Hayotimizga shiddat bilan kirib kelayotgan raqamli texnologiyalar kundalik turmush tarzimizni tubdan oʻzgartirib yubordi.
Bu esa har bir
insondan zamon bilan hamnafas boʻlishni, yangi texnologiyalarni oʻzlashtirishni
talab etmoqda. Raqamli savodxonlik deganda faqat kompyuter yoki mobil
qurilmalardan foydalanishni bilish tushunilmaydi. U axborotni izlash va
saralash, ishonchliligini baholash, elektron xizmatlardan unumli foydalanish,
shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish hamda internet makonida xavfsiz
harakatlanish kabi koʻnikmalarni ham qamrab oladi.
Mutaxassislar
taʼkidicha, XXI asrda oʻqish, yozish va hisoblash qatorida raqamli savodxonlik
ham insonning asosiy kompetensiyalaridan biriga aylanmoqda. Chunki bugungi
globallashuv va texnologik taraqqiyot sharoitida muvaffaqiyatga erishish,
munosib ish topish hamda raqobatbardosh boʻlish koʻp jihatdan insonning raqamli
koʻnikmalariga bogʻliq. Shu maʼnoda, raqamli savodxonlik endi shaxsiy rivojlanish
vositasi boʻlish bilan birga jamiyat va davlat taraqqiyotining muhim
omillaridan.
Ilgʻor jamiyat sari
Soʻnggi yillarda
mamlakatimizda raqamlashtirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan
biriga aylandi. “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi doirasida
telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, elektron davlat xizmatlari
koʻlamini kengaytirish, sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda
aholining raqamli koʻnikmalarini oshirish boʻyicha izchil islohotlar amalga
oshirilmoqda. Mazkur strategiya nafaqat iqtisodiyot tarmoqlarini modernizatsiya
qilish, balki davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va fuqarolar uchun
qulay xizmatlar muhitini yaratishga xizmat qilyapti. Jumladan, davlat
xizmatlarining katta qismi elektron shaklda koʻrsatilmoqda.
Raqamli
texnologiyalar vazirligi maʼlumotiga koʻra, 2026-yil boshida Yagona interaktiv
davlat xizmatlari portalida roʻyxatdan oʻtgan foydalanuvchilar soni 12,5
milliondan oshgan. Portalning mobil ilovasida 600 dan ziyod elektron xizmat mavjud
boʻlib, mobil foydalanuvchilar soni 7,5 milliondan ortiqni tashkil etmoqda.
Joriy yilda raqamli davlat xizmatlarini yanada kengaytirish maqsadida ularning
sonini 900 taga yetkazish, 50 dan ortiq xizmatda sunʼiy intellekt
texnologiyalarini joriy etish, biznesni roʻyxatdan oʻtkazish, bank kartalari va
SIM kartalarni rasmiylashtirish kabi jarayonlarni toʻliq raqamlashtirish
rejalashtirilgan.
Mamlakatimizda
raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasidagi natijalar ham eʼtiborga molik.
Bugun AT parki rezidentlari soni 2800 dan oshgan. Ularning 750 dan ortigʻi
xorijiy kompaniyalardir. Axborot texnologiyalari sohasida 40 mingga yaqin yosh
faoliyat yuritmoqda, AT xizmatlari eksporti qiymati esa soʻnggi besh yilda
qariyb bir milliard dollarga yetdi. Bu koʻrsatkichlar fuqarolarning raqamli
xizmatlarga ehtiyoji va ishonchi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
Eng muhimi, raqamlashtirish natijasida koʻplab hujjatlar, maʼlumotnomalar,
toʻlovlar va murojaatlar bir necha daqiqada elektron tarzda bajarilmoqda. Natijada
vaqt tejalib, byurokratik toʻsiqlar qisqarmoqda, davlat xizmatlarining
ochiqligi va shaffofligi esa yangi bosqichga koʻtarilmoqda.
Internet —
imkoniyatlar maydoni
Raqamli savodxonlik
rivojlanishida internet muhim oʻrin tutadi. Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda
internet qamrovi va undan foydalanuvchilar soni barqaror oʻsib bormoqda.
Maʼlumotlarga qaraganda, 2026-yilga kelib, yurtimizda global tarmoq
foydalanuvchilari soni 33 milliondan oshdi. Bu aholining qariyb 89-94 foizi
degani. Mobil aloqa ulanishlari soni esa 34 milliondan ortiqni tashkil etmoqda.
Bu koʻrsatkichlar internetning jamiyat hayotiga tobora chuqur kirib
borayotganidan dalolat. Bugun oʻquvchilar va talabalar onlayn taʼlim
platformalaridan foydalanmoqda, tadbirkorlar elektron tijorat orqali yangi
bozorlarga chiqmoqda, olimlar va mutaxassislar xalqaro axborot resurslari bilan
ishlamoqda, fuqarolar esa koʻplab davlat xizmatlarini masofadan turib olmoqda.
Yaʼni zamonaviy hayotning deyarli barcha jabhasi raqamli muhit bilan uzviy
bogʻliq.
Ammo internetdan
foydalanish imkoniyati mavjudligi har doim ham undan samarali va xavfsiz
foydalanish koʻnikmasi shakllanganini anglatmaydi. Bugun axborotni saralash,
ishonchliligini baholash, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish hamda
kiberxavfsizlik qoidalariga amal qilish masalalari tobora dolzarb ahamiyat kasb
etmoqda. Mutaxassislar taʼkidlaganidek, raqamli infratuzilmani rivojlantirish
bilan bir qatorda jamiyatda raqamli madaniyat va mediasavodxonlikni
yuksaltirish ham ustuvor vazifalardan. Internet imkoniyatlar maydoni boʻlishi
bilan birga undan oqilona foydalanishni ham talab etadi. Shu bois, raqamli
savodxonlik bugun nafaqat texnologiyalarni bilish, balki axborot bilan ishlash
madaniyatini shakllantirish masalasidir.
Soxta axborotlar
davrida tanqidiy fikrlash zarurati
Raqamli
texnologiyalar — katta imkoniyat. Biroq axborot oqimining keskin ortishi bilan
bogʻliq yangi xavf-xatarlar ham mavjud. Ayniqsa, sunʼiy intellekt
texnologiyalari ommalashuvi natijasida soxta axborotlar, manipulyativ
materiallar va yolgʻon mahsulotlar tobora koʻpaymoqda. Endi oddiy rasm, audio
yoki videoning haqiqiyligini aniqlash ham ancha murakkab. Xalqaro tadqiqotlarda
kiberfiribgarlik, shaxsiy maʼlumotlarni oʻgʻirlash va sunʼiy intellekt
yordamida yaratilgan soxta kontent global miqyosdagi eng jiddiy raqamli
tahdidlardan biri sifatida baholanayotgani bejiz emas. Mutaxassislar fikricha,
ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan tekshirilmagan maʼlumotlar jamoatchilik
fikriga, ijtimoiy barqarorlikka va hatto iqtisodiy jarayonlarga salbiy taʼsir
koʻrsatishi mumkin. Bunday sharoitda raqamli savodxonlik faqat texnik
koʻnikmalar bilan cheklanib qolmaydi. U, avvalo, axborotni tanqidiy tahlil
qilish, manbalarni solishtirish, maʼlumot ishonchliligini tekshirish va yolgʻon
xabarlardan himoyalanishni ham qamrab oladi. Har bir fuqaro internetda
uchraydigan har qanday maʼlumotni darhol qabul qilmay, uning manbasi, maqsadi
va haqqoniyligini baholash koʻnikmasiga ega boʻlishi zarur.
Shuningdek, shaxsiy
maʼlumotlarni himoya qilish, kuchli parollardan foydalanish, ikki bosqichli
autentifikatsiyani qoʻllash va kiberxavfsizlik qoidalariga amal qilish
bugunning muhim talablaridan. Chunki raqamli makondagi beparvolik nafaqat
shaxsiy maʼlumotlarning yoʻqolishiga, balki moliyaviy zarar va boshqa salbiy
oqibatlarga ham olib kelishi mumkin. Mutaxassislar taʼkidlaganidek, kelajakda
axborot bilan ishlash madaniyati va tanqidiy fikrlash koʻnikmalari oʻqish va
yozish kabi muhim kompetensiyalardan biriga aylanadi. Zero, raqamli davrda eng
qimmat resurs axborot boʻlsa, uni toʻgʻri tahlil qilish va undan oqilona
foydalanish muvaffaqiyatning muhim omilidir.
Kelajak
kasblarining kaliti
Bugun mehnat
bozorida raqamli koʻnikmalarga ega mutaxassislarga talab jadal surʼatda ortib
bormoqda. Dasturlash, maʼlumotlar tahlili (Data Analytics), kiberxavfsizlik,
sunʼiy intellekt, robototexnika, bulutli texnologiyalar, raqamli marketing va
elektron tijorat kabi yoʻnalishlar eng istiqbolli kasblar qatoridan joy
olmoqda. 2030-yilgacha sunʼiy intellekt va raqamlashtirish natijasida
millionlab yangi ish oʻrinlari ochiladi. Ayni paytda ayrim anʼanaviy kasblar
mazmunan oʻzgaradi yoki avtomatlashtiriladi. Oʻzbekistonda ham AT sohasi
iqtisodiyotning eng tez rivojlanayotgan tarmoqlaridan biriga aylanmoqda.
Soʻnggi yillarda axborot texnologiyalari sohasida ochilayotgan yangi ish
oʻrinlari soni ham izchil ortgan. Yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlash
maqsadida AT parklaridan tashqari “Bir million oʻzbek dasturchisi”, “Besh
million sunʼiy intellekt yetakchisi” loyihalari, oʻquv markazlari hamda oliy taʼlim
muassasalarida axborot texnologiyalariga oid taʼlim dasturlari keng joriy
etilmoqda. Natijada minglab yoshlar xalqaro AT kompaniyalari va xorijlik
buyurtmachilar bilan masofadan turib ishlash imkoniyatiga ega boʻlmoqda.
Yaqin yillarda
sunʼiy intellekt ayrim takrorlanuvchi vazifalarni avtomatlashtirishi mumkin.
Biroq bu jarayon yangi texnologiyalarni boshqaradigan, maʼlumotlar bilan
ishlaydigan, kreativ va tanqidiy fikrlay oladigan mutaxassislarga ehtiyojni
yanada oshiradi. Shu bois, bugungi yoshlar uchun raqamli koʻnikmalarni egallash
nafaqat sifatli taʼlim olish, balki kelgusida munosib ish topish va mehnat
bozorida raqobatbardosh boʻlishning muhim shartiga aylanmoqda. Kelajak
kasblarining kaliti raqamli texnologiyalarni puxta egallash va amaliyotda
samarali qoʻllay olishda namoyon boʻladi. Yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti uchun
ham aynan zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega, innovatsion fikrlaydigan yosh
kadrlar eng muhim strategik resurs.
Taʼlim tizimi
oldidagi muhim vazifa
Raqamli
savodxonlikni shakllantirish taʼlim tizimidan boshlanadi. Soʻnggi yillarda
maktablar yuqori tezlikdagi internet bilan taʼminlanib, elektron taʼlim
platformalari, raqamli kutubxonalar va masofaviy taʼlim vositalaridan
foydalanish imkoniyati kengaygan. Ayniqsa, taʼlim islohotlari natijasida
axborot texnologiyalari va xorijiy tillarni oʻqitishga alohida eʼtibor
qaratilyapti. Umumtaʼlim maktablarida informatika fanining mazmuni yangilanib,
dasturlash, robototexnika va sunʼiy intellekt asoslarini oʻrgatishga qaratilgan
zamonaviy oʻquv dasturlari bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.
Joriy yilga kelib
mamlakatimizda oliy taʼlimga qamrov darajasi 50 foizdan oshdi, axborot
texnologiyalari yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim olayotgan talabalar soni esa bir
necha barobar koʻpaydi. Oliy taʼlim muassasalarida sunʼiy intellekt,
maʼlumotlar tahlili, kiberxavfsizlik va dasturiy injiniring kabi yoʻnalishlar
boʻyicha yangi taʼlim dasturlari yoʻlga qoʻyildi. Bu esa raqamli iqtisodiyot
uchun malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga,
zamonaviy texnologiyalarni taʼlim jarayoniga olib kirishning oʻzi yetarli emas.
Muhimi, oʻquvchilarda axborot bilan ishlash madaniyati, mustaqil izlanish
koʻnikmalari, mediasavodxonlik va tanqidiy fikrlash kompetensiyalarini
shakllantirishdir. Chunki kelajakda muvaffaqiyatga erishadigan yoshlar nafaqat
texnologiyalardan foydalana oladigan, balki axborotni tahlil qiladigan,
muammolarga innovatsion yechim topadigan va yangilik yaratishga qodir
mutaxassislar boʻladi. Xalqaro ekspertlar ham inson kapitali va raqamli
koʻnikmalarni zamonaviy taraqqiyotning asosiy omili sifatida eʼtirof etmoqda.
Shu maʼnoda, Oʻzbekistonda taʼlim sohasidagi keng qamrovli islohotlar
mamlakatning uzoq muddatli raqobatbardoshligini taʼminlashga xizmat qilyapti.
Demak, bugunning eng muhim vazifasi nafaqat internet tarmoqlari va zamonaviy
texnologiyalarni kengaytirish, balki ulardan samarali foydalana oladigan,
raqamli madaniyatga ega, bilimli va tashabbuskor avlodni tarbiyalashdir. Zero,
yangi Oʻzbekistonning ertangi taraqqiyoti aynan bugun taʼlim olayotgan
yoshlarning bilimi va salohiyatiga bevosita bogʻliq.
Taraqqiyot
poydevori
Raqamlashtirish
aholiga qulaylik yaratish, davlat xizmatlari shaffofligini taʼminlash va inson
omili bilan bogʻliq ortiqcha byurokratik jarayonlarni qisqartirayotgani rost.
Bu esa davlat va jamiyat oʻrtasidagi munosabatlarning yangi bosqichga
koʻtarilayotganidan dalolat beradi. Biroq har qanday texnologik yutuq markazida
inson omili turadi. Eng zamonaviy serverlar, yuqori tezlikdagi internet
tarmoqlari yoki sunʼiy intellekt tizimlari qanchalik rivojlangan boʻlmasin,
ulardan oqilona va samarali foydalana oladigan fuqarolar boʻlmasa, kutilgan
natijaga erishish mushkul. Shu bois, endi raqamli savodxonlik bilan birga
raqamli madaniyatni shakllantirish masalasi ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Raqamli madaniyat, avvalo, internet va axborot resurslaridan masʼuliyat bilan
foydalanish, axborot xavfsizligi qoidalariga amal qilish, shaxsiy maʼlumotlarni
himoyalash, mualliflik huquqini hurmat qilish hamda virtual makonda muloqot
etikasiga rioya etishni anglatadi. Ayniqsa, sunʼiy intellekt va ijtimoiy
tarmoqlar davrida axborotni tanqidiy baholash, yolgʻon xabarlarni ajrata olish
va ishonchli manbalarga tayanish har bir fuqaro uchun muhim koʻnikmaga
aylanmoqda. Raqamli iqtisodiyotning muvaffaqiyati nafaqat texnologik
infratuzilma, balki jamiyatning raqamli madaniyati darajasi bilan ham
belgilanadi. Shuning uchun ham bugun maktabdan tortib, oliy taʼlimgacha, davlat
tashkilotlaridan xususiy sektorgacha boʻlgan barcha boʻgʻinda raqamli
madaniyatni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Dunyo yangi
taraqqiyot bosqichiga qadam qoʻymoqda. Bu sharoitda raqamli savodxonlik
qoʻshimcha afzallik emas, balki zamonaviy hayotning ajralmas talabi va
muvaffaqiyat garoviga aylanayotir. Shu bois, raqamli koʻnikmalarga investitsiya
kiritish kelajakka investitsiya kiritish demak. Bugungi davr qahramonlari
zamonaviy bilimlarga ega, texnologiyalarni puxta egallagan, tanqidiy
fikrlaydigan va innovatsion gʻoyalarni hayotga tatbiq eta oladigan yoshlardir.
Yangi Oʻzbekistonning ertangi kuni ham aynan ana shunday intellektual
salohiyatli, raqamli madaniyatga ega avlod qoʻlida bunyod etiladi. Zero,
raqamli savodxonlik nafaqat bugunning talabi, balki ertangi taraqqiyotning
ishonchli poydevori.
Akbar SAFAROV,
Oliy taʼlimni
rivojlantirish va
global hamkorlik markazi
boshqarma boshligʻi