Unda bir qancha iste’dodli bolajonlar ishtirok etib, tomoshabinlarga yangi qo‘shiqlarni taqdim etishdi.
Konsert bolalar uchun ta’lim va san’atni uyg‘unlashtirgan zamonaviy loyiha sifatida katta taassurot qoldirdi. Dastur davomida o‘zbek alifbosidagi harflar va raqamlar qiziqarli sahna yechimlari, yorqin animatsiyalar, musiqiy kompozitsiyalar hamda bolalarning jo‘shqin ijrosi orqali namoyish etildi.
“Quvnoq alifbo” loyihasi bolalarning savodxonligini rivojlantirish, ijodiy tafakkurini boyitish va musiqaga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida yaratilgan.
— Konsert dasturidan 6 yoshli bolalar uchun mo‘ljallangan, alifbo harflari va raqamlarga bag‘ishlangan jami 44 ta qo‘shiq o‘rin oldi, — deydi O‘zbekiston davlat konservatoriyasi dots.nti, “Bulbulcha” bolalar ansambli bosh dirijori O‘ktamjon Shokarimov. — Bu qo‘shiqlarni butun O‘zbekiston bolajonlari kuylashlari mumkin. Biz tajriba tariqasida ovoz imkoniyati yaxshi shakllangan bolalarni saralab oldik va ularga ushbu kuylarni ijro ettirdik. Natijada bolalar ikki oy mobaynida 42 ta qo‘shiqni hech qanday qiyinchiliksiz o‘rganishdi.
Bolajonlar uchun taqdim etilgan ushbu kuy-qo‘shiqlarni YouTube platformasida ikki xil formatda — to‘liq ijro va karaoke tarzida tinglash hamda kuylash imkoniyati mavjud.
Har bir kompozitsiya bolalar imkoniyatiga mos ravishda quvnoq, esda qolarli va ta’limiy ruhda sahnalashtirildi.
Konsertda boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari musiqa rahbarlari, ota-onalar va san’at ixlosmandlari ishtirok etdilar. Tomoshabinlar bolalar ijrosini iliq kutib olib, dastur yakunida uzoq davom etgan olqishlar bilan qo‘llab-quvvatladilar.
— Nabiram ushbu bolalar ansambliga qatnashishni boshlaganiga to‘rt oy bo‘ldi, — deydi ansambl a’zosining buvisi Munavvar Mahmudova. — Bugungi konsert dasturidan juda xursand bo‘ldik. Bolajonlarimizga mana shunday chiroyli bayram va quvonch ulashgan tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
Loyihadagi she’rlar bolalar shoiri Kavsar Turdiyeva qalamiga mansub bo‘lib, musiqalar bastakor va dirijor O‘ktamjon Shokarimov tomonidan yaratilgan.
— Farzandim to‘rt yildan buyon mana shu ansamblda tahsil oladi, — deydi ota-onalardan biri Mohinur Haydarova. — Bu yerdagi mehribon ustozlarning mehnati tufayli o‘g‘lim nafaqat raqs tushishni o‘rgandi, balki undagi nutq bilan bog‘liq ayrim muammolar ham bartaraf bo‘ldi. Jamoada farzandim o‘zini juda erkin his qiladi va mashg‘ulotlarga har doim katta quvonch bilan keladi.
— Men ushbu ansamblga anchadan beri qatnashaman. Bu yerdagi mashg‘ulotlar va raqs tushish menga juda yoqadi, — deydi jajji ijrochi Imona Qayumova. — Bugungi konsertga tayyorgarlik ko‘rish biz uchun qiyin bo‘lmadi. Sahnada bor mahoratimizni ko‘rsatishga harakat qildik. Tengdoshlarim va boshqa bolajonlarga ham shunday to‘garaklarga qatnashishni tavsiya qilaman.
Xulosa qilib aytganda, sahna bolalar uchun nafaqat iqtidorni namoyish etish maydoni, balki ichki hayajon va qo‘rquvlarni yengib, o‘ziga bo‘lgan ishonchni shakllantiradigan o‘ziga xos maktab hamdir. Bolajonlarning ilk hayajonlarini mana shunday mazmunli va quvnoq loyihalar orqali yengib o‘tishi ularning kelajakda erkin va komil inson bo‘lib ulg‘ayishida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, o‘sib kelayotgan yosh avlodni musiqa, raqs va san’at to‘garaklariga yanada keng jalb etish, ularning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir. Zero, san’at bilan oshno bo‘lgan bola qalbida ilmga, go‘zallikka va hayotga bo‘lgan muhabbat erta uyg‘onadi.
Madina Botirjonova,
Zulxumor Akbarova