
boʻladi.
Yangi jihat shundaki, biz ilmni tijoratlashtirishni
faqat patent yoki startapdan emas, xonadon, mahalla va fermer maydonidan
boshlashni taklif etyapmiz. Bu modelda grant bir vaqtning oʻzida olimni ham,
xonadonni ham, texnologiya sinovini ham, kambagʻallikni qisqartirishni ham,
keyingi bozorga chiqishni ham qoʻllab-quvvatlaydi. Bu Oʻzbekiston uchun
amaliy, boshqa davlatlar uchun esa oʻrganishga arziydigan tajriba boʻlishi
mumkin.
Xulosa
Biz koʻp yillar ilmni yuqoridan pastga tushirishga
oʻrgandik: institutdan stansiyaga, stansiyadan fermerga, fermerdan bozorga.
Endi esa muammo xonadondan, fermerdan, mahalladan va hududdan boshlanishi, olim
shu muammoni yechishi, natija bozorga chiqishi, keyin siyosat va milliy
dasturga aylanishi kerak.
Ilm xonadonga kirsa, hisobot emas, daromadga aylanadi.
Ilm fermer dalasiga kirsa, nazariya emas, ishonchga aylanadi. Ilm bozorga
kirsa, mahsulot va xizmatga aylanadi. Ilm hokim qaroriga kirsa, toʻgʻri
siyosatga aylanadi. Ilm jamiyatga kirsa, taraqqiyot boʻladi.
Bugun Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi ana shu yangi
yoʻlga qadam qoʻymoqda. Prezidentimiz rahbarligida ilm-fanni qoʻllab-quvvatlash,
fermer va dehqonga erkinlik berish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish,
urugʻchilikni rivojlantirish, qayta ishlash va eksport salohiyatini oshirish,
innovatsiya ekotizimini shakllantirish, eng muhimi, inson manfaatini markazga
qoʻyish boʻyicha islohotlar shu yoʻnalishga mustahkam asos yaratmoqda.
Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasini qayta tashkil
etish tashabbusi ham ana shu islohotlar ruhiga mos keladi. Davlatimiz rahbari
ilmiy hamjamiyatlar, yangi akademiklar va sohadagi ilmiy institutlarni ana shu
yangi zanjir doirasida koʻrish, har bir akademik va ilmiy jamoaning xonadonda,
mahallada, tumanda va viloyatda amaliy modeli boʻlishi zarurligini alohida
taʼkidlab kelmoqda. Boshqacha aytganda, yangi davrda akademiya ilmiy
institutlarni faqat grant kutadigan yoki hisobot topshiradigan muassasa emas,
balki hududlarga maslahat beradigan, fermerga texnologiya yetkazadigan, xonadon
daromadini oshiradigan, bozorga mahsulot chiqaradigan va milliy oziq-ovqat
xavfsizligiga xizmat qiladigan amaliy aql markaziga aylantirishi zarur.
Endi olimlar, professorlar, institutlar va grant
beruvchi tashkilotlar oʻz savolini oʻzgartirishi lozim. Savol faqat “qancha
maqola chiqadi?” emas, balki “bu ilm kimning hayotini yengillashtiradi?”,
“qancha patent olinadi?” emas, balki “bu texnologiya qaysi fermerga daromad
beradi?”, “loyiha qayerda bajariladi?” emas, balki “u qaysi xonadonda, qaysi
dalada, qaysi mahallada hayotga kiradi?” boʻlishi kerak.
Shunda ilmiy grant xarajat emas, investitsiyaga,
akademiya hisobot markazi emas, milliy aql markaziga aylanadi. Olim maslahatchi,
yaratuvchi va taraqqiyot sherigi boʻladi. Fermer esa faqat isteʼmolchi emas,
ilmning hammuallifiga aylanadi. Eng muhimi, xalq ilmning natijasini qogʻozda
emas, oʻz dalasida, xonadoni daromadida, dasturxonida koʻradi.
Ibrohim ABDURAHMONOV,
qishloq xoʻjaligi vaziri,
akademik