Favqulodda vaziyatlar vazirligi maʼlumotiga koʻra, hodisa joriy yilning 6 iyun kuni Boʻstonliq tumanidagi «Chimyon» mahallasi hududida sodir boʻlgan. Soat 18:21 da Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi navbatchilik qismiga ikki nafar fuqaro Katta Chimyon togʻlarida yoʻqolib qolgani haqida xabar kelib tushgan.
Murojaat ortidan qutqaruvchilar zudlik bilan qidiruv ishlariga jalb qilindi. Uch soat davom etgan qidiruv tadbirlari natijasida yoʻqolgan fuqarolarning joylashuvi aniqlanib, ular xavfsiz hududga olib chiqildi.
Maʼlum qilinishicha, fuqarolarga tibbiy yordam koʻrsatishga ehtiyoj boʻlmagan.