Avval buning uchun ta’lim muassasasi va tegishli idoralarga borish, turli hujjat hamda ma’lumotnomalarni yig‘ish talab etilardi. Endi esa mazkur xizmat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga integratsiya qilinib, onlayn shaklga o‘tkazildi.

Xizmatdan 18 yoshga to‘lmagan o‘quvchining ota-onasi yoki vasiyisi foydalanishi mumkin.

Xizmat umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tashkilotlari — maktab, litsey, kollej va texnikumlarga taalluqli.

Ariza berishda qo‘shimcha hujjat talab etilmaydi. Zarur ma’lumotlar idoralararo elektron tizim orqali avtomatik ravishda olinadi. Xizmat bepul ko‘rsatiladi.

Ariza bolalar masalalari bo‘yicha tuman yoki shahar komissiyasi tomonidan 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Qabul qilingan qaror ta’lim tashkilotiga kelib tushganidan so‘ng, o‘quvchi 1 ish kuni ichida elektron tizimdagi o‘quvchilar safidan chiqariladi.

Xizmatdan foydalanish uchun my.gov.uz portali yoki MyGov mobil ilovasiga kirib, «O‘quvchini xorijiy davlatga ketishi munosabati bilan ta’lim tashkiloti o‘quvchilari safidan chiqarish» xizmatini tanlash, o‘quvchini belgilash va elektron so‘rovnomani to‘ldirish lozim.

Ariza tasdiqlanib yuborilgandan so‘ng uning holatini shaxsiy kabinet orqali kuzatish mumkin.