Hujjatni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 4-avgustda qabul qilgan, Senat 8-avgustda ma'qullagan edi. Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan olti oy o'tgach kuchga kiradi. Uning ortida esa mamlakatimiz huquq tizimida kamdan kam uchraydigan voqea turibdi, va bu voqeaning mazmunini sodda tilda tushuntirish, o'ylashimcha, huquqshunoslarning burchidir.
Boshlanishida hujjatning maqomiga e'tibor qaratish kerak. Bu — oddiy qonun emas, Konstitutsiyaviy qonun. Bizning huquq tizimimizda Konstitutsiyadan keyingi eng yuqori yuridik kuchga ega hujjat aynan shu. U parlamentda malakali ko'pchilik ovozi bilan qabul qilinadi va uni o'zgartirish ham xuddi shunday murakkab tartibda amalga oshiriladi. Ya'ni davlat bu yerda oddiy va'da emas, balki eng og'ir shakldagi majburiyat oldi. Sarmoyador uchun ko'pincha qonun matnidan ko'ra uning darajasi muhimroq bo'ladi: hukumat qarori bir kechada o'zgarishi mumkin, konstitutsiyaviy qonun esa yo'q. Xalqaro amaliyotda buni huquqiy barqarorlik signali deb ataymiz. Bu safar signal juda kuchli berildi.
"Enterprise Uzbekistan" nomi bilan tashkil etilgan Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi shunchaki texnopark yoki imtiyozli hudud emas. Bu — O'zbekiston hududida joylashgan, ammo o'zining alohida huquqiy rejimiga ega bo'lgan yurisdiksiya. Markaz hududida qanday huquq amal qilishi Konstitutsiyaviy qonunning 2-moddasida aniq ustuvorlik tartibida sanab o'tilgan. Eng avvalo — O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. So'ng ushbu Konstitutsiyaviy qonunning o'zi, Prezident farmonlari va Markazning o'z qarorlari. Zarur hollarda esa, bularning barchasiga zid bo'lmagan taqdirda, Angliya va Uelsning umumiy huquqi hamda adolat prinsiplari qo'llaniladi. Natijada chet ellik tadbirkor o'zi o'rgangan, dunyoning yetakchi moliyaviy markazlarida asrlar davomida sinovdan o'tgan huquqiy tilda muzokara olib boradi, shartnoma tuzadi va nizosini hal qiladi. Bu — huquqni oddiygina "import qilish" emas, uni raqobat vositasiga aylantirishdir.
Shu o'rinda muhim izohni darhol berish lozim. Markaz "davlat ichidagi davlat" degani emas. Konstitutsiyaviy qonun bir qator sohalarni maxsus rejim doirasidan aniq chiqarib tashlagan. Milliy xavfsizlik, mudofaa, jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash, immigratsiya nazorati, oila munosabatlari, atrof-muhitni muhofaza qilish, favqulodda holat, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va fuqarolar sog'lig'ini saqlash sohalarida O'zbekiston qonunchiligi to'liq amal qiladi. Suveren nazorat saqlanib qolgan. O'zgargani — tijorat munosabatlarining texnikasi.
Markazning faoliyat doirasi bugungi iqtisodiyotning eng tez o'sayotgan qismini qamrab oladi. Bular — dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish, biznes-jarayonlarni autsorsing qilish, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari, kompyuter o'yinlari va raqamli kontent yaratish, sun'iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish, ma'lumotlarni qayta ishlash markazlari va bulutli tizimlarni boshqarish, shuningdek raqamli sohadagi ta'lim faoliyati.
Qonunning eng nafis ixtirolaridan biri — "Tartibga solish qumdoni" instituti. Uning mohiyati sodda. Yangi texnologiya yoki xizmat keng bozorga chiqishidan avval nazorat ostidagi, chegaralangan muhitda haqiqiy iste'molchilar bilan sinovdan o'tkaziladi. Sinov davrida ishtirokchi ayrim talablardan, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillaridan vaqtincha ozod etiladi, Markazning tadqiqot laboratoriyalari va ekspert maslahatlaridan foydalanadi. Muddat, qoida tariqasida, o'n ikki oydan oshmaydi. Natija ijobiy baholansa, loyiha Markaz hududida to'liq joriy etiladi yoki bosqichma-bosqich kengaytiriladi, hatto butun mamlakat miqyosida qo'llash bo'yicha vakolatli organlarga taklif kiritiladi. Bu — huquqning innovatsiyadan orqada qolishi muammosiga topilgan eng aqlli javoblardan biri. Qonun endi yangilikni to'sib qo'ymaydi, balki uni kuzatib boradi.
Iqtisodiy shart-sharoitlar ham juda aniq belgilangan. Markaz ishtirokchilari va ularning xodimlari uchun uchtadan boshqa barcha soliq va yig'imlar bekor qilinadi: qo'shilgan qiymat solig'i, foyda solig'i va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig'i. Eksportga nol darajali QQS stavkasi qo'llaniladi. Ustuvor yo'nalishlar bo'yicha olingan daromad foyda solig'idan ozod. O'zbekiston fuqarolari bo'lgan xodimlarning ish haqiga 7,5 foizli, chet ellik oddiy xodimlarga esa 12 foizli daromad solig'i belgilangan; yuqori malakali chet el mutaxassislari bu soliqdan umuman ozod etiladi. Investorlar — jismoniy shaxs bo'ladimi, yuridik shaxsmi — investitsiya faoliyatidan olingan dividend va boshqa daromadlari bo'yicha soliq to'lamaydi. Bojxona tomonida ham xuddi shunday yondashuv: uskunalar, dasturiy ta'minot, materiallar va namunalar olib kirilganda QQS hamda bojxona boji undirilmaydi, deklaratsiyalar raqamli platforma orqali elektron shaklda topshiriladi va ikki ish kunidan oshmagan muddatda ko'rib chiqiladi. Bularning barchasini bir jumlaga jamlash mumkin: davlat bu yerda daromadni emas, ekotizimni yig'moqda.
Ammo tajribali sarmoyadorni soliq stavkasidan ko'ra mulkining taqdiri ko'proq qiziqtiradi. Aynan shu sababli men Konstitutsiyaviy qonunning 31-moddasini butun hujjatning yuragi deb hisoblayman. Unga ko'ra Markaz ishtirokchilarining mablag'lari, aktivlari, investitsiyalari va mulkiy huquqlarini musodara qilish, natsionalizatsiya qilish, ekspropriatsiya qilish, sekvestrlashtirish yoki muzlatish taqiqlanadi. Istisnolar sanoqli: Toshkent xalqaro tijorat sudining yakuniy va majburiy kuchga ega hal qiluv qarori, jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurash, sanksiyalar hamda to'lovga qobiliyatsizlik masalalari. Har qanday chora qonuniy, mutanosib bo'lishi va tegishli protsessual kafolatlar bilan qo'llanilishi shart, ustiga-ustak sud tartibida qayta ko'rib chiqilishi mumkin. Eng muhimi esa shundaki, bu himoya choralarini Markazdan tashqaridagi biror davlat organi o'z hujjati bilan kamaytira olmaydi; bunday hujjat Markaz hududida yuridik kuchga ega bo'lmaydi. Bunga 4-moddadagi qoidani qo'shing: taqdim etilgan imtiyoz va preferensiyalar kafolatlanadi, ularni yomonlashtiradigan tarzda o'zgartirish yoki muddatidan avval to'xtatish yo'l qo'yilmaydi. Va nihoyat, maxsus huquqiy rejimning amal qilish muddati — 2100-yilgacha. Bu raqamni birinchi marta o'qiganimda beixtiyor to'xtab qoldim. Davlat bir avlodga emas, kamida uch avlodga gapirmoqda.
Xuddi shunday jasoratli qadam 6 va 7-moddalarda aks etgan. Agar Markaz sub'ekti tomonidan sodir etilgan va valyuta, bojxona, soliq, raqobat yoki savdo qoidalari bilan bog'liq bo'lgan xatti-harakat o'z mohiyatiga ko'ra tijorat yoki fuqarolik-huquqiy nizoni ifodalasa hamda Markazning o'z qarorlari doirasida hal etilishi mumkin bo'lsa, Markaz ma'muriyati birinchi navbatda iqtisodiy, fuqarolik-huquqiy va ma'muriy ta'sir choralarini qo'llaydi, bunday materiallarni esa huquqni muhofaza qilish organlariga yubormaydi. Sodda qilib aytganda, xo'jalik nizosining jinoiy ishga aylanib ketishiga yo'l qo'yilmaydi. Xalqaro maydonda O'zbekistonga eng ko'p beriladigan e'tirozlardan biri aynan shu edi, endi javob qonun matnida turibdi. Tabiiyki, haqiqiy jinoyat — firibgarlik, korrupsiya, inson hayoti va sog'lig'iga zarar yetkazish — bu himoyaning tashqarisida qoladi, bunday hollarda vakolatli organlar bilan to'liq hamkorlik qilinadi.
Kasbiy nuqtai nazarimdan hujjatning eng qiziq qismi — nizolarni hal etish tartibi. 77-moddaga ko'ra Markazning maxsus huquqiy rejimi doirasida yuzaga keladigan nizolarni Toshkent xalqaro tijorat sudi ko'rib chiqadi. Bu sud O'zbekiston sud tizimiga kirmaydi va "Toshkent xalqaro moliya markazi to'g'risida"gi Konstitutsiyaviy qonun asosida tashkil etilgan mustaqil ixtisoslashtirilgan sud hisoblanadi. Uning yurisdiksiyasi keng: Markaz sub'ektlari o'rtasidagi fuqarolik, iqtisodiy, korporativ va mehnatga oid nizolar; Markaz hududidagi mol-mulk bilan bog'liq ishlar; to'lovga qobiliyatsizlik, bankrotlik, qayta tashkil etish va majburiyatlarni restrukturizatsiya qilish masalalari; taraflarning kelishuviga ko'ra ushbu sudga topshirilgan har qanday nizo; shuningdek Markaz organlarining qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi ustidan berilgan shikoyatlar. Demak, tadbirkor faqat o'z sherigi bilan emas, regulyator bilan ham teng huquqli taraf sifatida sud oldida bahslasha oladi. Bu — huquqiy davlat tamoyilining eng sof ko'rinishi.
Arbitraj sohasidagi vakolatlar alohida e'tiborga loyiq. Toshkent xalqaro tijorat sudi hakamlarni tayinlash va chetlatish, vaqtinchalik ta'minlash choralarini qo'llash, arbitraj qarorlarini bekor qilish, tan olish va ijro etish masalalarini hal qiladi. Xalqaro arbitraj amaliyotidan yaxshi bilamanki, taraflarni ko'proq tashvishga soladigan narsa hakamlik muhokamasining o'zi emas, balki uning natijasi qanday ijro etilishidir. Qaror qog'ozda qolib ketsa, butun jarayonning qadri yo'qoladi. Endi bu zanjir yopildi: nizo arbitrajda ko'riladi, sud arbitrajni qo'llab-quvvatlaydi va nazorat qiladi, qaror esa Toshkent xalqaro moliya markazi to'g'risidagi Konstitutsiyaviy qonunda belgilangan tartibda ijro etiladi. Aynan shu uzluksizlik — sudlovdan ijrogacha bo'lgan silliq yo'l — xalqaro biznesning ishonchini qozonadigan asosiy omildir. Bu tizim, o'z navbatida, muzokara, murosa va mediatsiya kabi sulh usullariga ham keng maydon ochadi. Yaxshi ishlaydigan sud har doim yaxshi ishlaydigan muzokaraning eng kuchli rag'batidir, chunki taraflar sud qarori qanday bo'lishini oldindan taxmin qila olsagina, kelishuvga borishga tayyor bo'ladi.
Shu nuqtada Markazning Toshkent xalqaro moliya markazi bilan bog'liqligi yaqqol ko'rinadi. Ular bir-birini takrorlamaydi, balki to'ldiradi. Moliya markazi — kapital, bank, sug'urta va qimmatli qog'ozlar infratuzilmasi. Raqamli texnologiyalar markazi — texnologiya, iste'dod va intellektual mulk infratuzilmasi. Toshkent xalqaro tijorat sudi esa ikkalasi uchun umumiy bo'lgan huquqiy tayanch vazifasini bajaradi. Konstitutsiyaviy qonunda to'g'ridan-to'g'ri belgilanganidek, moliya markazi ishtirokchilari Markaz rezidentlariga bank va boshqa moliyaviy xizmatlar ko'rsatishi mumkin, Markaziy bank bilan kelishilgan holda Markaz hududida chet el banklari filiallarini ochishga yo'l qo'yiladi. Boshqacha aytganda, poytaxtimizda bir-biriga ulangan va bir-birini mustahkamlaydigan uchta institut shakllanmoqda: moliya, texnologiya va odil sudlov. Xalqaro tajriba shuni ko'rsatadiki, bunday uchlik yaxlit holda ishlagan joydagina haqiqiy natija beradi.
Qonunning yana bir jihati — u faqat kapital haqida emas, odam haqida ham qayg'uradi. Markaz hududida majburiy mehnat, bolalar mehnati, ekspluatatsiyaning har qanday shakli va odam savdosidan foydalanish qat'iyan taqiqlanadi. Xalqaro Mehnat Tashkilotining ratifikatsiya qilingan konvensiyalari, kamsitmaslik va inklyuziv ish muhiti talablari majburiy hisoblanadi. Ayni paytda mehnatni tashkil etishda moslashuvchanlikka keng yo'l ochilgan: moslashuvchan ish jadvali, masofadan ishlash, soatbay va bonusli haq to'lash tizimlari. Ta'lim sohasida chet el universitetlarining filiallari va o'quv dasturlari davlat standartlariga majburiy moslashtirilmagan holda qo'llanilishi mumkin, biroq mamlakat suvereniteti, hududiy yaxlitligi, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va ijtimoiy axloqni himoya qiluvchi chegaralar aniq belgilab qo'yilgan. Sun'iy intellekt sohasida ilmiy-tadqiqot va xalqaro hamkorlik erkinligi kafolatlanadi, shaxsga doir ma'lumotlarni qayta ishlash va himoya qilish xalqaro standartlar darajasiga chiqariladi, intellektual mulk huquqlari alohida mexanizmlar bilan mustahkamlanadi. Markazning rasmiy ish yuritish tili — ingliz tili, hujjatlarning davlat tiliga tarjimasi esa ma'muriyat tomonidan ta'minlanadi.
Xulosa o'rnida shuni aytmoqchiman. So'nggi yillarda "raqamli iqtisodiyot" iborasini shu qadar ko'p eshitdikki, u ba'zan mazmunini yo'qotgandek tuyuladi. Aslida esa raqamli iqtisodiyotning eng noyob resursi server ham, kabel ham, hatto dasturchi ham emas. Uning eng noyob resursi — ishonch. Kapital chegaradan bir soniyada o'tadi, iste'dod esa samolyot chiptasi bilan o'tadi. Ularning ikkalasi ham faqat bitta narsani izlaydi: ertaga qoidalar o'zgarmasligiga va nizo yuzaga kelganda uni adolatli, tez hamda oldindan taxmin qilinadigan tarzda hal etib beradigan sud borligiga ishonch. Mana shu ishonchni sotib bo'lmaydi, uni faqat qurish mumkin. 19-avgust kuni imzolangan Konstitutsiyaviy qonun — ana shu qurilishning poydevoridir.
Endi eng qiyin bosqich qoldi. Hujjat kuchga kirgunga qadar olti oy, Markaz o'z qarorlarini ishlab chiqishi uchun esa yana olti oy vaqt bor. Qonun matni qanchalik zamonaviy bo'lmasin, uning taqdirini amaliyot hal qiladi: birinchi sud ishlari, birinchi arbitraj qarorlari, birinchi ijro hujjatlari. Bugun huquqshunoslar hamjamiyati oldida aynan shu vazifa turibdi. Chunki qonun matnda emas, hayotda yashaydi.
Islambek Rustambekov,
TDYU prorektori,
yuridik fanlari doktori, professor,
xalqaro arbitr va mediator